Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Ustozlik qilish Allohning rahmatidir

30.09.2025   7029   2 min.
Ustozlik qilish Allohning rahmatidir

Ilm ruhning ozuqasi. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. “Ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni jismimni tarbiyalab yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi”, degan ekan.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi  diniy sohada ham ustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Yosh avlodda xizmat ko‘nikmalarini shakllantirishda boy ish va hayot tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar hamda faxriylarning pand-nasihatlari alohida tahsinga sazavordir. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. 
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda bunday marhamat qilganlar:
“Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va xattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salavot aytadilar”.
Muhaddislar imomi Imom Buxoriy rahimahullohning shogirdlaridan biri Firabriy aytadi: "Ustozim Imom Buxoriy menga ko‘p hadis rivoyat qilardi. Ba’zan malollanib, zerikib qolmasligim uchun shijoatimni orttiradigan so‘zlardan aytardi. Kunlarning birida bunday dedi: "O‘yin-kulgi qiluvchilar istirohat bog‘larida, ishlab chiqaruvchilar o‘z hunarida, savdogarlar esa tijoratida. Sen esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning as'hoblari bilan birgasan". 
Demak, ustozlar ta’lim berish bilan birga sabr matonatli bo‘lishi uchun tarbiyachi ham ekanliklari ma’lum bo‘ladi.


Muhibbulloh Xudoyberdiyev, 
To‘raqo‘rg‘on tuman bosh imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kuala-Lumpurda “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” mavzusida fotoko‘rgazma tashkil etildi

11.09.2026   45974   1 min.
Kuala-Lumpurda “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” mavzusida fotoko‘rgazma tashkil etildi

Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Turizm qo‘mitasi hamda MARA Texnologiya universiteti (UiTM) bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turistik salohiyati va boy madaniy merosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” nomli tadbirda Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing, Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal, mahalliy siyosiy va ishbilarmon doiralar, vazirlik va idoralar, madaniyat hamda turizm sohasi vakillari, diplomatik korpus hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Anjuman so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarida barpo etilgan yangi ziyorat turizmi maskanlari hamda UiTMning San’at, dizayn va media fakulteti suratkash va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoasining shu yil 17–31 avgust kunlari Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda turizm va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, yangi sayyohlik yo‘nalishlari hamda investitsiyaviy imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. U malayziyalik turoperator va investorlarni O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Malayziya Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi, madaniyat, oliy ta’lim va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi aloqalarning kengayishi o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonning madaniy, ziyorat va qishki turizm yo‘nalishlari Malayziyada tobora ommalashib borayotganini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari