Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylarida qo‘y so‘yildi. Uni sadaqa qilib yuborishni buyurdilar. So‘ngra bir ish bilan uydan chiqib ketdilar. Qaytib kelgach, Oisha roziyallohu anhodan so‘radilar:
- Undan nima qoldi?
Oisha onamiz roziyallohu anho dedilar:
- Faqat qo‘li qoldi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
غير كتفها بقى كلها
- Qo‘lidan boshqa hamma joyi qolibdi! dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Buyuk insonning buyuk javobi!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo insonlarga dunyoning oxirat ekinzori ekanini ta’kidlar edilar. Bugun faqat ekish bor. Hosil olish yo‘q. Oxiratda esa hosil yig‘ishtirish bor, ekish yo‘q!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imkon tug‘ilgani zahoti darrov paytni g‘animat bilib, dunyoning foniyligini, oxiratning boqiyligini insonlarga singdirishga harakat qilar edilar. Yuqoridagi savol-javob ham barcha uylarda bo‘lib turadigan oilaviy suhbat edi. Er xotinidan uydagi chiqim va ovqat haqida so‘rayapti. Nabiy sollallohu alayhi vasallam oddiy suhbatni g‘ayrioddiy darsga aylantiryaptilar! U kishi Oisha onamiz roziyallohu anhodan dunyo savolini so‘rayaptilar:
- Undan nima qoldi?
Oisha onamiz ham dunyo javobini beryaptilar
- Faqat qo‘li qoldi.
Oisha roziyallohu anhoning javoblaridan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darrov oxirat darslaridan muhim bir darsni beryaptilar:
- Qo‘lidan boshqa hamma joyi qolibdi!
Qo‘limizdagi mol bizniki emas.
Bizning haqiqiy molimiz erta qiyomatda topishimiz uchun bugun Allohning huzurida zaxira qilayotgan molimizdir!
Qo‘yning qo‘li yeb tugatiladi. Ammo undan chiqarilgan sadaqa Allohning huzurida saqlanib qoladi. Alloh O‘zining karami bilan e’tibor beradigan oxiratdagi «bank»da saqlanadi!
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bunday deganlar:
من تصدق بعدل تمرة من كسب طيب - ولا يقبل الله إلا الطيب - فإن الله يقبلها بيمينه ثم يربيها لصاحبها كما يربى أحدكم فلوه حتى تكون مثل الجبل
«Kim halol topgan molidan xurmo miqdoricha sadaqa qilsa — Alloh taolo faqat halol, pok narsani qabul qiladi - albatta, Alloh uni o‘ngi bilan qabul qilib, sizlar kichkina toychoqni parvarish qilganingiz kabi o‘stirib parvarishlaydi. Hatto o‘sha sadaqasi tog‘ barobar bo‘lib ketadi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
«Bank»ning ajoyibligini qarang! Zaxiraning barakasini qarang! Allohning roziligini istab qilingan xurmo miqdoridagi sadaqangizni Allohning O‘zi qabul qilib olib, uni o‘stirar ekan. Ertaga oxirat kunida Allohning huzuriga borsangiz, uni xuddi tog‘ kabi kattalashib ketgan holda topar ekansiz!
Sulton Sulaymon Qonuniy o‘lim to‘shagida yotganida atrofidagilarga: «Agar vafot qilsam, qo‘limni tobutdan chiqarib qo‘yinglar. Insonlar ko‘rsinki, sulton dunyodan ikki qo‘li bo‘sh holatda ketmoqda!» deb tayinlagan ekan.
Sadaqa qilaylik! Kafanning cho‘ntagi yo‘q!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati