Sufyoni Savriy, Avzo’iy, Lays Ibn Sa’d, Sufyon ibn Uyayna, Abdulloh ibn Muborak va ahli sunnaning boshqa ulamolaridan mutashobih sifatlar kelgan oyatlar haqida: “Sifatlarning xabarlari qanday kelgan bo‘lsa, shundayligicha biror narsaga o‘xshatmasdan va inkor qilmasdan gapiriladi. “Qanday?”, “Nima uchun?”, deyilmaydi” degan rivoyatlar keladi.
Imom Abu Sulaymon Xattobiy rohimahulloh aytadilar: “Bizga va har bir musulmon kishiga Parvardigorimiz surat, shakl egasi emasligini bilishi shartdir. Chunki surat bo‘lishi kayfiyatni taqozo qiladi va bu narsa esa Alloh taolodan va Uning sifatlaridan inkor qilinadi”.
Imom Bayzoviy Hanafiy rohimahulloh “Ishorotul marom” nomli kitoblarida shunday deydilar: ““Bila kayf” degani bu “kayfiyatsiz, tana a’zosisiz va maxluqotlarga o‘xshamaydi” deganidir. Bu gapda bir nechta narsaga ishoralar bor. Ularning eng muhimi barcha kayfiyatning turlarini Allohdan nafiy qilish, chunki kayfiyat lug‘atda shakl ma’nosida keladi. Bu gap “Misbohul munirda” zikr qilingan””.
Rustam Oxunjonov,
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
matbuot kotibi
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ahli sunna val jamoa merosiga xizmat qilish, moturidiylik ilmiy maktabi boy merosini asrash va targ‘ib etishda ulkan va e’tirofga loyiq ishlarni amalga oshirmoqda. Ayniqsa, Imom Abu Mansur Moturidiy ana shu muborak zamin farzandi ekani bu markaz faoliyatiga alohida ma’no baxsh etadi.
Markaz muntazam ravishda noyob asarlarni nashr etish, ilmiy tadqiq qilish va ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu sa’y-harakatlarning barchasi tahsinga sazovor bo‘lib, Alloh taolo huzurida ham, inshaalloh, maqbul amallar qatoridan bo‘ladi.
Shayx Sayful Asri
Bulg‘or islom akademiyasi ustozi