Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Aqoid imomlari haqida ulamolarning fikri

03.10.2025   18196   2 min.
Aqoid imomlari haqida ulamolarning fikri

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida «Bu ilmni keyingi kelgan odamlardan taqvodorlari ko‘tarib yuradilar, ular ilmni g‘uluvga ketuvchilarning o‘zgartirishidan, botilga chiqaruvchilarning dinni o‘ziniki qilib olishidan va johillarning ta’vilidan himoya qiladilar», deganlar. (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy rahimahulloh ham musulmonlar e’tiqodiga turli xil yot g‘oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta’vilidan himoya qilgan olimlardan edi. Shu sababli ulamolar tomonidan Imom Moturidiy rahimahullohni «Imamul huda», «Musahhihu aqoidi ahli sunna» deb atalgan va e’tirof qilingan. Barcha ulamolar u zot haqida iliq fikrlarni bildirishgan. Jumladan, Imom Kafaviy rahimahulloh «A’lamul axyor» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi: «Moturidiy rahimahulloh mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchisidir. Alloh u kishiga sirotul mustaqim, ya’ni to‘g‘ri yo‘lni nasib qilish ila nusrat berdi va u kishi din nusrati yo‘lida yurdi. Buyuk kitoblarni tasnif etdi va botil e’tiqod sohiblariga raddiya berdi».

Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh «Zavojir an iqtirofil kaboir» kitoblarida Imom Moturidiy haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:

«Ahli Sunna e’tiqodi deganda Imom Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy rahimahumullohning e’tiqodlari nazarda tutiladi». Shayx Hasan ibn Abu Azuba rahimahulloh inson qaysi olimga ergashsa Ahli sunna toifasiga kirishini bayon qilib shunday degan: «Shuni bilki, Ahli sunna val jamoa e’tiqodining majmuasi ikki qutbning so‘zidir. Bu ikki qutb: Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikki imomning qay biriga ergashsang, hidoyatga erishib buzuq e’tiqod va toyilishdan salomat qolasan».

Yuqoridagi e’tiroflardan ko‘rinib turibdiki ahli sunna val jamoa e’tiqodi asoschisi bo‘lmish ikki qutb imomi Imom Moturidiy va Imom Ashariylar tuzgan aqida manhajlari albatta eng to‘g‘ri manhaj hissoblanadi.

Sharifxon Payzullayev,

Namangan shahri "Homiddin qori" jome masjidi imom-noibi

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi

10.08.2026   16301   1 min.
Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.


Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.


Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.


Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.


Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari