Farg‘ona viloyatida diniy soha vakillari o‘rtasida sportning mini-futbol turi bo‘yicha “Farg‘ona viloyati hokimi kubogi” bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakilligi tizimidagi masjidlarda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy soha vakillari hamda viloyatdagi noislomiy diniy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy konfessiyalar vakillaridan tashkil topgan 16 ta jamoa ishtirok etdi.
Musobaqaning hal qiluvchi bosqichida Buvayda, Dang‘ara, Bag‘dod tumani va Quvasoy shahri jamoalari g‘oliblik uchun kurashdilar. Finalda Buvayda tumani jamoasi turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Dang‘ara tumaniga ikkinchi, Bag‘dod tumaniga esa uchinchi o‘rin nasib qildi.
Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilari Viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati