Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadislarida ummatlari 73 firqaga bo‘linishini va ulardan faqat bittasigina najot topishini aytganlar. Ushbu hadisdan musulmon ummatida bo‘linish, oqimlar yuzaga kelishi oldingi ummatlarnikidan ko‘p bo‘lishi ta’kidlanadi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bamisoli dunyoni yoritib turgan oftob edilar. U zot odamlar orasida yashab turgan kezlarda qalblar ham o‘zgacha edi. Anas roziyallohu anhu bejizga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni dafn qilib, qo‘llarimizning changini hali qoqmay turib qalblarimizni tanimay qoldik», demagan edi. Qolaversa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida musulmonlar o‘rtasida vujudga kelgan har qanday ikkilanish, noaniqlik yoki toyilish bo‘lsa, u zotning so‘zlari bilan komil yechimini topar edi. Shuning uchun ham bu davr bashariyat tarixidagi eng nurafshon zamon o‘laroq «Saodat asri» deya atalib qolgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam rafiqi a’loga rihlat qilib, musulmonlar soni keskin oshib, turli xalq va elatlar Islomga kirgach, musulmonlar orasida turli firqalar paydo bo‘la boshladi. Biroq, Alloh taolo Islomni va uni tutgan ushbu ummatni qiyomatgacha salomat saqlashni iroda qilgani uchun musulmonlarning aksar qismi ahli sunna va jamoa, ya’ni sunnatni ushlagan va jamoani tutgan kishilar o‘laroq haqda sobit turib, sof Islomni saqlab keldilar. Shunga qaramay, ilohiy iroda iymon egalari uchun yana bir sinov o‘laroq Islomda turlicha oqimlar chiqib turishini ixtiyor qilgan ekan, son-sanoqsiz firqalar paydo bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan ayrimlari yo‘qolib, yangilari chiqishda davom etib kelmoqda. Oxirgi asrda, xususan, so‘ngi paytlarda G‘arbu Sharqda tarqagan va tarqatilayotgan oqimlardan biri modernistlik oqimi bo‘lib, arab tilida «al-hadasah» yoki «al-hadasiyyun» (modernistlar) deb ataladi.
Ko‘pchiligimiz Islomdagi oqimlar yoki firqalar deganda faqatgina dinda g‘uluvga ketgan, radikal tutumli musulmonlarni tushunadigan bo‘lib qolganmiz. Aslida Islomga g‘uluv bilan emas, aksincha, bepisandlik bilan munosabatda bo‘lish orqali haq yo‘ldan, vasatiylikdan oqqan, natijada musulmonlarning jumhuridan ayrilib chiqib, alohida oqimga aylangan toifalar ham borki, ko‘pchilik ularni bilmaydi, tanimaydi va ularning xatarini payqamaydi ham. Masalan, qadimda murjiiylar oqimi mo‘tadillikdan, haq yo‘ldan og‘ib, musulmon olamining boshiga ko‘plab tashvishlar keltirgan. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning bobokalon ustozi Ibrohim Naxaiy rahmatullohi alayh bejizga: «Ularning, ya’ni murjialarning fitnasi ushbu ummat uchun xavorijlarning fitnasidan ko‘ra qo‘rqinchlidir», deya tashvishlanmagan. Zero, ular dinda bepisandlik yo‘lini tutib, axloqsizlik va jinoyatlar botqog‘iga botib ketgan edi. Shuning uchun imom Moturidiy o‘z asarlarida nishonga olgan adashgan toifalardan biri aynan murjialar bo‘lgan. Bugungi kunda ana shunday usulsiz xatarli oqimlardan biri modernistlik oqimi hisoblanadi.
Shuni aytish lozimki, modernistlarning shahvoniy g‘oyalari, xitoblari bashariyatga yangilik emas, qadimdan bo‘lib kelgan, ilgargi payg‘ambarlar va musulmonlarga ham qaratilgan. Shu’ayb alahissalomning qavmi shunday degan edi: «Ey Shu’ayb! Namozing senga ota-bobolarimiz ibodat qiladigan narsalarni yoki biz mol‑dunyomizda xohlaganimizni qilishimizni tark etishimizni buyurmoqdami? Sen juda halim, to‘g‘ri odamsan-da» (Hud surasi, 87-oyat).
Demak, Qur’oni Karim ilohiy amrlardan tarqab, ularni qabul qilishga ko‘nmaydigan ana shunday toifalar va g‘oyalardan musulmon ummatini ogohlantirgan ekan.
Modernistlik oqimi musulmon ummati uchun ham yangilik emas, uning fikrlari, yondashuvlari adashgan toifalarning mafkuralarida ilgaridan mavjud. Masalan, ularning ayrim qarashlarini, jumladan, aqlga haddan ziyod suyanish, aqlni naqldan ustun qo‘yish holatlarini jahmiylar va mo‘tazilalarda topish mumkin. Bunday adashgan g‘oyalarga qarshi Islom ulamolari hamisha keskin kurash olib borganlar va xalqni bundan ogohlantirib kelganlar. Biroq, so‘ngi asrlarda jamiyatni dunyoviylashtirish g‘oyasining ayrim joylarda chegaradan chiqib, radikallashuvi, tashqi kuchlarning ko‘magi va targ‘iboti ostida modernistlik oqimi rivojlantirilib, turli jim-jimador shiorlar bilan musulmonlarning e’tiqodiga, axloqiga, qadriyatlariga zarba berishga harakat qilishmoqda. Bu oqim tarafdorlari bilib-bilmagan holda musulmon o‘lkalarni ko‘r-ko‘rona g‘arblashtirish, xalqlarni o‘z qadriyatlaridan uzoqlashtirib, ommaviy madaniyat girdobiga tortishda qurol vazifasini o‘tab kelmoqda.
Modernistlikning asosiy g‘oyasi ‒ barcha narsani yangilash, dinni ham yangilab, zamonaga tobelashtirishdir. Ular yangilashga shunchalar kirishib ketishadiki, hatto kechagi qilganlarini bugun o‘zgartirib, yangicha narsaga intilishadi va o‘zgarmas qonuniyatlarga aylangan qadriyatlarga, dinning qat’iy belgilangan asoslariga nisbatan ham shu zaylda yondashishadi. Ular barcha masalada aqlga haddan ziyod suyanib, fahmlariga kelgan fikrni shar’iylashtirishga urinishadi va odatda nafs iskanjasiga tushib qolishadi.
Modernistlar odatda balandparvoz shiorlar, vatanparvar g‘oyalar, zohirda ilmiy bo‘lib ko‘rinadigan uslublardan juda ustamonlik bilan foydalanishadi. Ular dastlab bexatar, xalqchil, zamonga mos bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin. Ular o‘zlarining asl e’tiqodlari, maqsadlari va hollarini musulmonlar ommasidan yashirishadi va o‘zlarini musulmonlar uchun juda ham mehribon, bag‘rikeng qilib ko‘rsatishga urinishadi. Biroq, bu oqimning xatari anavi ekstremist toifalarnikidan kam emas, faqat buning zararlari ko‘z ilg‘amas tarzda yuzaga keladi va kasallik surunkali holga kelgandan keyin bo‘y ko‘rsatadi. Kuzatuvlarga ko‘ra, so‘ngi yillarda ushbu oqim vakillarining O‘zbekistonga ham hujumi paydo bo‘lgan ko‘rinadi. Shu bois, ushbu mavzuda qisqacha bo‘lsa-da, ma’lumot berishni lozim topdik.
Modernistlarning bir qator belgilari bor. Jumladan:
1. Ular ateistlar kabi dinni birato‘la inkor qilmaydi, shuningdek, Islom ahkomlarini qoralab ham o‘tirmaydi. Balki, shar’iy matnlarni o‘z ra’ylariga burib, «bu matnda shariatning maqsadi faqihlar aytganidek emas, balki bunday-bundaydir» deya da’vo qilishadi. Ular go‘yo shu paytgacha o‘tgan ming yillar osha e’tirof etib kelinayotgan yuzlab, minglab Islom olimlari shariat maqsadlarini tushunmaganu, bular anglab qolgandek so‘z surishadi. Ular bu borada g‘uluvga ketib, «Islomda asosiy maqsad ota-onaga yaxshilik qilish, zulmga qarshi turish va hokazolardir, namoz, hijob va shu kabi masalalar shariatda keyinchalik joriy bo‘lgan, ular asosiy masalalar emas», deya safsata sotishadi. Shu tarzda nafslari istagan dinni paydo qilishga urinishadi.
2. Qur’oni Karimni ma’lum bir sharoitga, aniqrog‘i, arablar sharoitiga tushirilgan, uni boshqa joy va zamonga tatbiq etish to‘g‘rimas, deyishadi. Ular hatto oyat-hadislarda ochiq va qat’iy aytilgan, shu paytgacha butun Islom ummati yakdil tushunib, tushuntirib kelgan masala ‒ oilada erkak rahbar hisoblanishini ham «arablarda erkaklar faol bo‘lgani uchun shunday bo‘lgan, bu ularga xos», degan iddao bilan amaldan chetlatishadi. Shu zaylda ular Islomning zamon va makonga qaydlanmaslik xususiyatini yo‘qqa chiqarishadi. Holbuki, Qur’on, Sunnat va ummatning ijmo’i bilan Islom dini butun bashariyat uchun tushirilgan oxirgi dindir, buni inkor qilish mumkin emas. Modernistlar so‘zda Islomning olamshumulligini e’tirof etishsa-da, amalda bunga zid yo‘l tutishadi.
3. Salafi solihlar, mujtahid imomlarga bepisandlik bilan qarashadi va ularning so‘zlarini shariatning izohi deb emas, o‘sha olimlarning shaxsiy fikri, demak bu din emas, Qur’on emas, Sunnat emas, deya odamlarni oyat‑hadislarga ummatning ustunlari bo‘lgan allomalar tarafidan berilgan asl ma’nolardan chalg‘itishga urunishadi. Bu toifaning eng katta xatari ham shunda.
4. Qadimgi ulamolarga, fuqaholarga ta’na toshi otib, ularni ayblashadi, ularga nisbatan bepisand, odobsiz munosabatda bo‘lishadi. Qo‘yib bersangiz, imom Buxoriy, imom Moturidiylarni ham shariatni tushunmaganga chiqarishadi. Islom shariatini asrlar osha saqlab kelgan zabardast ulamolarni «Qur’on va hadisni o‘z sharoitlariga ko‘ra sharhlashgan», degan ayblov bilan obro‘sizlantirishga, ularning diniy matnlarni anglashdagi izohlarini shaxsiy fikrga chiqarishga urinishadi. Shu tariqa dunyoni ilmga to‘ldirgan, musulmon ummatining faxri bo‘lgan buyuk shaxslarni qadrsizlantirishadi va bu orqali musulmonlarni shonli tarixlariga zarba berishga, ajdodlarga bo‘lgan ishonch va ehtiromlarini sindirishga urunishadi. ....«Tarixsiz kelajak yo‘q», deganlaridek, shu yo‘l bilan musulmonlarni o‘tmishlaridan ayrishadi va natijada o‘zlariga tobe qilishga kirishishadi.
Ular hatto imom Shofeiy va u kishi qatori mujtahidlarni, usul ulamolarini ham qoralashadi. Sababi ‒ aynan usul ilmi va ulamolari bularning qing‘ir maqsadlari, betayin safsatalari oldini tog‘ bo‘lib to‘sib turadi. Ular o‘zlaricha «usul ilmi va olimlari Qur’on va Sunnatni tushunishni cheklab qo‘ygan», deya yozg‘irishadi. Axir, mutaxassis olimlar agar diniy matnlarni tushunishni tartibga solib bermasa, kerakli hududni ko‘rsatib bermasa, johillar dinni barbod qilishi, odamlarni adashtirishi turgan gap-ku. Balki ular aynan shu natijani o‘z oldilariga maqsad qilib olgandir?
5. Ularda usul, ya’ni oyat-hadisni anglash qonuniyatlari bo‘lmaydi, bo‘lsa ham, usulsiz usul bo‘ladi va ularning bu usullarini birorta ham mo‘tabar olim e’tirof etmaydi. Sababi ‒ ularda tayinli manhaj o‘zi yo‘q bo‘lgani uchun usullari bir tizimga tushmaydi va barcha hukmlarni qamray olmaydi.
6. An’anaviy din olimlarini Qur’on va Sunnatni yaxshi anglamaslikda, matnga yopishib olishda ayblashadi. Ularga ko‘ra, sahobayu tobeinlar va asrlar osha o‘tgan minglagan olimlar ham Qur’onni yetarlicha tushunmagan, anglamagan ekan. Ba’zan ularning fikrlari ustidan ochiqchasiga kulishadi. Shu tariqa ular o‘zlarining soxta «din»larini tiqishtirishga harakat qilishadi. «Islom innovatsion din», «Islomning mohiyatini anglash kerak» deganga o‘xshash jim-jimador so‘zlar bilan ilmsiz kishilarni aldab, haqiqiy Islomdan g‘arbcha yasama «islom» tomon burishadi. Buning uchun oyat va hadislarni o‘z ra’ylariga moslashga urunishadi, diniy matnlarni ming yillik sharhu amali bir chetda qolib, o‘z xohishlariga ko‘ra talqin qilishadi. Afsuski, ko‘pchilik ularning bu kabi faoliyatlarini tushuna olmaydi.
7. Ayrim sahih hadislarga ohod yoki zaif degan da’vo bilan ishonchsizlik bildirishadi. Hatto «Sahihul Buxoriy»dagi hadislarni ham isroiliyot, ya’ni ahli kitoblarning rivoyati deya pastga urishadi. Holbuki, ohod va hatto zaif hadislarga ham o‘rni bilan amal qilinishini barcha olimlar birdek ta’kidlaydilar.
8. Islom shariatida yengillik, erkinlik, bag‘rikenglik tushunchalarini suiste’mol qilishadi, shariat qattiq olgan masalalarga ham yengil qarashadi. Shu zaylda halol-haromni, farzu mubohni aralashtirib, bir martabaga olib kelishadi.
9. Ular birinchi bo‘lib muhokama qiladigan, ko‘taradigan masala ayollarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, ayollarning satri avrati, hijobi, oiladagi o‘rni va erkak-ayollarni bir xillashtirish, feminizmni qo‘llab-quvvatlash masalalari kabi. Ular bu bilan jamiyatning nozik tarafiga zarba berish, bo‘shroq, ta’sirchan qismidan kirib borishni nazarda tutishadi.
Bular barchasi quruq da’volar bo‘lib, bir tiyinlik qiymati yo‘q, ilmiy va tarixiy haqiqatlarga ochiq ziddir.
Bu toifa kishilar ichida bir nechta universitetlarni tugatgan, turli mavzularda doktorlik yoqlagan kishilar ham bo‘lishi mumkin. Biroq, yo‘llari manhajsiz bo‘lgani uchun so‘zlari o‘zaro ziddiyatlarga to‘lib, o‘zlari ham gangib yurishadi.
Hadosiylarning jamiyat uchun xatarlari talaygina. Ayrimlarini eslab o‘tish joiz:
1. Musulmon xalqlarni o‘z o‘tmishiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazishadi. Bu bilan jamiyatda g‘oyaviy bo‘shliq hosil qilinadi. Keyin bu bo‘shliqni soxta e’tiqodlar bilan to‘ldirishga urinishadi. Xalqni o‘z tarixidan ayirib, boshqalarga qaram bo‘lishga mahkum etiladi.
2. Musulmonlarning ming yillik qadriyatlariga bepisandlik qilish oqibatida odamlar o‘rtasida nizo va janjallar keltirib chiqarishadi. Ular bor joyda doimo jamiyat parokanda bo‘ladi. Chunki ularning uslublari sof tabiatga, nafaqat diniy, balki insoniy qadriyatlarga ham zid. Shu bois, o‘zligini asragan qatlam bilan ularning o‘rtasida hamisha ziddiyat kelib chiqaveradi.
3. Shariat ahkomlaridan ma’lumlarini, ayrim hadislarni shubha ostiga olgach, ya’ni din binosining bitta g‘ishtini buzgach, qolganiga darz ketishi tabiiy. Shu zaylda dinni astalik bilan nuratgandan keyin jamiyatda dinning mavqei butkul yo‘qoladi. Boshqacha qilib aytganda, ular dinning o‘q tomirlariga zimdan zarba berish orqali uni falaj holga keltirishga urinishadi. Bunda ko‘rinishda dinning jasadi turaveradi, ammo endi u o‘z vazifasini bajarmaydigan haykalga aylangan bo‘ladi. Oqibatda jamiyatni din bilan tarbiyalash va boshqarishga imkoniyat qolmaydi, biror nimadan qo‘rqitish, ogohlantirish, biror yaxshilikka targ‘ib qilish yo‘qqa chiqadi. Bu esa jinoyatlar ortishiga, buzuqlik ommalashishiga, natijada hozirda ayrim davlatlarda bo‘lib turganidek, aholining qirilishiga olib keladi.
4. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, dinning talab va qaytariqlari yo‘qolayozgach, bunga qarshi ravishda radikal dindorlik vujudga keladi va ekstremistik, terroristik oqimlar paydo bo‘lishiga zamin yaratiladi.
Din ta’qiq va buyruqlari bilan jozibali. Insonning sof tabiati ana shunday dindan qanoatlanadi. Islom shariatidagi buyruq va ta’qiqlar aslida mo‘tadildir. Ularni yo‘qqa chiqargach, insonlar dindan qanoat qilmay qoladi va endi o‘zboshimchalik bilan dinda g‘uluvga ketish urchiydi.
5. Modernistlarning tashviqoti borib-borib fahsh va buzuqliklarni yoqlashgacha yetib borishi ham mumkin. Hatto bir jinsli nikohni yoqlab chiqadiganlari ham topiladi. Bu holat esa musulmon jamiyatni xalok qilishi tayin.
Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik, xususan, dunyoviy yoki zamonaviy davlat namoyandalari va tarafdorlari ba’zan modernistlarning shiorlari, da’volariga mahliyo bo‘lib, ayrim fikrlarini ma’qullab qolishadi va ularni zamonaviy dunyo, zamonaviy musulmon jamiyatlar uchun diniy jihatdan maqbul deb o‘ylashadi. Biroq, bu qarash o‘zini oqlamagan va bundan keyin ham oqlamaydi. Chunki modernistlarning yo‘nalishlari ba’zi bir muammolarga yechimdek ko‘rinsa-da, hech qachon ko‘zlangan maqsadga erishtira olmaydi, gohida aksincha natija beradi. Zero, ular taqdim qilgan mafkura to‘laqonli din bo‘la olmagani bois odamlarning, xususan, musulmonlarning diniy talablarini qondira olmaydi. Ming yillar osha sinovlarda toblangan, metin asoslarga ega shar’iy tamoyillarni buzib qo‘yib, keyin o‘rniga boshqa biror asosli manhaj keltira olmay, xalqni parokanda holga solishadi. Ustiga-ustak jamiyatda diniy omillar o‘z vazifasini bajarmasligi oqibatida axloqsizlik, beboshliklar kelib chiqadi. Bu hol esa dinda radikal guruhlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Aslini olganda zamonaviy dunyoda zamonaviy jamiyat yaratish uchun yoki zamonaviy jamiyat osudaligi uchun qandaydir yangicha «din» paydo qilish shart emas, balki Islomni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri tatbiq etsa, mo‘tadil yo‘lni tutsa kifoya.
Aytish joizki, biz bu yerda ushbu mavzuda qisqacha to‘xtaldik, xolos, tafsilotlarga kirishmadik. Umid qilamizki, boshqa ahli ilmlarimiz ham vaqt ajratib, bu mavzuni to‘liqroq yoritib beradilar. Alloh nasib qilsa, bu mavzuda yana so‘z yuritamiz. Jumladan, Islomda yangilanish, zamonaviylik qanday bo‘lishi haqida ham to‘xtalamiz.
Xulosa qilib aytganda, modernistlik oqimi juda ham xatarli, ko‘pincha geosiyosiy kuchlar ta’siri ostida bo‘lib, o‘z tabiatiga ko‘ra radikal ko‘rinishlarga ham ega. Bu toifaning faoliyati juda ko‘p mamlakatlarda davlat to‘ntarish, tartibsizlik keltirib chiqarishgacha yetib borgan. Ularga juda ham hushyor qarash kerak, buzuq fikrlardan uzoq bo‘lish, xalqni asrash, juda ham ehtiyot bo‘lish lozim va ularga qarshi o‘laroq ilmiy saviyani ko‘tarish darkor.
Modernistlarga qo‘yib bersangiz, Islomning barcha asoslarini barbod qilib, o‘zlari qadriyat deb bilgan, aniqrog‘i, G‘arb mafkurasi ma’qullagan g‘oyalarni birlamchi masalalar deb urg‘ulashadi. Odam alahissalomdan beri barcha samoviy dinlar, xususan, Islomning asosiy tamoyillari hisoblangan namoz, satri avrat, mahram-nomahram, halol-harom masalalarini quyi darajaga tushirib, Qur’ondan keyingi eng ishonchli kitob hisoblangan «Sahihul Buxoriy»dagi bilittifoq sahih hadislarni isroiliyot rivoyatiga chiqarishgacha borishadi. Ular shu zaylda kufrga ketib qolayotganlarini ham sezmay qolishadi. Shu bois, ularning qancha ilm dargohini tugatganiyu, qanchali mashhur bo‘lishi hech narsani hal qilmaydi, bunday zohiriy omillarga aldanib qolmaslik kerak.
Oxirgi so‘z sifatida Imom Muslim o‘z «Sahih»ida rivoyat qilgan ushbu hadisi sharifni eslashni lozim topdik:
«Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Oxir zamonda dajjol kazzoblar bo‘ladi. Ular sizlarga sizlar ham, otalaringiz ham eshitmagan gaplarni aytishadi. Ulardan saqlaninglar, sizlarni adashtirib, fitnaga solib qo‘yishmasin!»
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobiq aylasin, adashtirmasin.
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, yurtimizda diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ilk magistrlari tahsilni tamomladi
Donishmandlarning “Agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa — sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa — daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa — farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering” degan hikmatli gapi bor.
Jamiyat ravnaqiga, Vatan taraqqiyotiga, xalq farovonligiga ta’lim-tarbiyachalik xizmat qiladigan boshqa biror fenomen bo‘lmasa kerak. Har bir davrning o‘ziga yarasha sarmoyadorlari, tujjorlari bo‘lgan. Lekin ularning nomlari tarix sahifalarida juda kam uchraydi, ayrimlari izsiz yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin umrini sivilizatsiyalar taraqqiyotiga bag‘ishlagan mutafakkirlar, qomusiy allomalar, ma’rifat chirog‘i ostida elini buyuk orzular, nurafshon kunlar sari yetaklagan millat oydinlari, ulamolarning nomlari asrlar osha barhayotdir.
Prezidentimiz lavozimiga saylanishi bilanoq barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlarni boshlab berdi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu hujjatda qator ustuvor yo‘nalishlar, xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, diniy ta’lim muassasalari huzurida fuqarolarga Qur’oni karimni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish belgilangan.
Son emas, sifat muhim
Ilm dargohining ulug‘vorligi uning binolari yoki talabalari soni bilan emas, balki u yerdan yetishib chiqadigan ilmli, odobli, Vatani va millatiga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk va salohiyatli kadrlar bilan o‘lchanadi. Yuzlab uchqunlar birgina quyoshning ziyosini to‘sa olmagani singari chinakam qadr-qiymat sonda emas, sifatdadir. Yangi O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyatida ham asosiy mezon ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, ma’naviy tarbiya va jamiyatga munosib xizmat qiladigan mutaxassislarni voyaga yetkazishda.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Buxoro shahrida Mir Arab oliy madrasasi, 2018 yilda Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi, 2020 yilda Termiz shahrida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 2024 yilda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 4 ta oliy, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi (shundan ikkitasi ayol-qizlarga ixtisoslashgan) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda tahsil olayotgan ikki yarim mingdan ziyod talabaga 500 ga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.
Diniy soha xodimlarining asosiy qismini tashkil etadigan imom-xatiblarning bilim va malakalarini yanada oshirish, o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega imom-xatiblarni oliy diniy ma’lumotli kadrlar bilan almashtirish maqsadida 2019 yilda Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi joriy qilindi. Mazkur ta’lim tizimida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan imom-xatiblar tanlov asosida o‘qishga qabul qilinib, ishdan ajralmagan holda 3 yil davomida tahsil oladi. Bugungi kunga qadar bu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 600 dan ziyod imom-xatib oliy ma’lumotga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning 2023 yil iyun oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2024-2025 o‘quv yilida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, tor yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura mutaxassisligi tashkil etilgan edi.
Joriy yilda ilk 10 bitiruvchi “Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti” va “Hadis ilmlari” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi. Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasining katta majlislar zalida magistrlarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirlik va idoralar vakillari, taniqli ulamolar, imom-xatiblar, soha faxriylari, pedagog-o‘qituvchi va talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov ilk bitiruvchilarni samimiy qutlab, tegishli pul mukofoti sertifikatlarini har bir magistrga tantanali ravishda topshirdi. Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bitiruvchilarni o‘qishini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan muborakbod etib, katta tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Muftiy hazratlari ilk magistrlarning oylik ish haqiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildi. Bitiruvchi magistrlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy apparati, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ishga taqsimot qilindi.
Tarix takrorlanib turadi
O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar yurti sifatida e’zozlanadi, qadrlanadi. Tarixda yurtimiz allomalari butun dunyoga ustozlik qilgan, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
2024 yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh “Yurtingizning har qadamida ulug‘ allomalarning xoki bor. Bu zamin ilm va ulamolar yurtidir. Endi sizlarning vazifangiz ana shu buyuk merosni qayta tiriltirish va dunyoga tanitishdir”, degan edi. Haqiqatan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida butun dunyo O‘zbekistonga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiylarga qanday talpingan bo‘lsa, bugun ham Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yurtimizga dunyo afkor ommasining qiziqishi tobora ortib boryapti.
Xalqimizda “Tarix takrorlanib turadi”, “Oqqan daryo oqaveradi” kabi ajoyib maqollar, naqllar bor. Chindan ham IX-XII hamda XIV-XV asrlarda yuksak aqlu zakovati, teran tafakkuri, boy ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bilan butun dunyoni zabt etgan buyuk ajdodlarimiz singari bugun yangi O‘zbekistonda tahsil olayotgan yoshlar ham bobolarimizning munosib izdoshi sifatida tarixni takrorlashga astoydil kirishgan. Ular orasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishini tamomlagan o‘n nafar iqtidorli bitiruvchi ham bor. Ularni O‘zbekistonning yetuk mutaxassislari, Prezident kadrlari deya baralla ayta olamiz. Kelgusidagi faoliyatlariga Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Salohiddin ShЕRXONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i
"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2026 yil 6 avgust sonidan