Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ominaning homilasi oddiy homila emas edi. Bu homila xayr-baraka homilasi edi. Alloh taolo ana shu homilaning barakasidan Ka’bani buzib tashlash niyatida Makkaga bostirib kelgan Abraha boshliq fil egalarini halok etdi.
Omina esa o‘zida homilador ayollarda bo‘ladigan mashaqqatlarni mutlaqo sezmas edi. Tushida g‘oyibdan kelgan ovoz unga «Albatta, sen ushbu ummatning ulug‘iga homilador bo‘lding», der edi.
Alloh taolo fil egalarini halok etganidan ellik kun o‘tib, Ominani to‘lg‘oq tutdi. Bu to‘lg‘oq oddiy to‘lg‘oq emas edi. Ominaning homilasi odatdagi holatlardan tamoman o‘zgacha bir holatda yorug‘ dunyoga keldi. Uning qornidan go‘yo bir nur – go‘dak xuddi sajda qilayotgandek holda yerga tushdi.
Dunyoni nurga to‘ldirgan, butun mavjudotni baxtga cho‘mdirgan bu ulug‘ kun Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni, dushanba kuni (milodiy 570 yil, 20 aprel) edi.
U Zot sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlariga bog‘liq ajoyibotlar
O‘sha kuni odamlar ko‘pgina odatdan tashqari hodisalarning shohidi bo‘ldilar:
1. Butlar larzaga tushib, qimirlab ketdi. Ba’zilari yuztuban yerga yiqildi. Chunki ularni yo‘q qiluvchi zot dunyoga kelgan edi.
2. Makkadan bir nur zohir bo‘lib, Shomdagi qasrlarni yoritib yubordi. Chunki butun dunyoga iymon nurini eltuvchi zot dunyoga kelgan edi.
3. Hishom ibn Urvaning ta’kidlashicha, o‘sha kuni Makkada tojirlik qiluvchi bir yahudiy qurayshliklar to‘planib o‘tirgan joyga kelib:
«Ey qurayshliklar jamoasi, bugun sizlarda biror bola tug‘ildimi?», degan. Ular:
«Bilmadik», deyishgan. Shunda haligi yahudiy:
«Allohu Akbar! Ammo bilmagan bo‘lsangiz, biling! Sizga aytadigan gapimni yaxshilab yodlab oling! Bugun ushbu oxirgi ummatning nabiysi tug‘ildi. Uning ikki kuragi orasida alomat bor. Alomatning ustida tuklar bor», dedi.
4. Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Yetti-sakkiz yoshdagi bola edim. Ko‘rgan-eshitgan narsamga aqlim yetar edi. Bir kuni ertalab Yasribda bir yahudiy:
«Ey yahudiylar jamoasi!» deb baqirib qoldi. Uning oldiga to‘planishdi. Men eshitib turibman. Ular:
«Sho‘ring qurg‘ur, senga nima bo‘ldi?» dedilar.
«Batahqiq, bu kecha tug‘iladigan Ahmadning yulduzi chiqdi!» dedi».
5. Maxzum ibn Hone’ al-Maxzumiyning aytishicha, o‘sha kuni Fors podshohi Kisroning ayvoni larzaga kelib, o‘n ikkita bolaxonasi qulab tushgan. Majusiylarning ming yildan buyon o‘chmay turgan olovlari o‘chib qolgan.
Ba’zi bir kishilarga bu gaplar g‘alatiroq tuyulishi mumkin. Lekin bor haqiqat shu. Bu hodisalar turli tarixchilar tomonidan, jumladan, musulmon emaslari tomonidan ham o‘rganib chiqilgan. Ularning barchasi mazkur hodisalar mubolag‘a emasligini tasdiqlaganlar.
Bularning hammasi Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning kelajakda kim bo‘lishlariga ishorat edi.
Omina yangi tug‘ilgan go‘dakning suyunchilik xabarini berish uchun Abdulmuttolibga odam yuborib, «Sizga bir g‘ulom tug‘ildi, kelib, unga bir nazar soling», dedi.
Ehtimol, u kishi bu bilan yangi kuyovlik chog‘idayoq vafot etgan o‘g‘lining ko‘yida o‘rtanib yurgan keksa otaning ko‘ngliga bir oz quvonch kirishini istagandirlar.
Abdulmuttolib quvonchga to‘lgan holida shoshib, yetib keldi. Murg‘ak nabirasini qo‘liga olib, o‘pdi. Uni avaylab ko‘tarib, Ka’bai Muazzamaning ichiga olib kirdi. Alloh taologa hamd aytib, duoi xayrlar qildi. So‘ngra nabirasiga Muhammad degan ism qo‘ydi. Arablar ichida bu ism hali tarqalmagan edi. Odamlar hayron qolishdi...
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mening beshta ismim bor. Men Muhammadman. Men Ahmadman. Men Mohiyman, Alloh men ila kufrni mahv etur. Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur. Men Oqibman», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlarining asosiy ismlariga qo‘shib, yana to‘rtta sifatlaridan kelib chiqadigan ismlarini ham tilga olmoqdalar:
1. Muhammad.
Bu muborak ismning lug‘aviy ma’nosi «hamd-maqtov aytilgan»dir. Arab tilining xususiyatlaridan kelib chiqib, tilshunos ulamolar «Ayni shu siyg‘adan, ya’ni Muhammad siyg‘asidan «Maqtovi tinmay yangilanib turuvchi» degan ma’no chiqadi», deydilar.
Tarixchilarning rivoyat qilishlaricha, Omina onamiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga homiladorlik vaqtlarida ko‘rgan tushlarida bolalari tug‘ilganda uni Muhammad deb nomlashlari kerakligi aytilgan ekan.
Shuningdek, Abdulmuttolib ham tushida o‘z sulbidan odatdagidan boshqa ulug‘ maqomga sazovor bo‘ladigan farzand tug‘ilishiga ishora qiluvchi holatni ko‘rgan ekan. Ikki tushning ta’sirida va kelinning gapiga binoan, Abdulmuttolib nabirasini Muhammad deb atagan.
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, o‘sha vaqtgacha arablarning ichida faqat uch kishiga Muhammad ismi qo‘yilgan ekan.
Bir guruh kishilar bir podshohning huzurida bo‘lishibdi. U avvalgi kitoblardan xabardor ekan. Podshoh suhbat davomida Hijoz tomondan Muhammad nomli payg‘ambar chiqishining xabarini aytibdi.
Mehmonlar ichidan uch kishining xotinlari homilador ekan. Uchovlari ham «Xotinim o‘g‘il tug‘sa, ismini Muhammad qo‘yaman», deb niyat qilibdilar. Ularning xotinlari o‘g‘il tug‘ibdi. Farzandlarni yaxshi niyat bilan Muhammad deb nomlabdilar.
Ular quyidagi kishilar ekanlar: Muhammad ibn Sulaymon ibn Mujoshe’, Muhammad ibn Uhayha ibn al-Julaah va Muhammad ibn Himron ibn Robiy’alar.
2. Ahmad.
Bu muborak ismning ma’nosi «Ko‘p hamd aytuvchi» bo‘lib, bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa ko‘p hamd aytishlariga ishoradir. Avvalgi samoviy kitoblardagi bashoratlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning faqat Ahmad ismlari kelgan.
3. Mohiy.
Bu ismning ma’nosini Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari «Men Mohiyman, Alloh men ila kufrni mahv etur» deb bayon qilib bermoqdalar.
Biz mahv etishning hozirgi paytdagi ko‘proq ishlatiladigan ma’nosini oladigan bo‘lsak, «o‘chirib tashlash» ma’nosi to‘g‘riroq kelsa kerak. Ya’ni Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ila kufrni o‘chirib tashlaydi.
4. «Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur».
Ya’ni Alloh taolo qiyomat kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qadamlari oldiga hashr maydonida xaloyiqni to‘playdi.
5. Oqib.
Bu muborak ismning ma’nosi «ortdan keluvchi» deganidir. Chunki Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam hamma payg‘ambarlarning ortidan oxirgi payg‘ambar bo‘lib kelganlar, u kishidan keyin boshqa payg‘ambar kelmaydi.
«Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga o‘zlarini bir necha ismlar ila nomlar edilar: Men Muhammadman, Ahmadman, Muqaffiyman, Hoshirman, Nabiyyuttavbaman, Nabiyyurrohmaman», der edilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Bu rivoyatda avval zikr qilinmagan uchta ism zikr qilinmoqda:
1. Muqaffiy.
Bu muborak ismning ma’nosi ham «orqadan keluvchi» bo‘lib, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanliklarini anglatadi.
2. Nabiyyuttavba.
Bu muborak ismning ma’nosi «tavba payg‘ambari» deganidir.
3. Nabiyyurrohma.
Bu muborak ismning ma’nosi «rahmat payg‘ambari» degani.
"Hadis va hayot" kitobidan
Til shunchaki muomala va muloqot vositasi emas. U insonga Alloh taboraka va taoloning ato etgan eng ulug‘ ilohiy ne’matlaridan biridir. Qur’oni karimda insonning yaratilishi va unga bayon, ya’ni so‘zlash, fikr, ifodalash ta’lim berilganini alohida ta’kidlanadi: «Ar-Rohman. Qur’onni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi» («Ar-Rohman» surasi, 1–4-oyatlar).
Islom aqidasiga ko‘ra, dunyodagi rang-barang tillar va lahjalar Alloh taoloning cheksiz qudrati va hikmatini ko‘rsatuvchi oyat-dalillardir. Yer yuzida turli millat va elatlarning mavjudligi, ularning o‘z tiliga ega ekani tasodif emas, balki Ilohiy irodaning go‘zal ifodasidir. Bu haqda ilohiy kalomda bunday marhamat qilinadi: «Va Uning oyatlaridan (qudrati dalillaridan) osmonlar va yerning yaratilishi hamda tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishidir...» («Rum» surasi, 22-oyat).
Ona tili har bir xalqning o‘zligi, ma’naviy qiyofasi va ruhiy dunyosini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Har bir payg‘ambar o‘z qavmiga tushunarli bo‘lishi uchun aynan o‘z xalqining tilida yuborilgan. Bu haqda ham Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Biz har bir payg‘ambarni o‘z qavmi tili bilan yubordik, toki ularga (ilohiy hukmlarni) bayon qilib bersin» («Ibrohim» surasi, 4-oyat).
Bu oyatdan ko‘rinadiki, til – dinni, ezgulikni va haqiqatni yetkazishning eng muhim vositasidir. Tilni asrash va uni rivojlantirish – Alloh bergan omonatni asrash bilan tengdir.
Islom dini nafaqat tilning kelib chiqishi va qadriga, balki undan foydalanish odobiga ham juda katta e’tibor beradi. Musulmon kishining tili faqat yaxshilik va ezgulik taratadigan vosita bo‘lishi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, faqat xayrli (yaxshi) so‘zlarni so‘zlasin yoki sukut saqlasin» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tili asrlar davomida Islom ma’rifati, tasavvuf hikmatlari va yuksak axloq bilan sug‘orilgan. Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ allomalarimiz bu tilni eng yuksak maqomlarga ko‘targanlar. Navoiy hazratlari ta’kidlaganlaridek: «Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz», o‘z ona tilini hurmat qilmaydigan, uni e’zozlamaydigan kishilar eliga, millatiga e’tiborsiz bo‘ladilar. Bunday kimsalar til, millat, vatan tushunchalarining asl mohiyatini, qadr-qimmatini hech qachon anglab yetolmaydilar. Shu o‘rinda Islom nuqtayi nazaridan tilni toza saqlash qanday odoblarni talab etishi masalasiga to‘xtalib o‘tsak. Zero, bu odoblar barchamiz uchun juda zarur, chunki ularning zamirida ona tiliga hurmat-e’tibor masalasi yotadi. Bu odoblarning asosiylari quyidagilardir:
1. So‘zni poklash, ya’ni tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, so‘kinish va behayo so‘zlardan asrash.
2. Til sofligini saqlash – millat tilini begona, axloqqa zid va mazmunsiz iboralar bilan buzmaslik.
3. Payg‘ambar sunnatiga ergashish: Nabiy alayhissalom so‘zlaganda juda aniq, tushunarli va shirinso‘zlik bilan, tinglovchiga ozor bermay so‘zlar edilar.
Shuni unutmaslik kerakki, milliy o‘zlikni anglash ona tili va kelajak oldidagi mas’uliyatni his qilishdan boshlanadi. Ona tilini sevish, uni e’zozlash va keyingi avlodlarga sof holida yetkazish – har bir insonning vatanparvarlik va ma’naviy burchidir. Islom ta’limotida Vatanni sevish va uning qadriyatlarini asrash iymonning go‘zal ko‘rinishlaridan sanaladi. Til esa Vatanning ma’naviy chegarasidir. Bu chegarani qo‘riqlash Vatan sarhadlarini qo‘riqlash kabi muhim va sharafli ishdir.
Bizning o‘zbek tilimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy kabi dunyoga mashhur allomalar yurtida shakllangan va boyigan tildir. Bu tilda qanchadan-qancha ilmiy va diniy asarlar bitgan, hikmatlar aytilgan. Agar biz o‘z tilimizni unutsak yoki unga beparvo bo‘lsak, o‘z milliy ildizlarimizdan va boy ma’naviy merosimizdan uzilib qolamiz. Tilni asrash, uni yosh avlodga pok, mukammal va go‘zal ko‘rinishda meros qoldirishimiz uchun quyidagi harakatlarni qilishimiz zarur.
Oilada ona tili muhitini mustahkamlash, ya’ni farzandlarimizga yoshligidan ona tilimizning nafosatini, boyligini va go‘zalligini singdirish.
Ilm va ma’rifat tiliga aylantirish, ya’ni zamonaviy fan, texnologiya va Islom ma’rifatini ona tilimizda keng targ‘ib qilish va asarlar tarjima qilish.
So‘z mas’uliyatini his qilish, ya’ni har bir yozilgan va aytilgan so‘z uchun Parvardigor oldida javobgar ekanimizni unutmaslik.
Biz bugun shunga ahamiyat bermog‘imiz lozimki, til bayrami – bu shunchaki bayram sanasi emas, balki Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne’matdir. Unga shukronalik bildirish va o‘zlikni anglash kunidir. Ona tilimizni asrab-avaylash, uning sofligi va jozibadorligini saqlash, tilimizda ezgu va xayrli so‘zlarni so‘zlash har birimizning insoniy va diniy burchimizdir.
Alloh taolo ona tilimizning qadri va maqomini hamisha baland qilsin, yurtimizni ma’rifat va tinchlik nuri bilan munavvar aylasin!
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom xatib o‘rinbosari,
Ulamolar kengashi a’zosi.