Ta'lim muassasasida "Sentyabr oyi - Islom tarixi, Mavlidun Nabiy, Yangi Oʻzbekiston tarixi fanlari oyligi" deb e'lon qilingani hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy munosabati bilan joriy yil 24-sentyabr kuni tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakili Musoxon domla Abbosiddinov hamda ta'lim muassasasi o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdilar.
Kirish so‘zini O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakili Musoxon domla Abbosiddinov shunday osoyishta kunlarga yetib kelganimizga shukronalik bildirib, muborak Rabi’ul avval oyi ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy haqida so‘z yuritib, bu oyda barchalarimiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg‘ambari qilib yuborilgan Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq o‘rganish, har bir amalimizda u zotga ergashish lozimligi haqida aytib o‘tdi.
Tadbirni davom ettirish uchun so’zni ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Isaqov Olimxon domla Ustoz va talabalarni mavlud bayram bilan tabriklab Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, xulq-atvorlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida ta’lim muassasasi talabalari tomonidan imom Ja’far Barzanjiy rahmatullohi alayhining mavlidlari, hamda xatmul qur’on va salovotlar o‘qildi. Tadbir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat va u zotning sunnatlariga ergashish yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida yurtimiz tinchligi, uning osoyishtaligi bardavom bo‘lishini so‘rab duoi xayrlar qilindi.
Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblarining kasbiy mahoratini oshirish hamda Qur’oni karim qiroatini yanada mukammallashtirishga qaratilgan tizimli o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Mazkur loyiha soha xodimlarining nafaqat ilmiy salohiyatini yuksaltirish, balki tajvid qoidalarini amaliyotda go‘zal va bexato qo‘llash ko‘nikmalarini puxtalashga xizmat qilmoqda.
Reja asosida tashkil etilayotgan navbatdagi darslar bugun Qashqadaryo viloyatida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlarni malakali mutaxassisi – Mamasoliyev Samandar qori aka olib bormoqda.
Ushbu o‘quv jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad — masjidlardagi qiroatlar sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish va soha xodimlarining tajvid ilmi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashdir.
Bu kabi amaliy saboqlar imom-xatib hamda imom noiblarining ma’naviy va ilmiy rivojida muhim pog‘ona bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati