Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ominaning homilasi oddiy homila emas edi. Bu homila xayr-baraka homilasi edi. Alloh taolo ana shu homilaning barakasidan Ka’bani buzib tashlash niyatida Makkaga bostirib kelgan Abraha boshliq fil egalarini halok etdi.
Omina esa o‘zida homilador ayollarda bo‘ladigan mashaqqatlarni mutlaqo sezmas edi. Tushida g‘oyibdan kelgan ovoz unga «Albatta, sen ushbu ummatning ulug‘iga homilador bo‘lding», der edi.
Alloh taolo fil egalarini halok etganidan ellik kun o‘tib, Ominani to‘lg‘oq tutdi. Bu to‘lg‘oq oddiy to‘lg‘oq emas edi. Ominaning homilasi odatdagi holatlardan tamoman o‘zgacha bir holatda yorug‘ dunyoga keldi. Uning qornidan go‘yo bir nur – go‘dak xuddi sajda qilayotgandek holda yerga tushdi.
Dunyoni nurga to‘ldirgan, butun mavjudotni baxtga cho‘mdirgan bu ulug‘ kun Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni, dushanba kuni (milodiy 570 yil, 20 aprel) edi.
U Zot sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlariga bog‘liq ajoyibotlar
O‘sha kuni odamlar ko‘pgina odatdan tashqari hodisalarning shohidi bo‘ldilar:
1. Butlar larzaga tushib, qimirlab ketdi. Ba’zilari yuztuban yerga yiqildi. Chunki ularni yo‘q qiluvchi zot dunyoga kelgan edi.
2. Makkadan bir nur zohir bo‘lib, Shomdagi qasrlarni yoritib yubordi. Chunki butun dunyoga iymon nurini eltuvchi zot dunyoga kelgan edi.
3. Hishom ibn Urvaning ta’kidlashicha, o‘sha kuni Makkada tojirlik qiluvchi bir yahudiy qurayshliklar to‘planib o‘tirgan joyga kelib:
«Ey qurayshliklar jamoasi, bugun sizlarda biror bola tug‘ildimi?», degan. Ular:
«Bilmadik», deyishgan. Shunda haligi yahudiy:
«Allohu Akbar! Ammo bilmagan bo‘lsangiz, biling! Sizga aytadigan gapimni yaxshilab yodlab oling! Bugun ushbu oxirgi ummatning nabiysi tug‘ildi. Uning ikki kuragi orasida alomat bor. Alomatning ustida tuklar bor», dedi.
4. Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Yetti-sakkiz yoshdagi bola edim. Ko‘rgan-eshitgan narsamga aqlim yetar edi. Bir kuni ertalab Yasribda bir yahudiy:
«Ey yahudiylar jamoasi!» deb baqirib qoldi. Uning oldiga to‘planishdi. Men eshitib turibman. Ular:
«Sho‘ring qurg‘ur, senga nima bo‘ldi?» dedilar.
«Batahqiq, bu kecha tug‘iladigan Ahmadning yulduzi chiqdi!» dedi».
5. Maxzum ibn Hone’ al-Maxzumiyning aytishicha, o‘sha kuni Fors podshohi Kisroning ayvoni larzaga kelib, o‘n ikkita bolaxonasi qulab tushgan. Majusiylarning ming yildan buyon o‘chmay turgan olovlari o‘chib qolgan.
Ba’zi bir kishilarga bu gaplar g‘alatiroq tuyulishi mumkin. Lekin bor haqiqat shu. Bu hodisalar turli tarixchilar tomonidan, jumladan, musulmon emaslari tomonidan ham o‘rganib chiqilgan. Ularning barchasi mazkur hodisalar mubolag‘a emasligini tasdiqlaganlar.
Bularning hammasi Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning kelajakda kim bo‘lishlariga ishorat edi.
Omina yangi tug‘ilgan go‘dakning suyunchilik xabarini berish uchun Abdulmuttolibga odam yuborib, «Sizga bir g‘ulom tug‘ildi, kelib, unga bir nazar soling», dedi.
Ehtimol, u kishi bu bilan yangi kuyovlik chog‘idayoq vafot etgan o‘g‘lining ko‘yida o‘rtanib yurgan keksa otaning ko‘ngliga bir oz quvonch kirishini istagandirlar.
Abdulmuttolib quvonchga to‘lgan holida shoshib, yetib keldi. Murg‘ak nabirasini qo‘liga olib, o‘pdi. Uni avaylab ko‘tarib, Ka’bai Muazzamaning ichiga olib kirdi. Alloh taologa hamd aytib, duoi xayrlar qildi. So‘ngra nabirasiga Muhammad degan ism qo‘ydi. Arablar ichida bu ism hali tarqalmagan edi. Odamlar hayron qolishdi...
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mening beshta ismim bor. Men Muhammadman. Men Ahmadman. Men Mohiyman, Alloh men ila kufrni mahv etur. Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur. Men Oqibman», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlarining asosiy ismlariga qo‘shib, yana to‘rtta sifatlaridan kelib chiqadigan ismlarini ham tilga olmoqdalar:
1. Muhammad.
Bu muborak ismning lug‘aviy ma’nosi «hamd-maqtov aytilgan»dir. Arab tilining xususiyatlaridan kelib chiqib, tilshunos ulamolar «Ayni shu siyg‘adan, ya’ni Muhammad siyg‘asidan «Maqtovi tinmay yangilanib turuvchi» degan ma’no chiqadi», deydilar.
Tarixchilarning rivoyat qilishlaricha, Omina onamiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga homiladorlik vaqtlarida ko‘rgan tushlarida bolalari tug‘ilganda uni Muhammad deb nomlashlari kerakligi aytilgan ekan.
Shuningdek, Abdulmuttolib ham tushida o‘z sulbidan odatdagidan boshqa ulug‘ maqomga sazovor bo‘ladigan farzand tug‘ilishiga ishora qiluvchi holatni ko‘rgan ekan. Ikki tushning ta’sirida va kelinning gapiga binoan, Abdulmuttolib nabirasini Muhammad deb atagan.
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, o‘sha vaqtgacha arablarning ichida faqat uch kishiga Muhammad ismi qo‘yilgan ekan.
Bir guruh kishilar bir podshohning huzurida bo‘lishibdi. U avvalgi kitoblardan xabardor ekan. Podshoh suhbat davomida Hijoz tomondan Muhammad nomli payg‘ambar chiqishining xabarini aytibdi.
Mehmonlar ichidan uch kishining xotinlari homilador ekan. Uchovlari ham «Xotinim o‘g‘il tug‘sa, ismini Muhammad qo‘yaman», deb niyat qilibdilar. Ularning xotinlari o‘g‘il tug‘ibdi. Farzandlarni yaxshi niyat bilan Muhammad deb nomlabdilar.
Ular quyidagi kishilar ekanlar: Muhammad ibn Sulaymon ibn Mujoshe’, Muhammad ibn Uhayha ibn al-Julaah va Muhammad ibn Himron ibn Robiy’alar.
2. Ahmad.
Bu muborak ismning ma’nosi «Ko‘p hamd aytuvchi» bo‘lib, bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa ko‘p hamd aytishlariga ishoradir. Avvalgi samoviy kitoblardagi bashoratlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning faqat Ahmad ismlari kelgan.
3. Mohiy.
Bu ismning ma’nosini Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari «Men Mohiyman, Alloh men ila kufrni mahv etur» deb bayon qilib bermoqdalar.
Biz mahv etishning hozirgi paytdagi ko‘proq ishlatiladigan ma’nosini oladigan bo‘lsak, «o‘chirib tashlash» ma’nosi to‘g‘riroq kelsa kerak. Ya’ni Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ila kufrni o‘chirib tashlaydi.
4. «Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur».
Ya’ni Alloh taolo qiyomat kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qadamlari oldiga hashr maydonida xaloyiqni to‘playdi.
5. Oqib.
Bu muborak ismning ma’nosi «ortdan keluvchi» deganidir. Chunki Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam hamma payg‘ambarlarning ortidan oxirgi payg‘ambar bo‘lib kelganlar, u kishidan keyin boshqa payg‘ambar kelmaydi.
«Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga o‘zlarini bir necha ismlar ila nomlar edilar: Men Muhammadman, Ahmadman, Muqaffiyman, Hoshirman, Nabiyyuttavbaman, Nabiyyurrohmaman», der edilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Bu rivoyatda avval zikr qilinmagan uchta ism zikr qilinmoqda:
1. Muqaffiy.
Bu muborak ismning ma’nosi ham «orqadan keluvchi» bo‘lib, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanliklarini anglatadi.
2. Nabiyyuttavba.
Bu muborak ismning ma’nosi «tavba payg‘ambari» deganidir.
3. Nabiyyurrohma.
Bu muborak ismning ma’nosi «rahmat payg‘ambari» degani.
"Hadis va hayot" kitobidan
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan «Davlat tili – milliy ma’naviyatimiz timsoli» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirdan maqsad talaba-yoshlarda ona tiliga hurmatni oshirish, ularni o‘zbek tilining tarixi, milliy davlatchiligimiz va ma’naviy hayotimizdagi o‘rni bilan tanishtirish, davlat tiliga oid islohotlarning mohiyatini keng tushuntirishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatini institutning «Ijtimoiy fanlar va tillar» kafedrasi o‘qituvchisi Sh.Badiyev olib bordi. U 1-bosqich talabalariga o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyot bosqichlari, sovet davridagi til siyosati, davlat tili maqomi uchun olib borilgan sa’y-harakatlar hamda mustaqillik yillarida ona tilimiz nufuzini oshirish borasida amalga oshirilgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda til har bir millatning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi, milliy o‘zligi va madaniy merosini saqlab qoluvchi eng muhim omillardan biri ekani ta’kidlandi. Xalqning asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, qadriyatlari, ilmiy tafakkuri va ma’naviy boyliklari avloddan-avlodga, avvalo, ona tili orqali yetkaziladi.
Ma’ruzada sovet davri til siyosatiga alohida to‘xtalindi. Bu davrda rus tilining davlat boshqaruvi, oliy ta’lim, ilm-fan va ayrim rasmiy ish yuritish sohalaridagi mavqei kuchayib borib, o‘zbek tili ijtimoiy hayotning muayyan yo‘nalishlarida cheklangan imkoniyatlar bilan qo‘llanilgani tarixiy misollar orqali tushuntirildi. Yozuv tizimining bir necha bor o‘zgartirilgani, jumladan, arab yozuvidan lotin grafikasiga, keyinchalik kirill alifbosiga o‘tilishi milliy yozma merosni o‘rganishga va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy-madaniy uzviylikka ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi. Shu bilan birga, ma’ruzachi o‘zbek tilida adabiyot, matbuot va ilmiy faoliyat rivojlanganini, biroq tillarning rasmiy va ijtimoiy mavqeida tengsizlik mavjud bo‘lganini ham ta’kidladi.
Ayniqsa, 1989 yil 21 oktyabrda «Davlat tili haqida»gi Qonunning qabul qilinishi xalqimiz ma’naviy hayotidagi muhim tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi. Qonun bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi milliy o‘zlikni anglash, ona tiliga hurmatni kuchaytirish va uning davlat hamda jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam deb baholandi.
Mustaqillik yillarida davlat tilining huquqiy maqomini mustahkamlash, nufuzini oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan va davlat boshqaruvida undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratildi. Jumladan, o‘zbek tilining davlat tili sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangani, 1995 yilda «Davlat tili haqida»gi Qonunning yangi tahriri qabul qilingani, 2019 yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmonining ahamiyati haqida ma’lumot berildi. 2020 yilda 21 oktyabrning «O‘zbek tili bayrami kuni» etib belgilanishi ham ona tilimiz mavqeini yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri ekani ta’kidlandi.
Davra suhbatida o‘zbek tilining boy ilmiy va adabiy merosi haqida ham so‘z yuritildi. Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy va Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning turkiy tillar, adabiyot va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi. Alisher Navoiyning turkiy tilning boy ifoda imkoniyatlarini namoyon etgan ijodi va «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarining tilshunoslik tarixidagi ahamiyati alohida qayd etildi. Allomalarimiz qoldirgan meros ona tilimiz nafaqat kundalik muloqot vositasi, balki yuksak ilmiy, adabiy va falsafiy tafakkurni ifodalashga qodir til ekanini ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Shuningdek, diniy ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘zbek adabiy tili me’yorlarini puxta o‘zlashtirish, fikrni aniq, ravon va mantiqiy ifodalash, diniy-ma’rifiy tushunchalarni keng jamoatchilikka sodda va tushunarli tilda yetkazish alohida ahamiyatga ega ekani aytildi. Kelajakda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritadigan mutaxassislar arab tili va islom ilmlarini puxta egallash bilan birga, o‘zbek tilining lug‘aviy boyligi, uslubiy imkoniyatlari va nutq madaniyatini ham chuqur o‘zlashtirishlari zarurligi qayd etildi.
Globallashuv, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar sharoitida ona tili sofligi, imlo me’yorlari va nutq madaniyatini saqlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Yoshlarning davlat tilida savodli yozishi, adabiy til me’yorlariga amal qilishi va internetda ham ona tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi muhim ma’naviy mas’uliyat ekani ta’kidlandi. Boshqa tillarni o‘rganish va o‘zbek tiliga hurmat bir-biriga zid emasligi, aksincha, ko‘p tillilik zamonaviy bilimlarni egallash va xalqaro ilmiy muloqotda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishi aytildi.
Tadbir yakunida ona tilini asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish, milliy ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish har bir ziyoli va yosh mutaxassisning muhim burchi ekani ta’kidlandi.
Mazkur davra suhbati talabalarning o‘zbek tili tarixi va davlat tili siyosatiga oid bilimlarini boyitish, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlash hamda ona tiliga hurmat-ehtiromni yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim tarbiyaviy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti Matbuot xizmati