Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari
Joriy yilning 30 iyun kuni Ozarbayjon Respublikasining Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning din masalalari bo‘yicha mas’ul davlat organlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev Ozarbayjon Respublikasi Diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Ramin Mammadov bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, bu esa din sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar har ikki mamlakatda milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrash, sog‘lom diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, aholining diniy-ma’rifiy savodxonligini yuksaltirish hamda davlat va din munosabatlarini yanada takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etdilar.
Ramin Mammadov diniy tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy tahdid va chaqiriqlarga mos institutsional hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, Shushada o‘tkazilayotgan uchrashuv Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini bildirdi.
Sodiq Toshboyev tomonlar o‘rtasida umumiy ma’naviy qadriyatlarni asrash va ularni kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lida olib borilayotgan izchil siyosat alohida ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Shuningdek, tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, o‘zaro tashriflarni faollashtirish, mutaxassislar va ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, Din masalalari bo‘yicha mas’ul davlat organlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Qo‘shma bayonot ushbu yo‘nalishdagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati