Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2026   |   29 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:02
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:37
Bismillah
14 Iyul, 2026, 29 Muharram, 1448

Modernistlik oqimi haqida

26.09.2025   12126   18 min.
Modernistlik oqimi haqida

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadislarida ummatlari 73 firqaga bo‘linishini va ulardan faqat bittasigina najot topishini aytganlar. Ushbu hadisdan musulmon ummatida bo‘linish, oqimlar yuzaga kelishi oldingi ummatlarnikidan ko‘p bo‘lishi ta’kidlanadi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bamisoli dunyoni yoritib turgan oftob edilar. U zot odamlar orasida yashab turgan kezlarda qalblar ham o‘zgacha edi. Anas roziyallohu anhu bejizga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni dafn qilib, qo‘llarimizning changini hali qoqmay turib qalblarimizni tanimay qoldik», demagan edi. Qolaversa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida musulmonlar o‘rtasida vujudga kelgan har qanday ikkilanish, noaniqlik yoki toyilish bo‘lsa, u zotning so‘zlari bilan komil yechimini topar edi. Shuning uchun ham bu davr bashariyat tarixidagi eng nurafshon zamon o‘laroq «Saodat asri» deya atalib qolgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam rafiqi a’loga rihlat qilib, musulmonlar soni keskin oshib, turli xalq va elatlar Islomga kirgach, musulmonlar orasida turli firqalar paydo bo‘la boshladi. Biroq, Alloh taolo Islomni va uni tutgan ushbu ummatni qiyomatgacha salomat saqlashni iroda qilgani uchun musulmonlarning aksar qismi ahli sunna va jamoa, ya’ni sunnatni ushlagan va jamoani tutgan kishilar o‘laroq haqda sobit turib, sof Islomni saqlab keldilar. Shunga qaramay, ilohiy iroda iymon egalari uchun yana bir sinov o‘laroq Islomda turlicha oqimlar chiqib turishini ixtiyor qilgan ekan, son-sanoqsiz firqalar paydo bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan ayrimlari yo‘qolib, yangilari chiqishda davom etib kelmoqda. Oxirgi asrda, xususan, so‘ngi paytlarda G‘arbu Sharqda tarqagan va tarqatilayotgan oqimlardan biri modernistlik oqimi bo‘lib, arab tilida «al-hadasah» yoki «al-hadasiyyun» (modernistlar) deb ataladi.

Ko‘pchiligimiz Islomdagi oqimlar yoki firqalar deganda faqatgina dinda g‘uluvga ketgan, radikal tutumli musulmonlarni tushunadigan bo‘lib qolganmiz. Aslida Islomga g‘uluv bilan emas, aksincha, bepisandlik bilan munosabatda bo‘lish orqali haq yo‘ldan, vasatiylikdan oqqan, natijada musulmonlarning jumhuridan ayrilib chiqib, alohida oqimga aylangan toifalar ham borki, ko‘pchilik ularni bilmaydi, tanimaydi va ularning xatarini payqamaydi ham. Masalan, qadimda murjiiylar oqimi mo‘tadillikdan, haq yo‘ldan og‘ib, musulmon olamining boshiga ko‘plab tashvishlar keltirgan. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning bobokalon ustozi Ibrohim Naxaiy rahmatullohi alayh bejizga: «Ularning, ya’ni murjialarning fitnasi ushbu ummat uchun xavorijlarning fitnasidan ko‘ra qo‘rqinchlidir», deya tashvishlanmagan. Zero, ular dinda bepisandlik yo‘lini tutib, axloqsizlik va jinoyatlar botqog‘iga botib ketgan edi. Shuning uchun imom Moturidiy o‘z asarlarida nishonga olgan adashgan toifalardan biri aynan murjialar bo‘lgan. Bugungi kunda ana shunday usulsiz xatarli oqimlardan biri modernistlik oqimi hisoblanadi.

Shuni aytish lozimki, modernistlarning shahvoniy g‘oyalari, xitoblari bashariyatga yangilik emas, qadimdan bo‘lib kelgan, ilgargi payg‘ambarlar va musulmonlarga ham qaratilgan. Shu’ayb alahissalomning qavmi shunday degan edi: «Ey Shu’ayb! Namozing senga ota-bobolarimiz ibodat qiladigan narsalarni yoki biz mol‑dunyomizda xohlaganimizni qilishimizni tark etishimizni buyurmoqdami? Sen juda halim, to‘g‘ri odamsan-da» (Hud surasi, 87-oyat).

Demak, Qur’oni Karim ilohiy amrlardan tarqab, ularni qabul qilishga ko‘nmaydigan ana shunday toifalar va g‘oyalardan musulmon ummatini ogohlantirgan ekan.

Modernistlik oqimi musulmon ummati uchun ham yangilik emas, uning fikrlari, yondashuvlari adashgan toifalarning mafkuralarida ilgaridan mavjud. Masalan, ularning ayrim qarashlarini, jumladan, aqlga haddan ziyod suyanish, aqlni naqldan ustun qo‘yish holatlarini jahmiylar va mo‘tazilalarda topish mumkin. Bunday adashgan g‘oyalarga qarshi Islom ulamolari hamisha keskin kurash olib borganlar va xalqni bundan ogohlantirib kelganlar. Biroq, so‘ngi asrlarda jamiyatni dunyoviylashtirish g‘oyasining ayrim joylarda chegaradan chiqib, radikallashuvi, tashqi kuchlarning ko‘magi va targ‘iboti ostida modernistlik oqimi rivojlantirilib, turli jim-jimador shiorlar bilan musulmonlarning e’tiqodiga, axloqiga, qadriyatlariga zarba berishga harakat qilishmoqda. Bu oqim tarafdorlari bilib-bilmagan holda musulmon o‘lkalarni ko‘r-ko‘rona g‘arblashtirish, xalqlarni o‘z qadriyatlaridan uzoqlashtirib, ommaviy madaniyat girdobiga tortishda qurol vazifasini o‘tab kelmoqda.

Modernistlikning asosiy g‘oyasi ‒ barcha narsani yangilash, dinni ham yangilab, zamonaga tobelashtirishdir. Ular yangilashga shunchalar kirishib ketishadiki, hatto kechagi qilganlarini bugun o‘zgartirib, yangicha narsaga intilishadi va o‘zgarmas qonuniyatlarga aylangan qadriyatlarga, dinning qat’iy belgilangan asoslariga nisbatan ham shu zaylda yondashishadi. Ular barcha masalada aqlga haddan ziyod suyanib, fahmlariga kelgan fikrni shar’iylashtirishga urinishadi va odatda nafs iskanjasiga tushib qolishadi.

Modernistlar odatda balandparvoz shiorlar, vatanparvar g‘oyalar, zohirda ilmiy bo‘lib ko‘rinadigan uslublardan juda ustamonlik bilan foydalanishadi. Ular dastlab bexatar, xalqchil, zamonga mos bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin. Ular o‘zlarining asl e’tiqodlari, maqsadlari va hollarini musulmonlar ommasidan yashirishadi va o‘zlarini musulmonlar uchun juda ham mehribon, bag‘rikeng qilib ko‘rsatishga urinishadi. Biroq, bu oqimning xatari anavi ekstremist toifalarnikidan kam emas, faqat buning zararlari ko‘z ilg‘amas tarzda yuzaga keladi va kasallik surunkali holga kelgandan keyin bo‘y ko‘rsatadi. Kuzatuvlarga ko‘ra, so‘ngi yillarda ushbu oqim vakillarining O‘zbekistonga ham hujumi paydo bo‘lgan ko‘rinadi. Shu bois, ushbu mavzuda qisqacha bo‘lsa-da, ma’lumot berishni lozim topdik.

Modernistlarning bir qator belgilari bor. Jumladan:

1. Ular ateistlar kabi dinni birato‘la inkor qilmaydi, shuningdek, Islom ahkomlarini qoralab ham o‘tirmaydi. Balki, shar’iy matnlarni o‘z ra’ylariga burib, «bu matnda shariatning maqsadi faqihlar aytganidek emas, balki bunday-bundaydir» deya da’vo qilishadi. Ular go‘yo shu paytgacha o‘tgan ming yillar osha e’tirof etib kelinayotgan yuzlab, minglab Islom olimlari shariat maqsadlarini tushunmaganu, bular anglab qolgandek so‘z surishadi. Ular bu borada g‘uluvga ketib, «Islomda asosiy maqsad ota-onaga yaxshilik qilish, zulmga qarshi turish va hokazolardir, namoz, hijob va shu kabi masalalar shariatda keyinchalik joriy bo‘lgan, ular asosiy masalalar emas», deya safsata sotishadi. Shu tarzda nafslari istagan dinni paydo qilishga urinishadi.

2. Qur’oni Karimni ma’lum bir sharoitga, aniqrog‘i, arablar sharoitiga tushirilgan, uni boshqa joy va zamonga tatbiq etish to‘g‘rimas, deyishadi. Ular hatto oyat-hadislarda ochiq va qat’iy aytilgan, shu paytgacha butun Islom ummati yakdil tushunib, tushuntirib kelgan masala ‒ oilada erkak rahbar hisoblanishini ham «arablarda erkaklar faol bo‘lgani uchun shunday bo‘lgan, bu ularga xos», degan iddao bilan amaldan chetlatishadi. Shu zaylda ular Islomning zamon va makonga qaydlanmaslik xususiyatini yo‘qqa chiqarishadi. Holbuki, Qur’on, Sunnat va ummatning ijmo’i bilan Islom dini butun bashariyat uchun tushirilgan oxirgi dindir, buni inkor qilish mumkin emas. Modernistlar so‘zda Islomning olamshumulligini e’tirof etishsa-da, amalda bunga zid yo‘l tutishadi.

3. Salafi solihlar, mujtahid imomlarga bepisandlik bilan qarashadi va ularning so‘zlarini shariatning izohi deb emas, o‘sha olimlarning shaxsiy fikri, demak bu din emas, Qur’on emas, Sunnat emas, deya odamlarni oyat‑hadislarga ummatning ustunlari bo‘lgan allomalar tarafidan berilgan asl ma’nolardan chalg‘itishga urunishadi. Bu toifaning eng katta xatari ham shunda.

4. Qadimgi ulamolarga, fuqaholarga ta’na toshi otib, ularni ayblashadi, ularga nisbatan bepisand, odobsiz munosabatda bo‘lishadi. Qo‘yib bersangiz, imom Buxoriy, imom Moturidiylarni ham shariatni tushunmaganga chiqarishadi. Islom shariatini asrlar osha saqlab kelgan zabardast ulamolarni «Qur’on va hadisni o‘z sharoitlariga ko‘ra sharhlashgan», degan ayblov bilan obro‘sizlantirishga, ularning diniy matnlarni anglashdagi izohlarini shaxsiy fikrga chiqarishga urinishadi. Shu tariqa dunyoni ilmga to‘ldirgan, musulmon ummatining faxri bo‘lgan buyuk shaxslarni qadrsizlantirishadi va bu orqali musulmonlarni shonli tarixlariga zarba berishga, ajdodlarga bo‘lgan ishonch va ehtiromlarini sindirishga urunishadi. ....«Tarixsiz kelajak yo‘q», deganlaridek, shu yo‘l bilan musulmonlarni o‘tmishlaridan ayrishadi va natijada o‘zlariga tobe qilishga kirishishadi.

Ular hatto imom Shofeiy va u kishi qatori mujtahidlarni, usul ulamolarini ham qoralashadi. Sababi ‒ aynan usul ilmi va ulamolari bularning qing‘ir maqsadlari, betayin safsatalari oldini tog‘ bo‘lib to‘sib turadi. Ular o‘zlaricha «usul ilmi va olimlari Qur’on va Sunnatni tushunishni cheklab qo‘ygan», deya yozg‘irishadi. Axir, mutaxassis olimlar agar diniy matnlarni tushunishni tartibga solib bermasa, kerakli hududni ko‘rsatib bermasa, johillar dinni barbod qilishi, odamlarni adashtirishi turgan gap-ku. Balki ular aynan shu natijani o‘z oldilariga maqsad qilib olgandir?

5. Ularda usul, ya’ni oyat-hadisni anglash qonuniyatlari bo‘lmaydi, bo‘lsa ham, usulsiz usul bo‘ladi va ularning bu usullarini birorta ham mo‘tabar olim e’tirof etmaydi. Sababi ‒ ularda tayinli manhaj o‘zi yo‘q bo‘lgani uchun usullari bir tizimga tushmaydi va barcha hukmlarni qamray olmaydi.

6. An’anaviy din olimlarini Qur’on va Sunnatni yaxshi anglamaslikda, matnga yopishib olishda ayblashadi. Ularga ko‘ra, sahobayu tobeinlar va asrlar osha o‘tgan minglagan olimlar ham Qur’onni yetarlicha tushunmagan, anglamagan ekan. Ba’zan ularning fikrlari ustidan ochiqchasiga kulishadi. Shu tariqa ular o‘zlarining soxta «din»larini tiqishtirishga harakat qilishadi. «Islom innovatsion din», «Islomning mohiyatini anglash kerak» deganga o‘xshash jim-jimador so‘zlar bilan ilmsiz kishilarni aldab, haqiqiy Islomdan g‘arbcha yasama «islom» tomon burishadi. Buning uchun oyat va hadislarni o‘z ra’ylariga moslashga urunishadi, diniy matnlarni ming yillik sharhu amali bir chetda qolib, o‘z xohishlariga ko‘ra talqin qilishadi. Afsuski, ko‘pchilik ularning bu kabi faoliyatlarini tushuna olmaydi.

7. Ayrim sahih hadislarga ohod yoki zaif degan da’vo bilan ishonchsizlik bildirishadi. Hatto «Sahihul Buxoriy»dagi hadislarni ham isroiliyot, ya’ni ahli kitoblarning rivoyati deya pastga urishadi. Holbuki, ohod va hatto zaif hadislarga ham o‘rni bilan amal qilinishini barcha olimlar birdek ta’kidlaydilar.

8. Islom shariatida yengillik, erkinlik, bag‘rikenglik tushunchalarini suiste’mol qilishadi, shariat qattiq olgan masalalarga ham yengil qarashadi. Shu zaylda halol-haromni, farzu mubohni aralashtirib, bir martabaga olib kelishadi.

9. Ular birinchi bo‘lib muhokama qiladigan, ko‘taradigan masala ayollarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, ayollarning satri avrati, hijobi, oiladagi o‘rni va erkak-ayollarni bir xillashtirish, feminizmni qo‘llab-quvvatlash masalalari kabi. Ular bu bilan jamiyatning nozik tarafiga zarba berish, bo‘shroq, ta’sirchan qismidan kirib borishni nazarda tutishadi.

Bular barchasi quruq da’volar bo‘lib, bir tiyinlik qiymati yo‘q, ilmiy va tarixiy haqiqatlarga ochiq ziddir.

Bu toifa kishilar ichida bir nechta universitetlarni tugatgan, turli mavzularda doktorlik yoqlagan kishilar ham bo‘lishi mumkin. Biroq, yo‘llari manhajsiz bo‘lgani uchun so‘zlari o‘zaro ziddiyatlarga to‘lib, o‘zlari ham gangib yurishadi.

Hadosiylarning jamiyat uchun xatarlari talaygina. Ayrimlarini eslab o‘tish joiz:

1. Musulmon xalqlarni o‘z o‘tmishiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazishadi. Bu bilan jamiyatda g‘oyaviy bo‘shliq hosil qilinadi. Keyin bu bo‘shliqni soxta e’tiqodlar bilan to‘ldirishga urinishadi. Xalqni o‘z tarixidan ayirib, boshqalarga qaram bo‘lishga mahkum etiladi.

2. Musulmonlarning ming yillik qadriyatlariga bepisandlik qilish oqibatida odamlar o‘rtasida nizo va janjallar keltirib chiqarishadi. Ular bor joyda doimo jamiyat parokanda bo‘ladi. Chunki ularning uslublari sof tabiatga, nafaqat diniy, balki insoniy qadriyatlarga ham zid. Shu bois, o‘zligini asragan qatlam bilan ularning o‘rtasida hamisha ziddiyat kelib chiqaveradi.

3. Shariat ahkomlaridan ma’lumlarini, ayrim hadislarni shubha ostiga olgach, ya’ni din binosining bitta g‘ishtini buzgach, qolganiga darz ketishi tabiiy. Shu zaylda dinni astalik bilan nuratgandan keyin jamiyatda dinning mavqei butkul yo‘qoladi. Boshqacha qilib aytganda, ular dinning o‘q tomirlariga zimdan zarba berish orqali uni falaj holga keltirishga urinishadi. Bunda ko‘rinishda dinning jasadi turaveradi, ammo endi u o‘z vazifasini bajarmaydigan haykalga aylangan bo‘ladi. Oqibatda jamiyatni din bilan tarbiyalash va boshqarishga imkoniyat qolmaydi, biror nimadan qo‘rqitish, ogohlantirish, biror yaxshilikka targ‘ib qilish yo‘qqa chiqadi. Bu esa jinoyatlar ortishiga, buzuqlik ommalashishiga, natijada hozirda ayrim davlatlarda bo‘lib turganidek, aholining qirilishiga olib keladi.

4. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, dinning talab va qaytariqlari yo‘qolayozgach, bunga qarshi ravishda radikal dindorlik vujudga keladi va ekstremistik, terroristik oqimlar paydo bo‘lishiga zamin yaratiladi.

Din ta’qiq va buyruqlari bilan jozibali. Insonning sof tabiati ana shunday dindan qanoatlanadi. Islom shariatidagi buyruq va ta’qiqlar aslida mo‘tadildir. Ularni yo‘qqa chiqargach, insonlar dindan qanoat qilmay qoladi va endi o‘zboshimchalik bilan dinda g‘uluvga ketish urchiydi.

5. Modernistlarning tashviqoti borib-borib fahsh va buzuqliklarni yoqlashgacha yetib borishi ham mumkin. Hatto bir jinsli nikohni yoqlab chiqadiganlari ham topiladi. Bu holat esa musulmon jamiyatni xalok qilishi tayin.

Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik, xususan, dunyoviy yoki zamonaviy davlat namoyandalari va tarafdorlari ba’zan modernistlarning shiorlari, da’volariga mahliyo bo‘lib, ayrim fikrlarini ma’qullab qolishadi va ularni zamonaviy dunyo, zamonaviy musulmon jamiyatlar uchun diniy jihatdan maqbul deb o‘ylashadi. Biroq, bu qarash o‘zini oqlamagan va bundan keyin ham oqlamaydi. Chunki modernistlarning yo‘nalishlari ba’zi bir muammolarga yechimdek ko‘rinsa-da, hech qachon ko‘zlangan maqsadga erishtira olmaydi, gohida aksincha natija beradi. Zero, ular taqdim qilgan mafkura to‘laqonli din bo‘la olmagani bois odamlarning, xususan, musulmonlarning diniy talablarini qondira olmaydi. Ming yillar osha sinovlarda toblangan, metin asoslarga ega shar’iy tamoyillarni buzib qo‘yib, keyin o‘rniga boshqa biror asosli manhaj keltira olmay, xalqni parokanda holga solishadi. Ustiga-ustak jamiyatda diniy omillar o‘z vazifasini bajarmasligi oqibatida axloqsizlik, beboshliklar kelib chiqadi. Bu hol esa dinda radikal guruhlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Aslini olganda zamonaviy dunyoda zamonaviy jamiyat yaratish uchun yoki zamonaviy jamiyat osudaligi uchun qandaydir yangicha «din» paydo qilish shart emas, balki Islomni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri tatbiq etsa, mo‘tadil yo‘lni tutsa kifoya.

Aytish joizki, biz bu yerda ushbu mavzuda qisqacha to‘xtaldik, xolos, tafsilotlarga kirishmadik. Umid qilamizki, boshqa ahli ilmlarimiz ham vaqt ajratib, bu mavzuni to‘liqroq yoritib beradilar. Alloh nasib qilsa, bu mavzuda yana so‘z yuritamiz. Jumladan, Islomda yangilanish, zamonaviylik qanday bo‘lishi haqida ham to‘xtalamiz.

Xulosa qilib aytganda, modernistlik oqimi juda ham xatarli, ko‘pincha geosiyosiy kuchlar ta’siri ostida bo‘lib, o‘z tabiatiga ko‘ra radikal ko‘rinishlarga ham ega. Bu toifaning faoliyati juda ko‘p mamlakatlarda davlat to‘ntarish, tartibsizlik keltirib chiqarishgacha yetib borgan. Ularga juda ham hushyor qarash kerak, buzuq fikrlardan uzoq bo‘lish, xalqni asrash, juda ham ehtiyot bo‘lish lozim va ularga qarshi o‘laroq ilmiy saviyani ko‘tarish darkor.

Modernistlarga qo‘yib bersangiz, Islomning barcha asoslarini barbod qilib, o‘zlari qadriyat deb bilgan, aniqrog‘i, G‘arb mafkurasi ma’qullagan g‘oyalarni birlamchi masalalar deb urg‘ulashadi. Odam alahissalomdan beri barcha samoviy dinlar, xususan, Islomning asosiy tamoyillari hisoblangan namoz, satri avrat, mahram-nomahram, halol-harom masalalarini quyi darajaga tushirib, Qur’ondan keyingi eng ishonchli kitob hisoblangan «Sahihul Buxoriy»dagi bilittifoq sahih hadislarni isroiliyot rivoyatiga chiqarishgacha borishadi. Ular shu zaylda kufrga ketib qolayotganlarini ham sezmay qolishadi. Shu bois, ularning qancha ilm dargohini tugatganiyu, qanchali mashhur bo‘lishi hech narsani hal qilmaydi, bunday zohiriy omillarga aldanib qolmaslik kerak.

Oxirgi so‘z sifatida Imom Muslim o‘z «Sahih»ida rivoyat qilgan ushbu hadisi sharifni eslashni lozim topdik:

«Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Oxir zamonda dajjol kazzoblar bo‘ladi. Ular sizlarga sizlar ham, otalaringiz ham eshitmagan gaplarni aytishadi. Ulardan saqlaninglar, sizlarni adashtirib, fitnaga solib qo‘yishmasin!»

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobiq aylasin, adashtirmasin.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilarining MUROJAATI

11.07.2026   25469   10 min.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilarining MUROJAATI

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!

Biz, Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari – nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi ilmiy-ma’rifiy tuzilmalar rahbarlari, dunyoning ellikdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan vazirlar, muftiylar, taniqli olimlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalar, muzeylar hamda madaniy muassasalarning vakillari nomidan Sizga samimiy minnatdorlik va chuqur ehtirom bilan murojaat etmoqdamiz.

Avvalo, Sizning bevosita tashabbusingiz va shaxsan qo‘llab-quvvatlashingiz bilan o‘tkazilgan Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi, o‘zining tub mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra, xalqaro ilmiy tadbirlar darajasidan yuqori turadigan va yuksak e’tirof topgan ulkan voqea bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardik.

Hech shubhasiz, Sizning Forum ishtirokchilariga murojaatingizda ilgari surilgan g‘oyat muhim fikr va g‘oyalar to‘rt kun davomida dunyo jamoatchiligi e’tiborida bo‘lgan ushbu anjumanda muhokama qilingan masalalar ko‘lami, maqsadi va ma’no-mazmunini belgilab berdi.

Ishonch bilan ayta olamizki, musulmon olamidagi ilg‘or ilm-ma’rifat namoyandalari ishtirokidagi bu forum islom sivilizatsiyasining boy merosini insoniyatning ma’naviy, madaniy va intellektual sohadagi umumiy boyligining ajralmas bir qismi sifatida o‘rganish, asrab-avaylash, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.

Anjumanning Toshkent, Samarqand va Termiz singari O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida o‘tkazilishi uning ma’rifiy ruhi va ahamiyatini yanada oshirdi. Aynan shu tabarruk diyorlarda asrlar davomida buyuk ilmiy maktablar shakllangan, ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya va boshqa fanlar taraqqiyotiga shiddatli turtki bergan fundamental asarlar yaratilgan. Butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan ezgu g‘oyalar va kashfiyotlar ham jahon bo‘ylab aynan shu shaharlardan tarqalgan.

Siz tomoningizdan 2017 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan ezgu tashabbus so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida ushbu zamindagi buyuk tarix va madaniyatni yaxlit ma’rifiy hodisa sifatida anglashda tub burilish nuqtasi bo‘lganini biz bugun alohida minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Mazkur tarixiy voqea islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yangicha talqin va targ‘ib etishda xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda Yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi renessansning intellektual va ma’naviy asoslarini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Ushbu tashabbus zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga uzoqni ko‘zlab, vaqtida berilgan ta’sirchan javob bo‘lganini ham bugun biz chuqur idrok etmoqdamiz. Dunyoning turli hududlarida islom dinining insonparvarlik mohiyatini buzib ko‘rsatish, madaniyat va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda Siz ma’rifat, ilmiy tafakkur, tarixiy haqiqatga ehtirom hamda islom sivilizatsiyasining haqqoniy merosini jahon hamjamiyatiga qayta taqdim etishga asoslangan bunyodkorlik yo‘lini taklif qildingiz. Shu tariqa tarixiy adolatni tiklash, ochiq ilmiy muloqot madaniyatini mustahkamlash, o‘zaro hurmat va xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim olg‘a siljish amalga oshirildi.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ana shu ezgu intilishlar alohida global ahamiyat kasb etmoqda. Zero, aynan bilim, tarixiy xotira va xalqlarning intellektual salohiyatini birlashtirish davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, ekstremizm, radikalizm va murosasizlikka qarshi samarali kurashishga, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga hamda tinchlik, barqaror taraqqiyot va bunyodkorlikning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qiladi.

Ana shunday dolzarb fikrlarni mujassam etgan Murojaatingiz, hech shubhasiz, bizning birgalikdagi kelgusi faoliyatimiz uchun ulkan tarixiy va dasturiy hujjat bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston Prezidentiga xos yuksak iroda va donishmandlik, tarix, bugungi kun va kelajakni yaxlit bir jarayon sifatida ko‘ra olish salohiyati mahsuli bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat jahon darajasidagi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy majmuaga, ayni vaqtda ushbu noyob jarayon tarkibidagi bebaho merosni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, kutubxonalar, muzeylar va ma’naviy-ma’rifiy markazlarni birlashtiradigan nufuzli muloqot maydoniga aylanib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Aminmizki, yaqin yillarda bu maskan gumanitar ilm-fan sohasidagi yetakchi xalqaro markazlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi hamda yangi g‘oyalar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va uzoq muddatli xalqaro loyihalar shakllanadigan yirik madaniy-ma’rifiy va ta’lim platformasiga aylanadi.

O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizda  katta taassurot qoldirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kabi noyob muassasalar tarixiy xotirani saqlash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil davlat siyosatining amaldagi yorqin ifodasidir.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi islom ilm-fani, madaniyati va ma’rifatining eng qadimgi beshiklaridan biri sifatida bugun gumanitar hamkorlik, ilmiy izlanishlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot borasidagi azaliy mavqeini yana mustahkamlab bormoqda.

 

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!

Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi «Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat» shiori ostida o‘tkazilgani alohida e’tiborga loyiq. Islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etgan, o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan bu bezavol qadriyatlar bugungi zamonaviy dunyo uchun ham beqiyos ahamiyatga egadir. Bu buyuk meros butun insoniyatning madaniy, ma’naviy va intellektual boyligining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu esa uni asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, davlatlar, ilmiy jamoatchilik, tinchlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga intilayotgan barcha insonlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi tabiiy, albatta.

Biz Forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Deklaratsiya hamda islom sivilizatsiyasini asrash, o‘rganish va rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni uzoq muddatli xalqaro hamkorlikning mustahkam poydevori sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Siz ularda belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, umumiy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash hamda islom sivilizatsiyasini tinchlik, ma’rifat va o‘zaro anglashuv yo‘lida rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga bundan buyon ham yetakchilik qilib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaysiz, deb chin dildan umid bildiramiz.

Forum qarorlarini amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida biz, Siz bilan maslahatlashgan holda, Islom sivilizatsiyasini Jahon alyansini ta’sis etish tashabbusini ilgari surish niyatidamiz. Mazkur Alyansning faoliyati qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, akademik almashinuvlarni rivojlantirish, nashriyot ishiga oid xalqaro loyihalarni amalga oshirish, madaniy meros namunalarini asrash va keng targ‘ib qilish, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonamiz.

Forum davomida qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston zaminida paydo bo‘lgan ushbu ezgu tashabbus xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani va jahondagi ilmiy-ma’naviy hamjamiyatning umumiy ishiga aylanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Biz mazkur qarorlarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasining buyuk merosini saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish borasida o‘zimizning intellektual, ilmiy va ma’naviy salohiyatimizni birlashtirishga tayyor ekanimizni yana bir bor bayon qilamiz. Ishonamizki, qadimiy O‘zbekiston diyorida qabul qilingan ushbu qarorlar islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va keng targ‘ib etish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu Murojaatni qabul qilar ekanmiz, mazkur qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha zimmamizga ulkan umumiy mas’uliyat olayotganimizni yana bir bor e’tirof etamiz hamda tinchlik, ma’rifat, o‘zaro hurmat va butun insoniyat boyligining uzviy bir qismi hisoblangan buyuk ma’naviy hamda intellektual merosni asrab-avaylash yo‘lida doimo Siz bilan bir safda turib ish olib borishga tayyor ekanimizni bildiramiz.

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Biz Sizga va Sizning timsolingizda Forumning barcha tashkilotchilariga, ko‘p millatli butun O‘zbekiston xalqiga Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi yuksak saviyada tashkil etilgani hamda samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etamiz.

Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishdek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda yanada ulkan yutuqlar tilaymiz. Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish hamda bu qutlug‘ zaminning ilm-fan, ma’rifat, islom sivilizatsiyasi, gumanitar hamkorlik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot bo‘yicha jahonda yetakchi markazlardan biri sifatidagi yuksak o‘rni, shuhrati va nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Alloh taolo Sizning ezgu niyat va harakatlaringizga xayru barakotlar bersin! 
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumida qabul qilingan qarorlar dunyo xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv, adolat va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilsin!
Parvardigori olam uch ming yillik buyuk tarix va madaniyat bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mehmondo‘st va olijanob O‘zbekiston xalqiga tinchlik, umummilliy birlik, farovonlik va ravnaq ato etsin, ijodkorlik salohiyatini bundan ham ziyoda qilsin, barcha ezgu niyatlariga yetkazsin!

 

Chuqur hurmat bilan,

Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari

2026 yil, 9 iyul

O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilarining MUROJAATI
Maqolalar