O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ilk raisi, besh respublika muftiysi
Muftiylik yillari: 1943 – 1957
Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon 1858 yili Toshkent shahrida diniy ulamo oilasida tug‘ilgan.
1943 yil 20 oktyabr kuni Turkiston o‘lkasi musulmonlarining birinchi qurultoyida “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati” tashkil etildi. Ushbu yig‘ilishda ulamolar tomonidan Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon Diniy nazoratning ilk raisi hamda besh respublika muftiysi etib saylandi.
Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxonning xizmatlari:
– O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati tashkil etish tashabbuskori;
– Diniy nazoratni joylashtirish uchun Hastimom guzaridagi o‘zlarining ichkari va tashqari hovlilarini topshirgan;
– Diniy nazorat kutubxonasini tashkil etib, unga mingdan ortiq nodir kitob va noyob qo‘lyozmalarni hadya qilgan;
– 1924 yildan buyon to‘xtab qolgan haj safari 1945 yilda qayta tiklandi va 17 nafar ziyoratchi muftiy Eshon Boboxon rahbarligida haj ibodatini ado qildi;
– 1945 yilda Buxorodagi qadimiy ilm maskani “Mir Arab” madrasasi faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi;
– 1947 yili “Sovet Sharqi musulmonlari” jurnali nashr etila boshlandi;
– 1948 yili hijriy-qamariy hisob bilan musulmonlar taqvimi chop etila boshladi.
– 1957 yili Sovet Ittifoqida Qur’oni karim ilk bor chop etildi;
Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon 1957 yil 5 iyun kuni vafot etdi va “Hazrati Imom” majmuasidagi Abu Bakr Qaffol Shoshiy qabri yaqiniga dafn etildi.
#xabar #shvetsiya #muftiy
Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi “Zayd ibn Sulton al-Nahayyon” masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.
Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati