Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Taraqqiyotning tamal toshi

30.09.2025   9422   4 min.
Taraqqiyotning tamal toshi

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

Salohiyatli avlodni yetishtirishni istasak, barcha narsadan oldin ushbu avlodni tarbiya qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar haqida qayg‘urishimiz lozim. Bu borada mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr – Bilimlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigida: “Keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi”, deya ta’kidladilar.

Yurtimizning yanada taraqqiy etishi, xalqimiz turmushi bundan-da farovon, yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishlari uchun Yaponiyaning tajribasini qo‘llash kerak. Chunonchi, Yaponiya yuksak taraqqiy etgan davlat maqomiga erishishida o‘qituvchiga vazirning maoshi, imperatorning obro‘si, deputatning daxlsizligi qo‘llanilgani asosiy omil bo‘lgan.

Shu bilan birga, Yaponiyada o‘qituvchi talabalarga bunday der ekan: «Sening o‘qishdagi muvaffaqiyating Yaponiyaning muvaffaqiyatidir. Muvaffaqiyatsizliging Yaponiyaning muvaffaqiyatsizligidir».

Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari payg‘ambarlar, shu jumladan, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar.

Bu haqda Qur’oni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg‘ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jum’a surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.

Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Bugun ustoz va murabbiylarimiz aziz farzandlarimizga Imom Qatoda rahimahullohning bir tuya kitobni yod olganini, Imom Sha’biyning: “Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim”, degan so‘zini, Ashraf Ali Tahonaviyning qisqa umri davomida bir yarim ming kitob yozganini, Ibn Rushd umri davomida ikki kecha: uylangan va otasi vafot etgan kecha kitob o‘qiy olmaganini bot-bot eslatib turishlari maqsadga muvofiqdir. Shundagina yurtimizdan yana Buxoriylar, Nasafiylar, Xorazmiylar, Beruniylar, Termiziylar, Navoiylar yetishib chiqadi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o‘rgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli,  hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchining haqqiga  duo qiladilar(Imom Termiziy rivoyati).

Islom ta’limotiga ko‘ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai a’moliga savob to‘xtovsiz borib turadi.

Hadisi sharifda:  “Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi. Faqat uch narsa tufayli (uning nomai a’moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya;foydali ilm; duoi xayr qiluvchi solih farzand”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan.

Men o‘qituvchi va murabbiylarni vaqt bilan musobaqalashayotgan, bu jarayonga shogirdlarini ham jalb qilgan kishiga o‘xshataman. Islom tarixiga nazar solsak, vaqt bilan musobaqalashib, juda ko‘p muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan ulamolar borligiga amin bo‘lamiz. Buyuk vatandoshimiz, dunyo imom Imom Buxoriy rahmatullohi ilmga qiziqib, dunyo kezib, oltmish mingdan ziyod hadisni to‘plaganida bor-yo‘g‘i 16 yoshda edi.

Shuningdek, u zotning 63 yillik umri mobaynida ilm yo‘lida amalga oshirgan ulkan ishlarini, mana, oradan o‘n asrdan ziyodroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Islom olamidagi butun boshli ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rganib kelyapti. Tadqiqotlar natijasida u zotning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlariga barcha lol qolmoqda.

Muxtasar aytganda, bashariyat uchun ham, taraqqiyot uchun ham, tamaddun uchun ham faqat bir narsa kerak: bu – ilm, bilim va tafakkur. Shunday ekan, sharafli kasb egalari har qancha tahsinga sazovor.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz USTOZLAR!

 

Abduqahhor domla YUNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi,

«Imom Buxoriy» ordeni sohibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   60461   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari