Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2026   |   26 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:42
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2026, 26 Ramazon, 1447

Juma kuni bajariladigan sunnatlar

17.10.2025   17268   5 min.
Juma kuni bajariladigan sunnatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. G‘usl qilish xushbo‘ylanish, eng chiroyli liboslarni kiyish.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki g‘usl qilib, pokiza kiyim kiysa va mushk bilan xushbo‘ylansa, masjidga shoshmasdan borsa va imom ma’ruzasini bo‘lmasdan eshitsa va namoz o‘qisa u kishi uyga o‘tgan jumadan beri qilgan gunohlaridan forig‘ bo‘lgan holda qaytadi”, dedilar.

 

2. Ertalab tongda ushbu duoni o‘qish:

“Astag‘firulloh allaziy laa ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayh”

“Hay va qayyum sifatiga ega bo‘lgan Allohdan boshqa iloh yo‘q. Unga istig‘for aytib, Unga tavba qilaman”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni ertalabki namozdan oldin: “Astag‘firulloh allaziy laa ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayh”, deb uch marta aytsa, Alloh taolo uning gunohlarini dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham, kechirib yuboradi», dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).

 

3. Ertaroq, piyoda yurib borish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim juma kuni g‘usl qilib, masjidga erta borsa, bitta tuya so‘ygandek bo‘ladi. Kim ikkinchi vaqtda borsa, xuddi bitta sigir so‘ygandek, kim uchinchi vaqtda borsa, xuddi bitta shoxdor qo‘chqor so‘ygandek, kim to‘rtinchi vaqtda borsa, xuddi bitta tovuq so‘ygandek, kim beshinchi vaqtda borsa, xuddi bir tuxum atagandek bo‘ladi. Imom (minbarga) chiqqanda esa farishtalar xutbani eshitishga hozir bo‘ladilar”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).

Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki juma kuni g‘usl qilib, masjidga yayov borsa, juma xutbasini chalg‘imasdan eshitsa va namoz o‘qisa, masjidga sari bosib o‘tgan har bir qadami uchun bir yillik (nafl) ro‘za va (nafl) tungi namozning ajri beriladi”, dedilar.

 

4. Masjidga kirishda ushbu duoni o‘qish:

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni masjidga kirsalar, eshikning kesakisidan ushlab:

“Allohummaj’alniy avjaha man tavajjaha ilayka va aqroba man taqorroba ilayka va afzola man saalaka va rog‘iba ilayk”

“Allohim, meni o‘zingga yuzlanuvchilarning yuzlanuvchirog‘i, yaqin bo‘lguvchilarning yaqinrog‘i, so‘rovchi va rag‘bat etguvchilarning afzalrog‘i qil”, deb aytar edilar» (Imom Ibn Sunniy rivoyati).

 

5. Juma kechasi va kunduzi Kahf surasini o‘qish. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi”, deganlar.

 

6. Ko‘p duo qilish. Chunki juma kunida bir soat borki, unda duolar ijobat bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom juma kunini zikr qilaturib: “Unda bir soat bor. Bir musulmon banda namozda qoim bo‘lsa va bu (ibodati) ana shu paytga to‘g‘ri kelib qolsa, Alloh unga so‘ragan narsasini beradi”, dedilar va u fursat juda oz ekanini qo‘llari bilan ko‘rsatdilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu: “U soat imom minbarga o‘tirishidan namozini tugatgungacha bo‘lgan vaqt”, degan (Imom Muslim rivoyati).

 

7. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish. Avs ibn Avs Saqafiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kunlaringizning eng yaxshisi juma kunidir. Ana shu kunda menga salavotni ko‘paytiringlar. Chunki menga shu kuni salavotlaringiz ko‘rsatiladi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Rasululloh, sizning suyaklaringiz chirib ketsa, qanday qilib ko‘rsatiladi?” deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo payg‘ambarlarning jasadlarini yeyishni yerga harom qildi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja rivoyati).

 

8. Ixlos, Falaq va Nas suralarini o‘qish. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma namozidan keyin “Qul huvallohu ahad”, “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas” suralarini yetti marta o‘qisa, Alloh taolo uni keyingi jumagacha yomonlikdan saqlaydi», dedilar. (Ibn Sunniy rivoyati).

 

9. Juma namozidan keyin Allohni ko‘p zikr qilish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Endi qachon namoz ado qilingach, yer-yuziga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringlar. Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad najot topursizlar” (Jum’a surasi, 10-oyat).

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazratlari: "Ramazonning oxirgi dahasini g‘animat bilaylik!"

13.03.2026   22371   1 min.
Muftiy hazratlari:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar. 

Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar. 

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.

Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.

Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.

Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari:
O'zbekiston yangiliklari