Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Sentabr, 2026   |   15 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:56
Quyosh
06:14
Peshin
12:14
Asr
16:27
Shom
18:18
Xufton
19:32
Bismillah
26 Sentabr, 2026, 15 Rabi`us soni, 1448

Kim tavba qilmasa...

06.10.2025   6924   6 min.
Kim tavba qilmasa...

Har qanday ruhiy-ma’naviy darajaning boshi – haqiqiy va samimiy tavbadir. Usiz navbatdagi martabalarga erishish mumkin emas. Samimiy tavba qilguvchini esa Alloh taolo sevadi. Zero, Allohning O‘zi Qur’oni karimda marhamat etadi:

“Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Bu “Alloh gunohlardan tavba qiluvchilarni mukofotlaydi, ularga ehtirom ko‘rsatadi va U ma’naviy kirlardan o‘zlarini poklovchilarni yaxshi ko‘radi” deganidir.

Ba’zi mufassirlar bu oyati jalilaning ma’nosini “gunohlardan pushaymon bo‘lish”, “loqaydlikdan poklanish”, deya talqin etadilar.

Alloh yana marhamat qiladi: “Kimlar tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar zolim kimsalarning o‘zlaridirlar” (Hujurot surasi, 11-oyat).


Ilohiyotchilar aytadilar: “Zolim kimsalarning o‘zlaridirlar”dan murod, isyonlarida qat’iy turib, o‘zlarini zulmga giriftor etganlardir”.


“At-Tavilat an-najmiyya” kitobida yozilgan: “Kim tavba qilmasa” degani “kimki shaytoniy da’vo, shaytoniy so‘zdan tavba qilmasa” degani bo‘lib, bu yerda o‘ziga yuqori baho berib, o‘zgalarni kamsitadigan va nazarlariga ilmaydiganlar nazarda tutilgan.

“O‘shalar zolim kishilarning o‘zlardirlar” degani esa “ular la’natlanganlar, rahmatdan mahrum etilganlar va haydalganlar orasida shayton bilan birgadirlar”, degan ma’noni anglatadi.


Zero, Alloh Hud surasining 18-oyatida aytgan: “Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur!”.

Ilohiy kalomlarda tavbani inkor etguvchining zolim ekani haqida rad etib bo‘lmas dalil bor. Shuning uchun ular o‘zlarining barcha pastkashliklaridan, gunohlaridan, ayniqsa, yuqorida zikr etilgan gunohlaridan Nasuh kabi chin tavba qilmoqlari g‘oyatda zarurdir!

Qul gunoh qilganida uni zulmat chulg‘aydi. Agar gunohni misoli olov — gulxan deydigan bo‘lsak, undan hosil bo‘ladigan tutunni qorong‘ulik — zulmat deyishlik mumkin. Axir uyda yetmish yil o‘t yoqilgan bo‘lsa, u qorayib zulmatga aylanmaydimi?! Shu kabi qalbning ham to‘xtovsiz isyonlardan qorayib ketishi aniq hol. Uning “qurum”lari esa faqat chin tavbadan keyingina tozalanishi mumkin.

Shuni bilingki, itoatsizlikda insonga oshkora va pinhona ta’sir etish bor. Pinhoniy ta’sir – bu qalbning qattiqlashuvi (toshbag‘irlik), kuchli his-tug‘ularning ko‘payishi[1], nafsning qaysarligi, uning yomonliklariga ko‘r-ko‘rona ergashish, Allohga ibodatdan lazzatning yo‘qolishi, shuningdek, Allohga yaqinlashishga  xalal  beruvchi  mashg‘ulotlarning  ko‘payishidir. Agar Allohga isyon va gunoh qilishlikda inson nomining (“itoatkor”dan “isyonkor”ga) almashishidan tashqari biror boshqa yomonlik bo‘lmagan taqdirida ham shuning o‘zi uning uchun yetarli tanbeh va jazodir.

Yaratganga itoatli bo‘lganni “yaxshilik qiluvchi” deyishadi-ku... Isyon etganning nomi esa “osiy”, “yomonlik qiluvchi”, “Yaratgandan yuz o‘giruvchi”ga chiqadi. Bularning bari  hali faqat nom o‘zgarishiga taalluqli... Endi “Yaratganga itoatkorlik lazzati”ni “fisqu fujur nash’a”siga, “Parvardigorga xizmat zavqi”ni “behayolik, sharmandalik zavqi”ga almashtirib, bir o‘ylab ko‘rinchi!..

Bilingki, yurak misoli daraxt, uning ildizi Allohga itoat suvi bilan sug‘oriladi, uning mevalari esa tananing boshqa a’zolaridan sodir bo‘lajak solih amallarga o‘xshaydi.

Banda “ko‘z mevasi” bilan atrofni ko‘rib, haromga qaramasdan, ibratli saboq oladi, “quloq mevasi” bilan Qur’on eshitadi[2], “til mevasi” bilan Allohni zikr qiladi. “Qo‘l-oyoq mevasi” bilan haromga emas, yaxshilik sari tirishib, yaxshi ish-harakatlar qiladi. Agar yurak so‘lib (Allohga ibodat qilmagani tufayli qattiqlashib), xazon bo‘lsa, bu daraxtning mevalari ham nobud bo‘ladi.


Shunday ekan, biz uchun eng muhim masala – haqiqiy, samimiy tavba qilish yo‘li bilan nafsimizni poklashimiz, yaxshilashimiz va kamolga yetkazishimizdir. Shuning uchun Allohning Elchisi sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

“Men ummatimning boshqa gunohlaridan ko‘ra ularning hoyu havasga berilishliklari va dunyo uchun uzundan-uzoq orzular domiga giriftor bo‘lib qolishliklaridan ko‘proq qo‘rqaman. Zero, hoyu havas kishini Haqdan, uzun orzular uni oxiratdan chalg‘itadi” (Sha’bul Iymon kitobida Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday kelgan.)

Shunday ekan, tavba qiluvchi banda Yaratgandan kechirishini to‘xtovsiz so‘rab, gunohlari uchun doimo afsus-nadomat chekib, o‘z nafsiga nisbatan qanoatlanmaslik hissini tuyib turishi lozim.


Ilohiyot olimlari aytadilar: “Tavba bu – bandani oxirgi damigacha chulg‘ab olguvchi qo‘rquvdir”.

Chin ko‘ngildan tavba qilgan banda uchun eng avvalo, xafa qilganlarining ko‘nglini topib, roziligini olishi, qarzlarini egalariga qaytarishi va yana boshqalar oldida neki burchlari bo‘lsa ularni ado etishi shart qilingan. Bularni birdan bajarishning iloji bo‘lmaganida esa imkon bo‘lishi bilan ado etishni qasd etmog‘i lozim. Masalan, qarz bergan kishidan muhlat so‘rab, imkoniyati bo‘lishi bilan omonatni ado etishiga uni ishontirishi kerak!


“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Isyonkorning qalbi gunohlardan shu darajada qotishi mumkinki, u hatto Allohni eslash va pand-nasihat  bilan ham yumshamasligi mumkin. Shahvatu ehtiros uni shu darajada qamrab oladiki, yaxshi narsalarga o‘rin qolmaydi. Bu holatda nafs o‘z egasiga itoat etmay qoladi.
[2] Bu yerda faqat eshitish emas, balki Qur’on ma’nosini, amrlarini, hukmlarini hayotiga tatbiq etish ham tushuniladi - Muharrir.

Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (25.09.2026)

26.09.2026   6072   1 min.

#hafta_dayjesti #jumadan_jumagacha

00:00 Anons

01:24 Prezidentimiz Andijon viloyatida bo‘ldi

01:58 Mav’izalar ta’sirchanligini oshirish, yoshlar e’tiqodini mustahkamlash va aholi bilan manzilli ishlash – Andijondagi yig‘ilish tafsilotlari

03:18 Diniy idorada navbatdagi qabul: murojaatlar, takliflar, xayrli duolar

04:08 “The Diplomatic Insight”: Mustaqil O‘zbekistonning yutuqlari xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda

04:59 Malayziyada xayriya sohasida ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda

06:00 Mir Arab oliy madrasasi – ilm, ma’rifat va qalb tarbiyasi uyg‘unlashgan maskan

06:49 Namanganlik imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazini ochiq ilmiy platforma sifatida e’tirof etishdi

07:37 Bir ezgu qadam — yuzlab qalblarga umid

08:00 Bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuv

08:42 Intellektual o‘yin — zakovat va ilm bayrami
 
09:33 «Mafkuraviy xatarlarga qarshi kurashda otinoyilarning o‘rni hamda mas’uliyati» mavzusida sayyor seminar tashkil etildi.

#yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Boshlovchi: Ne’mat Musayev
Muharrir: Abdulatif Abdullayev
Operator: Dilshodjon Mahkamov
 

VIDEO