1. Uch marta “Astag‘firulloh” deb, so‘ngra ushbu duoni o‘qish:
اللَّهُمَّ أَنْتَ السَّلامُ وَمِنْكَ السَّلامُ تَبَارَكْتَ ذَا الْجَلالِ وَالإِكْرَام
“Allohumma antas salaam va minkas salaam. Tabaarokta yaa zal Jalaali val Ikrom”
“Yo Alloh! Sen Salomsan. Omonlik Sendandir. Ey, buyuklik va ikrom Sohibi bo‘lgan Zot, Sen ulug‘san”.
2. Oyatal – kursiyni o‘qish. Har farz namozidan so‘ng Oyatal-kursiyni o‘qib yurgan kishini jannatdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi.
3. “Subhanalloh”, “Alhamdulillah” va “Allohu akbar”ni o‘ttiz uch martadan aytib, bir marotaba “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu. Lahul mulku va lahul hamdu va huva a’la kulli shayin qodiyr”ni o‘qish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta (Subhanalloh) Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta (Alhamdulillah) Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta “Allohu akbar” desa, jami to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzta bo‘lishi uchun – “Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr” deb aytsa, gunohlari dengiz ko‘pigi kabi ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi» (Imom Muslim rivoyati) dedilar.
4. Quyidagi zikrni o‘qish:
لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك وله الحمد وهو على كل شيء قدير. اللهم لا مانع لما أعطيت ولا معطي لما منعت ولا ينفع ذا الجد منك الجد
“Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr. Allohumma laa maania’ lima a’toyta va laa muti’a lima mana’ta va laa”.
“Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U Yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘q. Mulk va maqtov Unga xosdir. U barcha narsaga qodirdir.”
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim «Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr», deb o‘n marta aytsa, Ismoil zurriyotidan to‘rt kishini ozod qilgandek bo‘ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim: «Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr», deb bir kunda yuz marta aytsa, o‘nta qul ozod qilgan barobarida bo‘libdi. Unga yuzta hasanot yozilib, yuzta yomonligi o‘chiriladi, kech kirgunicha shaytondan omonda bo‘ladi. Uning bu amalidan afzalroq ishni hech kim qila olmaydi. Faqat shu kalimalarni ko‘proq aytgan kishi o‘zib ketishi mumkin”, dedilar.
5. Quyidagi zikrni o‘qish:
لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك وله الحمد وهو على كل شيء قدير لا حول ولا قوة إلا بالله، لا إله إلا الله ولا نعبد إلا إياه له النعمة وله الفضل وله الثناء الحسن ولا إله إلا الله مخلصين له الدين ولو كره الكافرون
“Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva a’la kulli shayin qodiyr. Laa havla va laa quvvata illa billah. Laa ilaha illallohu va laa na’budu illa iyyahu lahun nimatu va lahul fazlu va lahus sanaul husna. Va laa ilaha illallohu muxlisiyna lahud diyn va lav karihal kaafiriyn”
6. Ushbu duoni o‘qish:
اللهم أعني على ذكرك وشكرك وحسن عبادتك
“Allohumma a’inniy ’alaa zikrika va shukrika va husni ’ibaadatik”
“Allohim! O‘zingni zikr qilish, shukr qilish va Senga chiroyli ibodat qilishimda madad ber”.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan tutib, “Ey Muoz, Allohga qasamki, men seni yaxshi ko‘raman”, dedilar. “Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Allohga qasamki, men ham sizni yaxshi ko‘raman”, dedim. U zot alayhissalom: “Ey Muoz, har (farz) namozdan so‘ng: “Allohumma, a’inniy ’alaa zikrika va shukrika va husni ’ibaadatik” deb aytgin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozdan keyin bunday duo qilar edilar:
“Allohumma, inniy a’uuzu bika minal jubni val buxl va a’uuzu bika min fitnatid dunya va a’uzu bika min fitnatil qobr”
“Allohim, qo‘rqoqlikdan, baxillikdan panoh so‘rayman. Dunyo fitnasidan panoh so‘rayman. Qabr fitnasi (qabrda ikki farishtaning savollariga javob bera olmay qiynalish)dan panoh so‘rayman” (Imom Buxoriy rivoyati).
7. Ixlos, Falaq va Nas suralarini o‘qish: Bomdod va Shom namozlaridan so‘ng uch martadan o‘qiladi.
8. Quyidagi zikrni Bomdod va Shom namozlaridan so‘ng o‘n martadan o‘qish:
لا إله إلا الله وحده لا شريك له له الملك وله الحمد يحيي ويميت وهو على كل شيء قدير
“Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu yuhyii va yumiytu va huva a’laa kulli shayin qodiyr”.
“Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U Yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘q. Mulk va maqtov Unga xosdir. U barcha narsaga qodirdir”.
9. Tasbehlarni o‘ng qo‘l bilan sanash. O‘ng qo‘l bilan sanash afzaldir.
10. Mazkur zikrlarni namoz o‘qigan joyda qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir tasbeh (Subhanalloh) sadaqadir[1]. Har bir takbir (Allohu akbar) sadaqadir. Har bir tahmid (Alhamdulillah) sadaqadir. Har bir tahlil (Laa ilaha illalloh) sadaqadir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu ko‘chat o‘tkazayotganlarida yonlaridan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tib qoldilar va aytdilar: “Ey Abu Hurayra, seni sening uchun bundan-da yaxshi narsaga dalolat qilaymi?”.
U kishi: “Ha, ayting, yo Rasululloh”, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhanalloh, Allohu akbar, Alhamdulillah, Laa ilaha illalloh degin, har biriga sening uchun jannatda bir daraxt o‘tkaziladi”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Ushbu zikrlar namozda bo‘lgan nuqson, kamchiliklarning o‘rnini to‘ldiradi.
2026 yil 4 noyabr kuni O‘mon Sultonligi poytaxti Masqat shahrida «O‘zbekiston — O‘mon: madaniy aloqalar. Movarounnahr — asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi» mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xorijiy taqdimotlari turkumini davom ettirdi. Ushbu uchrashuvlar davlatimiz rahbarining islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish tashabbusi doirasida o‘tkazilmoqda.
Simpozium ochilishidan avval faxriy mehmonlar Markaz tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar. Ekspozitsiyani birinchilardan bo‘lib simpoziumning faxriy mehmoni — O‘mon Sultonligi Vaqflar va diniy ishlar vaziri doktor Muhammad bin Said bin Xalfon Maamariy tomosha qildi. U bilan birga Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi bosh kotibi Habib bin Muhammad Riyomiy, O‘mon Sultonligi Davlat kengashi a’zosi doktor Muhammad Said Amur Hajriy, shuningdek, ilmiy va madaniy doiralar vakillari ham ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning tarixiy, ilmiy, ma’naviy va badiiy merosi bilan tanishtiruvchi 150 dan ortiq kitob nashrlari, shuningdek, miniatyuralar, haykaltaroshlik namunalari va boshqa eksponatlar namoyish etildi. Markazning noshirlik loyihalari hamda Movarounnahr merosini o‘rganish va ommalashtirish borasidagi faoliyati mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Simpozium O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi elchixonasi tomonidan Markaz Ilmiy kengashi a’zolari ishtirokida tashkil etildi. Forumda 250 nafarga yaqin ishtirokchi, jumladan, senatorlar, davlat muassasalari, ilmiy va madaniy tashkilotlar vakillari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar elchilari, ikki mamlakatning taniqli olimlari va madaniyat arboblari qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov hamda Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi bosh kotibi Habib bin Muhammad Riyomiy qutlov so‘zlari bilan ishtirok etdilar. Dastur doirasida qatnashchilarga Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati va loyihalari haqida videotaqdimot namoyish qilindi.
Ilmiy sessiyada o‘monlik va o‘zbekistonlik olimlar ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. O‘mon tomonidan ma’ruzachilar qatorida O‘mon Sultonligi Davlat kengashi a’zosi doktor Muhammad Said Amur Hajriy hamda Sulton Qobus universiteti professori, media va intellektual dasturlar bo‘yicha maslahatchi va ekspert doktor Saif bin Solim bin Saif Hodiy ishtirok etdi. Doktor Hodiy o‘z ma’ruzasini O‘mon jamiyatida tinch-totuv hamjihatlikda yashash masalasiga bag‘ishladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov O‘zbekiston va O‘mon qo‘lyozma merosini saqlash, raqamlashtirish hamda ilmiy muomalaga kiritish istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov O‘zbekistonda islom ta’limi tarixi va uning zamonaviy tajribasini yoritib berdi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Shorustam Shomansurov ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini taqdim etdi.
Simpoziumning muhim amaliy natijalaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi hamda «Bayt az-Zubayr» muzeyi bilan hamkorlik memorandumlarining imzolanishi bo‘ldi. Ushbu kelishuvlar ikki mamlakat muassasalari o‘rtasida qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirish, ko‘rgazmalar tashkil etish hamda kasbiy tajriba almashish uchun asos yaratadi.
Simpozium doirasida kitoblar va esdalik nashrlari almashinuvi ham bo‘lib o‘tdi. O‘mon Sultonligi Vaqflar va diniy ishlar vaziri doktor Muhammad bin Said bin Xalfon Maamariyga Katta Langar Qur’oni nusxasining faksimile nashri topshirildi. Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi bosh kotibi Habib bin Muhammad Riyomiyga «Uchinchi Renessans poydevori» kitobi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan 120 ta kitob uchun sertifikat hamda Markazning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Markaz nashrlari, shuningdek, Sulton Qobus majmuasi kutubxonasi hamda O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar markaziga topshirildi. Milliy hujjatlar va arxivlar markazi hamda «Bayt az-Zubayr» muzeyi vakillariga ham kitob nashrlari topshirilganini tasdiqlovchi sertifikatlar taqdim qilindi.
Maskat shahrida o‘tkazilgan simpozium O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy muloqotning davomi bo‘ldi. Ko‘rgazma va ilmiy sessiya O‘mon jamoatchiligini Movarounnahrning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan tanishtirgan bo‘lsa, imzolangan memorandumlar ushbu muloqotga amaliy mazmun bag‘ishladi.
Shuningdek, tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi O‘mon Sultonligining qator yetakchi madaniy-ma’rifiy muassasalari, muzey va kutubxonalari, jumladan, O‘mon Sultonligi Milliy muzeyida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvlar davomida muzeyshunoslik, madaniy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlar va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, tajriba almashildi hamda qator hamkorlik memorandumlari imzolandi.
O‘mon Sultonligi Vaqf vaziri hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati o‘rtasida alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqbolda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati