Dinimiz insonlar o‘rtasida tinchlik, totuvlik va birodarlikni asosiy qadriyatlardan deb ta’lim beradi. Ammo ba’zi kimsalar borki, ular xudbinlik, hasadgo‘ylik, va g‘arazgo‘ylik singari xastaliklar ta’sirida insonlar orasida fitna tarqatadi. Ushbu razil odat "fitnakorlik" deb ataladi va u jamiyatning parokandaligiga, begunoh insonlarning qoni to‘kilishga va Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladi.
Binobarin, Qur’oni karimda va hadisi sharifda fitnaning zarari juda qattiq ta’kidlangan. Jumladan, Alloh taolo Baqara surasining 191-oyatida: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deb uning yomonligini xabar qilgan. Ya’ni fitnaning jamiyatga yetkazadigan zarari hatto odam o‘ldirishdan ham yomonroq bo‘lishi mumkin.
Fitnakor kimsa boshqalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, yolg‘on gap tarqatish, odamlar qalbiga shubha urug‘ini ekish yoki gapni chuvalashtirib boshqalarning munosabatlariga putur yetkazish bilan shug‘ullanadi. Uning gaplari to‘g‘ridek tuyilsa-da, aslida maqsadi yomon. Bunday kimsa boshqalarning tinchini buzadi, odamlar o‘rtasiga rahna soladi, jamiyatda norozilik urug‘ini ekadi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bomdod namozidan to shom namoziga qadar vaqt ichida bo‘lib o‘tgan va bo‘ladigan barcha fitnalardan ogohlantirgan ekanlar.
Fitnakorlik ildiz otgan jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi; oilalar parokanda bo‘ladi; eru xotin, aka-uka, dugona yoki do‘st o‘rtasida adovat paydo bo‘ladi; yurtda beqarorlik yuzaga keladi; Alloh asrasin, agar fitna siyosiy, ijtimoiy yoki diniy darajada bo‘lsa, butun mamlakat tinchligiga tahdid soladi; fitnakor kimsa Allohning la’nati va azobiga duchor bo‘ladi. Chunki fitna tarqatish bu – nafaqat insonlarga, balki dini mubiynimizga ham qarshi jinoyatdir.
Shunday ekan, har bir mo‘min kishi fitnakorlikdan qochishi lozim. Buning uchun tilini ehtiyot qilib, bekorchi gap-so‘zlardan saqlanishi, behuda muhokamalarga aralashmasligi; eshitgan gapini rost yoki yolg‘onligini bilmasdan turib tarqatmasligi; odamlarning orqasidan gapirmasligi, adolatli va niyatini xolis qilishi; duogo‘y bo‘lib yoshu qariga ezgu niyatli bo‘lishi kerak.
Xullas, fitnakorlik – har qanday jamiyatni yemiruvchi xatarli illatlardan biridir. Bu illatdan qochish, uning oldini olish har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Chunki fitna bo‘lgan joyda baraka, tinchlik va do‘stlik bo‘lmaydi. Demak, biz o‘zimizdan boshlab fitnadan saqlanishimiz, boshqalarni ham undan ogohlantirib, jamiyatimizni sog‘lom va birodarlik asosida qurishga hissa qo‘shishimiz zarur.
Darhaqiqat, Rabbimiz fitnaga aralshganlarning azobi qattiq bo‘lishini aytib, bandalarini quyidagicha ogohlantirib qo‘ygan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (Anfol surasi, 25-oyat).
Mansurxon O‘ROLOV,
“No‘g‘ayqo‘rg‘on” jome masjidi imom-xatibi
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws