27 sentyabr kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Yangi O‘zbekistonda barqaror rivojlanish, tinchlik va islom ma’rifatining xalqaro e’tirofi" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari va talabalar ishtirok etdi.
Anjuman Prezidentimizning AQSHga amaliy tashrifi va BMT Bosh Assambleyasining saksoninchi sessiyasidagi nutqi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
– BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar bugungi anjumanga ilmiy-ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi, – dedi rektor Muzaffar Komilov. – Bu chiqish nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa va jahon miqyosida katta qiziqish uyg‘otdi.
Konferensiyada muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq so‘zlab, jumladan bunday dedilar:
– 2017 yilda davlatimiz Rahbari BMT yuksak minbaridan turib, ushbu tashkilot tarixida ilk marta Imom Buxoriy bobomiz nomlarini zikr qilgan edilar. Bu safar ham buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosini alohida e’tirof etdilar. Zero, bugungi dunyoda islom ma’rifati, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillarini jahon hamjamiyatiga yetkazishning dolzarbligi ortib bormoqda.
Shuningdek, so‘zga chiqqan ishtirokchilar ma’ruzadagi tinchlik-osoyishtalikni saqlash, afg‘on xalqiga ko‘mak berish, xavf-xatarlarga qarshi kurashish, dunyoda kambag‘allikka barham berishi, ekologiya, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va ajdodlar ilmiy merosini o‘rganish kabi dolzarb masalalarning mazmun mohiyatiga katta e’tibor qaratdilar.
Anjuman qizg‘in va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi