Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Namozdan so‘ng Qur’on tilovati (1-qism)

06.10.2025   8681   7 min.
Namozdan so‘ng Qur’on tilovati (1-qism)

Dinimizda Qur’on tilovati eng savobli amallardan biri ekanligini doimo e’tirof qilib kelingan. Yaqin yillargacha namozdan keyin Kur’on tilovati qilish joiz yoki joiz emasligi to‘g‘risida ixtilof bo‘lmagan. Buni olimlar ham omma xalq ham durust deb bilishgan. Zero, nafl ibodatlar orasida afzali Qur’oni karim tilovatidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarini bunga qiziqtirganlar. Qur’oni karim sohibini shafoat qiladi va shayton vasvasalaridan qo‘rg‘on bo‘ladi. Uning tilovati gunohlarni o‘chiradigan, savoblarni ko‘paytiradigan go‘zal amaldir. Ammo keyingi vaqtlarda namozlardan keyin o‘qiladigan Qur’on tilovatini bid’at deydigan, uni eshitishdan yuz o‘giradigan va boshqalarni ham qaytaradigan turli “ayrim kishilar” paydo bo‘lmoqda. 

Tilovat o‘qilib turgan holatda adabsizlik bilan mutakabbirona chiqib ketayotganlar borki, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davri saodatlarida qilinmagan ekan, deb asosi yo‘q gaplar, eshitdim yoki qaysidir internetda o‘qidim deb o‘zlarini oqlashga urinadilar. Ilmni esa ishonchli manbadan, ustozdan o‘rganish zarurligini hadislarda ko‘p ta’kidlangan. O‘rni kelganda mazkur kishilarni da’volariga javob berib, bid’at nimaligini ham yodga olamiz.

البِدْعَةُ طَرِيقَة فِي الدِّينِ مُخْتَرَعَةٌ تُضاهي الشَّرِيعَةَ يُقْصَدُ بِالسُّلُوكِ عَلَيْهَا مَا يُقْصَدُ بِالطَّرِيقَةِ الشَّرِيعَةِ

"Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga yangilik kiritiladi. Unga yurishdan shariat yo‘liga yurish qasd qilinadi" ("Al-E’tisom" kitobi).

 Yuqoridagi ta’rifdan shu narsa ravshan bo‘ladiki, Payg‘ambarimiz alayhissalomning davrlarida bo‘lmagan, yangi paydo bo‘lgan har narsa bid’at hisoblanmaydi. Balki, Qur’on, hadis, ijmo va shar’iy qiyosdan biror dalil bo‘lmagan holda, bir ishni paydo qilish va uni dindan deb tushunish bid’at ekanligi ma’lum bo‘lmoqda. Endi, Qur’on tilovati borasida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ko‘rsatmalari bilan tanishamiz:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ إِنَّ لِكُلِّ شَيْءٍ قَلْبًا وَ قلْبُ الْقُرْآنِ يَس وَ مَنْ قَرَأَ يَسٍ كَتَبَ اللَّهُ لَهُ بِقِراءَتِهَا قِرَاءَةَ الْقُرْآنِ عَشْرَ مرات

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiRasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi Yosindir. Kimki Yosin surasini (bir marotaba) o‘qisa, Alloh unga o‘n marotaba Kur’on o‘qiganlik savobini yozadi” deganlar.  Imom Termiziy rivoyatlari.

Allohning kalomi va Rasulining hadislarida Qur’on tilovati haqidagi ko‘rsatmalar bundanda bisyor. Qolaversa, bu masalada biror cheklov yo‘q, aksincha ish keng qilib qo‘yilgandir. Alloh va Uning Rasuli bir ishni keng qilgandan keyin bandalar uni toraytirishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shar’iy dalillarda namozdan keyin Qur’on o‘qish mumkin emas degan gap yo‘q. Qur’-on tilovat qilish va uni tinglash savobli ish ekani esa juda mashhur masala. Kim savob umidida tilovat qilsa, ajr olaveradi. Kur’oni Karim oyatlari va hadisi shariflar Qur’on o‘quvchiga ulkan savoblar, buyuk fazllar xabarini berganidek, uni tinglovchiga ham ana shunday go‘zal ajr, buyuk manzil hamda ulug‘ mukofotlar bordir. 

Rasul akram sollallohu alayhi va sallam Oishai Siddiqa roziyallohu anho onamizni har kuni Qur’oni karim haqqini ado etishga buyurganlar. Uni ado etish tartibi haqida har kuni Qur’onni hammasini o‘qishni aytganlar, qodir bo‘lmasa, 200-250 oyat o‘qishni, hatto 100 oyat va “Ixlos” surasini uch bora o‘qish bilan deb tushintirganlar. Qur’oni karimdagi ko‘pgina suralar va ba’zi oyatlarning fazilati zikr qilingan. Qiyomat kuni shafoat qilishi, savoblar ko‘paytirib yozilishi, hojatlarining ravo bo‘lishi, bemorlarga shifo bo‘lishi, duolarning ijobat bo‘lishi, nur bag‘ishlashi, tetiklik va aql-idrokka musaffolik berishi va boshqa ko‘pgina fazilatlari bildirilgan. Shunday suralardan “Yosin”, “Fath”, “ar-Rahmon”, “Voqea”, “Duxon”, “Mulk”, “Naba’”, “Kahf”va boshqalarini sanash mumkin. Oyatlardan “al-Kursiy”, “Baqara” surasining oxirgi ikki oyati, “Tavba” surasining oxirgi ikki oyati, “Hashr” surasining oxirgi uch oyati va boshqalari bor.

Har kuni mo‘min kishi Qur’oni karim haqqini ado etish uchun alohida vaqt ajratishi kerak. Ammo ko‘pincha imkon topilmaydi. Yoki shunchaki bu vazifa borligi yoddan ko‘tariladi. Har qanday xastalikni davolovchi mohir tabib kabi ulamolarimiz besh vaqt namozda quyidagi suralarni tilovatini tavsiya qiladilar: Bomdoddan keyin “Yosin” surasi 83 oyat, Peshindan keyin “ar-Rah-mon” 78 oyat yoki “al-Fath” 29 oyat, Asrda “an-Naba’” (amma) surasi 40 oyat, Shomdan so‘ng “al-Voqea” surasi 96 oyat, Xuftondan so‘ng “al-Mulk” surasi 30 oyat jami 350 oyat atrofida har kuni o‘qiladi. Demak, mo‘minlar namozdan so‘ng ushbu suralarning tilovati yordamida har kuni Qur’oni karim haqqini ado etish bilan birga, mazkur suralarning fazilatlaridan ham bahramand bo‘ladilar.

Qur’oni karimni tinglash tilovat qilish bilan barobar. Bu borada Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharif munga yorqin dalil bo‘ladi: 

حَدَّثَنَا أَبُو سَعِيدٍ - مَوْلَى بَنِي هَاشِمٍ - حَدَّثَنَا عَبَّادُ بْنُ مَيْسَرَةَ ، عَنِ الْحَسَنِ الْبَصْرِيِّ ، عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : " مَنِ اسْتَمَعَ إِلَى آيَةٍ مِنْ كِتَابِ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ، كُتِبَ لَهُ حَسَنَةٌ مُضَاعَفَةٌ، وَمَنْ تَلَاهَا كَانَتْ لَهُ نُورًا يَوْمَ الْقِيَامَة رَوَاهُ أَحْمَد.ُ ".

 Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Alloh taoloning kitobidan bir oyat tinglasa, unga bitta savob ko‘paytirilib beriladi. Kim Qur’on tilovat qilsa, unga qiyomat kuni nur bo‘ladi”, dedilar” Imom Ahmad rivoyati. 

Demak yuqoridagi suralarni va oyati karimalarni tilovat qilgan kishi qancha ajru savoblarga ega bo‘lsa tinglovchilar ham ajru mukofotlarga ega bo‘ladilar. Qolaversa yodlay olmagan mo‘min musulmonlar yodlab olgunlariga qadar tilovat qilayotgan kishilardan tinglab Qur’oni karimni savobiga ega bo‘ladilar.

Sufyon ibn Uyayna (rahmatullohi alayh): “Ilm olish tinglashdan boshlanadi, so‘ngra uni tushuniladi va yod olinadi keyin unga amal qilinadi”, dedilar. Banda Kalomullohni xolis niyat bilan tinglasa, uning qalbiga Alloh taolo nur soladi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Qur’oni karimda marhamat qilinadi: 

الَّذِينَ يَسْتَمِعُونَ الْقَوْلَ فَيَتَّبِعُونَ أَحْسَنَهُ  أُولَٰئِكَ الَّذِينَ هَدَاهُمُ اللَّهُ  وَأُولَٰئِكَ هُمْ أُولُو الْأَلْبَابِ

“Bas, (ey Muhammad!) Mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga (foydalisiga) ergashadilar. Aynan o‘shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o‘shalargina aql egalaridir” (Zumar, 17-18).

 Imom Lays ibn Sa’d aytadilar: “Hech bir kishi Qur’on tinglovchidan ko‘ra tezroq rahmatga erishmaydi. Chunki Alloh taolo:

وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

“Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!” - deydi (A’rof surasi, 204-oyat).

Bu Qur’onni eshitish va unga quloq solishni vojib qiladigan buyruqdir. Shubha yo‘qki, Islom odobi Kur’on tilovat qilingan paytda uni tinglashni taqozo qiladi. 

Ismoilxon Ishanov,

"Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   37182   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari