Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Iyul, 2026   |   16 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:54
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:45
Bismillah
01 Iyul, 2026, 16 Muharram, 1448

Hadisning 3 turi

10.10.2025   9043   8 min.
Hadisning 3 turi

SUNNATNING MUHOFAZASI

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlari birinchi marta hijriy III asrda tadvin[1] qilinganini da’vo qilish mutlaqo xatodir. Hadislarni to‘plash Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik davrlaridan boshlangan. Hadislar faqatgina yozib qo‘yish orqali saqlanmagan, balki uning yanada boshqa bir qancha usullari ham bo‘lgan.

 

HADISNING UCH TURI

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan so‘zlari hadis sanaladi. Hadislar naql qilish yo‘llariga ko‘ra uchta asosiy turga bo‘linadi:

1. Mutavotir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zamonlaridan to bugungacha, yolg‘on gapirishga kelishib olishlari imkonsiz bo‘lgan ko‘p miqdordagi roviylar tomonidan rivoyat qilingan hadisdir. Bu turdagi hadis ikki qismga bo‘linadi:

A. Lafzan mutavotir. Lafz e’tiboridan, mutavotir uchun talab qilingani kabi ko‘p miqdordagi roviy tomonidan hamma roviylari jiddiy bir chalkashlikka yo‘l qo‘ymay, ayni lafzlarni rivoyatda ittifoq qilgan holda rivoyat qilgan bir hadisdir.

B. Ma’naviy mutavotir. Roviylar tomonidan ayni lafzlar bilan rivoyat qilinmagan hadisdir. Roviylarning lafzlari farqlidir. Hatto ba’zida naql qilingan hodisalar ham ayni hodisa bo‘lmaydi. Faqat barcha roviylar hamma rivoyatlarda umumiy bo‘lgan bir ishni naql qilishda ittifoq qilganlar. Masalan , Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

من كذب علي متعمداً فليتبوأ مقعده من النار

“Kim menga qasddan yolg‘onni nisbat bersa, jahannamdagi joyiga tayyorlanaversin”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).

Bu birinchi turga kiradigan mutavotir hadisdir. Chunki bu hadisning eng kamida 74 ta ta roviysi bor. Boshqacha qilib aytganda, 74 ta sahoba farqli holatlarda, ammo barchalari ayni lafzlar bilan rivoyat qilishgan.

Bu hadisni u sahobalardan olganlarning adadi yanada ko‘p. Chunki o‘sha 74 nafar sahobaning har biri buni bir necha shogirdiga yetkazgan. Shunday qilib, bu hadisning har bir tabaqadagi roviylari yanada ortib boradi va aslo yetmish to‘rttadan kamaymagan. Endi raqamda yuztacha bo‘lgan bu roviylar, hadisni eng kichkina bir o‘zgarish kiritmasdan, ayni lafzlar bilan rivoyat qilmoqdalar. Shu sababli bu hadis “lafzan mutavotir”dir. Chunki bu qadar ko‘p sahobaning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yolg‘onni nisbat berish uchun yolg‘onga kelishib olishlari aqlga sig‘maydi.

Boshqa tomondan, ko‘pchilik roviylar tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bomdod namozida ikki, peshin, asr va xufton to‘rt, shom namozida uch rak’at namoz o‘qishni buyurganlari rivoyat qilingan. Ammo rak’atlar sonini aytgan hamma roviylarning lafzi bir xilda emas. Ularning lafzlari farqli. Hatto ular tomonidan naql qilingan hodisalar ham farqlidir. Ammo barcha rivoyatlarning maqsadi ayni. Bu umumiy maqsadning, ya’ni rak’atlarning aniq soni “ma’naviy mutavotir” o‘laroq qabul qilingan.


2. Mashhur. Bu turdagi hadisni muhaddislar bunday ta’riflaydilar: “Mashhur hadis – mutavotir darajasiga yetmagan, ammo roviylari soni har bir tabaqada uchtadan kam bo‘lmagan hadis” (Suyutiy, Tadbirur roviy, J.II. Karochi, 1972. – B. 181.).

Bu atama faqihlar tomonidan biroz farqli tarzda ta’riflanadi: “Mashhur hadis as'hobi kirom darajasida mutavotir bo‘lmagan, ammo ulardan keyin tavotur darajasiga yetgan hadisdir”.


3. Xabari vohid (bir kishi keltirgan xabar). Roviylari soni har bir tabaqada uchtadan oz bo‘lgan hadisdir.

Keling endi bu uch turdagi hadislarning har birini alohida o‘rganib chiqaylik.

Mutavotirga kelsak, hech kim uning aniq ishonchligiga hech qanday shubha qilmaydi. Mutavotir bir sanad bilan naql qilingan voqea, kundalik hayotimiz bilan bog‘liq bo‘lganlarini ham o‘z ichiga olgan holda har doim aniq haqiqat o‘laroq qabul qilingandir. Mutavotir bir rivoyatga suyangan har qanday xabar hamma tomonidan ikkilanmasdan qabul qilinishi shartdir. Men Moskva shahrini hech ko‘rmaganman, ammo Moskvaning bir shahar ekani inkor qilib bo‘lmas aniq bir haqiqatdir. Bu haqiqat menga shaharni ko‘rgan ko‘p miqdordagi roviylar tomonidan isbotlanmoqda. Bu doimiy rivoyat qilingan, ya’ni “mutavotir” bir haqiqatdir-ki unga inkor ham, shubha ham qilinmaydi.

Birinchi va ikkinchi jahon urushlarini ham ko‘rmaganman, ammo bu ikki jangning ro‘y berganini, hech qanday shubhaga suyanmaydigan xabarlar, ular bilan bog‘liq mutavotir xabarlar naql qilmoqda. Sog‘lom aql egasi bo‘lgan hech kim, bu janglarning ro‘y berganini bildirgan insonlarning yolg‘on bir xabar to‘qish uchun ittifoq qilganlarini va bu janglarning bo‘lmaganini da’vo qila olmaydi. Jangning haqiqatda bo‘lgan hodisaligi “mutavotir” xabarga suyanilmoqda.

Ayni shaklda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari haqidagi mutavotir xabarlar ham uning ishonchliligi hech qanday shubhasiz qabul qilinishi kerak.

Xullas, xoh lafzan mutavotir, xoh ma’nan mutavotir bo‘lsin mutavotir hadislar Qur’oni karim kabi ishonchga egadir va ikkalasi orasida rivoyat yo‘lining ishonchliligi tomonidan hech qanday farq yo‘qdir.

Mutavotirning birinchi guruhiga kiruvchi, ya’ni “lafzan mutavotir” bo‘lgan hadislar son jihatdan oz bo‘lsa ham, ikkinchi guruh bilan bog‘liq hadislar, ya’ni “ma’nan mutavotir” hadislar ko‘pdir. To‘g‘rirog‘i Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlarining muhim bir qismi mutavotirning bu turiga kiradi, hech qanday holatda ularning ishonchliligiga shubha qilinmaydi.

Ikkinchi guruhi, ya’ni mashhur hadisga kelsak, uning ishonchlilik darajasi mutavotirga qaraganda pastroq. Shu bilan birga roviylar soni har tabaqada ishonchli bo‘lgan uch kishidan ko‘proq bo‘lgani uchun rivoyat ishonchlidir.

Uchunchi guruh hadis “xabari vohid”dir. Bu guruhning ishonchliligi roviylarining to‘g‘riso‘z bo‘lishiga bog‘liqdir. Agar roviy ishonchli bo‘lsa, uning xabari qabul qilinishi mumkin. Ammo birgina roviyning shubhali bo‘lsa, butun xabar ehtiyotan shubhali qolishda davom etadi. Bu qoidaga hayotning har bir jabhasida amal qilinmoqda.

Nimaga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnati bilan bog‘liq xabarlarga qo‘llanilmasligi kerak? Aksincha xabar roviylari rivoyat qilgan narsalarining nozik tomonlaridan xabardor bo‘lganlari uchun ham “hadislar” mavzusida bu qoidani eng a’lo holatda qo‘llash mumkin.

Bu har qanday bir huquqiy yo diniy bir ta’sirga ega bo‘lmagan, tasodifiy bir hodisaga oid, oddiy bir xabar emas. Bu millionlab insonning hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatgan hodisaga oid bo‘lgan bir voqeaning rivoyatidir.

Hadis roviylari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bir so‘z yoki amalni nisbat berish o‘yin emasligini juda yaxshi bilishardi. Bu naql qilish jarayonida har qanday qasddan xato yo har qanday ikkilanish, Allohning g‘azabiga duchor qiladigan va jahannamda azob bo‘ladigan holatga olib borardi. Har bir roviy ushbu mashhur va mutavotir hadisni yaxshi bilgan: “Kim qasddan mening nomimdan yolg‘on gapirsa, jahannamdagi joyiga tayyorlanaversin”.

Bu hadis roviylarning qalbida shu qadar kuchli mas’uliyat hissini paydo qilganki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlarida har qanday narsani naql qilganda biror xato aralashmasin deb qo‘rqib, ranglari oqarib ketardi.

Bunday mas’uliyat – hadis roviylarining, bir hadisning muhofazasi va naqlida ehtiyotkor bo‘lishlarining asosiy sababi edi. Bu ehtiyot chorasi boshqa tarixiy hodisalarning naql qilinishida topilmaydi.

Endi keling hadislarni sof holatda muhofaza qilish uchun ummat tomonidan tatbiq qilingan farqli usullarni bayon etaylik.


"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi


[1] Kitob shaklida yozish.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon

29.06.2026   8208   3 min.
Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon

Joriy yilning 27 iyun kuni Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazida “Tamaddun” loyihasi qo‘shma dasturi doirasida “Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
 

Nufuzli anjumanda yurtimizdagi ko‘plab diniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalar, jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent islom instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mir Arab oliy madrasasi, Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti rahbariyati, ilmiy xodimlari va soha mutaxassislari ishtirok etdilar.


Yot g‘oyalarga qarshi sof aqidaviy maktab


Konferensiyada bugungi kunda global muammoga aylangan diniy radikalizm, takfirchilik va turli yot fikriy oqimlarga qarshi mafkuraviy kurashda sof Naqshbandiya tariqati, Moturidiylik aqidasi va Hanafiylik mazhabining o‘rni hamda ahamiyati beqiyos ekanligi alohida ta’kidlandi.


Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida haqiqiy tasavvuf aslo boqimondalik yoki dunyodan uzilish emasligini qayd etdilar. Aksincha, sobiq sovet tuzumi davrida insonlarni materialistik hayot tarziga moslashtirish va dinning asl mohiyatini buzib ko‘rsatish maqsadida ataylab soxta tariqatchilik g‘oyalari yoyilgani tarixiy dalillar va ilmiy asoslar bilan ochib berildi.


Xalqaro hamkorlik va ilmiy muloqot


Diniy-milliy qadriyatlarimizni tiklash, xalqimizning ma’naviy merosini asrash va jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashni maqsad qilgan ushbu anjumanda mahalliy ulamolar bilan bir qatorda xorijlik nufuzli olimlar ham qatnashdi. Jumladan, Buxoro davlat universiteti professori Ayman Usmon Ash-Shuray’iy va Turkiyaning Dijle (Dicle) universiteti xodimi Mustafo Alago‘zog‘lu (Mustafa Alagözoğlu) o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib, Naqshbandiya ta’limotining jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdilar.


Amaliy takliflar va istiqboldagi vazifalar


Anjuman yakunida bugungi davr talablari va yoshlar tarbiyasidagi dolzarb masalalardan kelib chiqqan holda bir qator muhim amaliy takliflar ilgari surildi: 
 

  1. Raqamli platformalar yaratish: Sof Naqshbandiylik manbalari, ulamolarning asarlari va ularning sharhlarini o‘z ichiga olgan maxsus raqamli platformalar hamda mobil ilovalarni ishlab chiqish;

  2. Ta’lim dasturlarini boyitish: Diniy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga tasavvuf fanlarini, xususan, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutasavviflar merosini chuqurlashtirilgan holda o‘rganishni tizimli kiritish;

  3. «Dil ba yor» shiorini targ‘ib qilish: Yoshlar o‘rtasida mehnatsevarlik, halol kasb va vatanparvarlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Naqshbandiya ta’limotining bosh g‘oyasi bo‘lmish “Dast ba koru dil ba yor” (Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin) shiori ostida yashab o‘tgan ulamolarning hayot yo‘lini keng jamoatchilikka yetkazish.


Anjuman ishtirokchilari bu kabi ilmiy uchrashuvlar yurtimizda din sofligini asrash va yoshlarni yot ta’sirlardan himoya qilishda muhim poydevor bo‘lishini e’tirof etdi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati
 

Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon
O'zbekiston yangiliklari