O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Qashqadaryo viloyati vakilligi "Haj va Umra" tadbirlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha mutaxassis Kamoliddin Temirovning padari buzrukvori Abdunazar otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Kamoliddin hoji Temirovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Bugun, 7 sentyabr kuni musulmon dunyosining eng nufuzli ilmiy muassasalaridan biri — Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi tomonidan Jidda shahrida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mazkur davlatlararo maqomga ega tashkilot a’zosi sifatida ishtirok etmoqdalar.
Ilmiy-fiqhiy kengashda musulmon olamining ko‘zga ko‘ringan ulamolari, akademiyaga a’zo davlatlarning muftiylari, yetakchi fatvo kengashlari rahbarlari, Al-Azhar singari yirik ilm dargohlarining olimlari hamda nufuzli tadqiqot markazlari professorlari qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar xotin-qizlarni har qanday shakldagi tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishlardan himoya qilishda din peshvolari hamda ulamolarning o‘rnini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhitni shakllantirishda ilmiy-shar’iy manbalarning ahamiyati haqida nutq qilmoqdalar. Shuningdek, Islom dini ayollar huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini yuksak darajada qadrlashini targ‘ib qilishga alohida urg‘u qaratmoqdalar.
Anjuman tafsilotlarini tarmoqlarimizda kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati