O‘tgan jamiki ummatlarga Alloh taolo O‘zining payg‘ambarlarini yubordi. Ular yagona Allohga ibodat qilishga, Unga hech narsani shirk keltirmaslikka da’vat etdilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Qaysi bir ummatki bo‘lsa, unda ogohlantirguvchi bo‘lgan” (Fotir surasi, 24-oyat).
Ammo yuborilgan payg‘ambarlarning har biri qavmi tomonidan mazax qilindi, sehrgarlikda ayblandi. Demak, yer yuzida insonlar taqralganidan boshlab sehr mavjud bo‘lgan ekan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Xuddi shunday, bulardan avvalgilarga ham har bir Payg‘ambar kelgan vaqt (uni) sehrgar yoki majnun deganlar” (Zoriyot surasi, 52-oyat).
Alloma Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh aytadilar: “Sehr Nuh alayhissalomning zamonida ham mavjud edi. Chunki Alloh taolo Nuh alayhissalomni yuborgan qavm uni sehrgar deyishgan” (Fathul Boriy. 223/10).
Sehrning ko‘rinishlari turli qavmlar bo‘ylab yoyildi. Ayniqsa, Muso alayhissalomning davrlarida sehr va jodu juda keng tarqaldi. Ibn Xaldun rahimahulloh yozadi: “Muso alayhissalom payg‘ambarlik qilgan vaqtlarida Bobil va Misr o‘lkalarida hatto sehrning mashhur bozorlari bor edi” (Tarix Ibn Xaldun. 657/1).
Davron NURMUHAMMAD
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati