O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent islom instituti "Aqoid va fiqhiy fanlar" kafedrasi katta o‘qituvchisi Yahyo Razzoqovning padari buzrukvori Habibulloh ota Razzoqov vafoti munosabati bilan u kishining barcha oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Olamdan o‘tgan otaxonning barcha solih amallarini Alloh taolo o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
إِنَّا لِلّهِ وَإِنَّـا إِلَيْهِ رَاجِعونَ
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz».
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati