27 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining 2024-2025 o‘quv yili bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Namangan shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, bitiruvchilar ishga yuborilayotgan masjidlar imom-xatib va mutavallilari ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida bitiruvchilarni ishga tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng yoshlarga taraqqiyotimizning yangi bosqichida yurtimizda islom dini ravnaqi yo‘lida keng imkoniyatlar ochilgani, diniy soha xodimlarining ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, ularga bugungi kun diniy soha xodimi zamonga ziyraklik bilan qarashi, o‘zining ustida muntazam ishlashi, kasbiy va ma’naviy malakasini oshirishi, jamoatchilik bilan samarali ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berilib, kelgusi faoliyatlariga Yaratgandan zafarlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining tavsiyasiga binoan yangi ishga tayinlangan imomlar viloyat bosh imom-xatibi, viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosarlari va tuman-shahar bosh imom-xatiblari tomonidan masjid jamoasiga tanishtirilishi rejalashtitrilgan. Bizni kuzatishda davom eting, imom domlalarni tanishtiruv tadbirlarini yoritib boramiz.
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Modul ta’lim tizimida yangi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
12 sentyabr kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar uchun «Xatoba» (notiqlik san’ati) fanidan ilk darsni o‘tib berdi.
Mashg‘ulot davomida ustoz va’z-nasihat qilish san’ati, minbar odoblari, tinglovchi bilan jonli muloqot o‘rnatish sirlari hamda bugungi kun imom-xatibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarga alohida to‘xtaldi. Notiqlik mahoratiga oid nozik jihatlar hayotiy va amaliy misollar orqali ochib berildi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan dars so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati