Sufyoni Savriy, Avzo’iy, Lays Ibn Sa’d, Sufyon ibn Uyayna, Abdulloh ibn Muborak va ahli sunnaning boshqa ulamolaridan mutashobih sifatlar kelgan oyatlar haqida: “Sifatlarning xabarlari qanday kelgan bo‘lsa, shundayligicha biror narsaga o‘xshatmasdan va inkor qilmasdan gapiriladi. “Qanday?”, “Nima uchun?”, deyilmaydi” degan rivoyatlar keladi.
Imom Abu Sulaymon Xattobiy rohimahulloh aytadilar: “Bizga va har bir musulmon kishiga Parvardigorimiz surat, shakl egasi emasligini bilishi shartdir. Chunki surat bo‘lishi kayfiyatni taqozo qiladi va bu narsa esa Alloh taolodan va Uning sifatlaridan inkor qilinadi”.
Imom Bayzoviy Hanafiy rohimahulloh “Ishorotul marom” nomli kitoblarida shunday deydilar: ““Bila kayf” degani bu “kayfiyatsiz, tana a’zosisiz va maxluqotlarga o‘xshamaydi” deganidir. Bu gapda bir nechta narsaga ishoralar bor. Ularning eng muhimi barcha kayfiyatning turlarini Allohdan nafiy qilish, chunki kayfiyat lug‘atda shakl ma’nosida keladi. Bu gap “Misbohul munirda” zikr qilingan””.
Rustam Oxunjonov,
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
matbuot kotibi
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati