1. Idishni tozalab qo‘yish.
Nubaysha ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim biror idishdan taomlanib, so‘ng uni yalab tozalab qo‘ysa, idish uning haqiga mag‘firat so‘raydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Kishi ovqat idishini yalab qo‘ysa, idish unga istig‘for aytib: “Yo Alloh! Meni shayton qo‘lidan ozod qilganing kabi uni do‘zaxdan ozod qilgin”, deydi», dedilar (“Jome’ul ahodis”).
2. Barmoqlarni yalab tozalash.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qaysi biringiz taomlansa, barmoqlarini yalasin, chunki u ularning qay birida baraka borligini bilmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Allohga hamd aytish.
الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أطْعَمَنِي هَذَا وَرَزَقَنِيهِ مِنْ غَيْرِ حَوْلٍ مِنِّي وَلاَ قُوَّةٍ
“Alhamdulillahillaziy at’amaniy haaza rozaqniyhi min g‘oyri havlin minniy va laa quvvatin”
“Mening tarafimdan hech qanday o‘zgarish va kuch-quvvatsiz ushbuni menga yedirgan, uni menga nasib etgan Allohga hamdlar bo‘lsin”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo banda taom yeb, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ovqatlanib bo‘lgach “Alhamdulillahillaziy at’amaniy haaza rozaqniyhi min g‘oyri havlin minniy va laa quvvatin” deb aytsa oldingi gunohlari kechiriladi», deganlar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
4. Qo‘llarni yuvish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Taomdan oldin (qo‘lni) yuvish kambag‘allikni ketkazadi. (Taomdan) so‘ng (qo‘lni yuvish) esa kichik gunohlarni ketkazadi va ko‘zni tuzatadi”.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomning barakasi undan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati