Hamyurtlarimiz ayni kunlarda Rasululloh ﷺ shaharlari — muborak Madinada ibodat va ziyoratlar bilan mashg‘ul. Muborak safarga Fatvo markazi ulamosi va tajribali ellikboshilar boshchilik qilmoqda.
Ular ziyoratchilarni Uhud tog‘i va Qubo masjidlariga olib borib, bu muborak joylarning Islom tarixida tutgan o‘rni haqida ta’sirli ma’ruzalar qildilar.
Madina havosidagi sukunat, ulamolarning qalbga kirib boruvchi so‘zlari va ziyoratchilarning ixlosli duolari — har bir insonga zavqu shavq bag‘ishlaydi.
Alloh taolo bu safardagi hamyurtlarimizning ibodat va ziyoratlarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Buxoro viloyatida jamiyatda milliy-diniy qadriyatlarni mustahkamlash, el-yurt ma’naviyati va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan diniy-ma’rifiy soha xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmonlariga muvofiq, diniy sohada samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh soha xodimlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Marosimda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy qutladi va davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan viloyat hokimligi tashabbusi asosida soha fidoyilariga maxsus vaucherlar taqdim etildi. Tadbirda so‘z olganlar davlatimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tomonidan viloyat vakilligi tasarrufida samarali xizmat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh diniy soha xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan marosimlarda bunday yuksak e’tibor va ehtirom soha fidoyilarini el-yurt farovonligi va dinimiz sofligini targ‘ib etish yo‘lidagi xayrli faoliyatga yanada kuch-g‘ayrat bilan kirishishga ruhlantirishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati