Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Fitnakorlik – jamiyat dushmani

13.10.2025   13439   3 min.
Fitnakorlik – jamiyat dushmani

Dinimiz insonlar o‘rtasida tinchlik, totuvlik va birodarlikni asosiy qadriyatlardan deb ta’lim beradi. Ammo ba’zi kimsalar borki, ular xudbinlik, hasadgo‘ylik, va g‘arazgo‘ylik singari xastaliklar ta’sirida insonlar orasida fitna tarqatadi. Ushbu razil odat "fitnakorlik" deb ataladi va u jamiyatning parokandaligiga, begunoh insonlarning qoni to‘kilishga va Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladi.
Binobarin, Qur’oni karimda va hadisi sharifda fitnaning zarari juda qattiq ta’kidlangan. Jumladan, Alloh taolo Baqara surasining 191-oyatida: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deb uning yomonligini xabar qilgan. Ya’ni fitnaning jamiyatga yetkazadigan zarari hatto odam o‘ldirishdan ham yomonroq bo‘lishi mumkin.
Fitnakor kimsa boshqalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, yolg‘on gap tarqatish, odamlar qalbiga shubha urug‘ini ekish yoki gapni chuvalashtirib boshqalarning munosabatlariga putur yetkazish bilan shug‘ullanadi. Uning gaplari to‘g‘ridek tuyilsa-da, aslida maqsadi yomon. Bunday kimsa boshqalarning tinchini buzadi, odamlar o‘rtasiga rahna soladi, jamiyatda norozilik urug‘ini ekadi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bomdod namozidan to shom namoziga qadar vaqt ichida bo‘lib o‘tgan va bo‘ladigan barcha fitnalardan ogohlantirgan ekanlar.
Fitnakorlik ildiz otgan jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi; oilalar parokanda bo‘ladi; eru xotin, aka-uka, dugona yoki do‘st o‘rtasida adovat paydo bo‘ladi; yurtda beqarorlik yuzaga keladi; Alloh asrasin, agar fitna siyosiy, ijtimoiy yoki diniy darajada bo‘lsa, butun mamlakat tinchligiga tahdid soladi; fitnakor kimsa Allohning la’nati va azobiga duchor bo‘ladi. Chunki fitna tarqatish  bu – nafaqat insonlarga, balki dini mubiynimizga ham  qarshi jinoyatdir.
Shunday ekan, har bir mo‘min kishi fitnakorlikdan qochishi lozim. Buning uchun tilini ehtiyot qilib, bekorchi gap-so‘zlardan saqlanishi, behuda muhokamalarga aralashmasligi; eshitgan gapini rost yoki yolg‘onligini bilmasdan turib tarqatmasligi; odamlarning orqasidan gapirmasligi, adolatli va niyatini xolis qilishi; duogo‘y bo‘lib yoshu qariga ezgu niyatli bo‘lishi kerak.
Xullas, fitnakorlik – har qanday jamiyatni yemiruvchi xatarli illatlardan biridir. Bu illatdan qochish, uning oldini olish har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Chunki fitna bo‘lgan joyda baraka, tinchlik va do‘stlik bo‘lmaydi. Demak, biz o‘zimizdan boshlab fitnadan saqlanishimiz, boshqalarni ham undan ogohlantirib, jamiyatimizni sog‘lom va birodarlik asosida qurishga hissa qo‘shishimiz zarur.
Darhaqiqat, Rabbimiz fitnaga aralshganlarning azobi qattiq bo‘lishini aytib, bandalarini quyidagicha ogohlantirib qo‘ygan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (Anfol surasi, 25-oyat).


Mansurxon O‘ROLOV,
“No‘g‘ayqo‘rg‘on” jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   3974   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar