Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra va Abu Said Xudriy roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Mo‘minga biror kasallikmi, kulfatmi, g‘ammi, tashvishmi, xafalikmi yetsa, hatto tikan kirib og‘ritsa ham, albatta, Alloh xatolariga kafforot qiladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati