Bismillahir Rohmanir Rohiym
Izzattalablik
Insondagi nafsi ammora o‘zining azaliy tabiatiga ko‘ra dunyoni yaxshi ko‘radi, o‘zini yuqori sanab, buyruq va farmon berishga o‘ch bo‘ladi. Shuning uchun u barcha odamlarga o‘z hukmini o‘tkazib, unga muhtoj bo‘lishlarini istaydi. Lekin ayni paytda uning o‘zi hech ham birovga muhtoj bo‘lishni xohlamaydi. Bu esa Yaratgan bilan ilohlikni talashish va sheriklikni da’vo qilishdir. Shuning uchun ham nafsning xohishlari to‘xtatilmasa yo‘lida duch kelganni tishlovchi quturgan itga o‘xshab qoladi.
Izzattalablikning davosi
Biz doimo aftodahol va kamtarin bo‘lishimiz, boshqalarni o‘zimizdan yaxshi deb bilishimiz, Allohning homiyligiga muhtoj holda Undan panoh istashimiz va izlashimiz, amrlariga itoatkor bo‘lib, bandalik burchimizni bajarishimiz zarurdir. Shariat belgilagan halolu haromlarni farqlashimiz, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini mahkam tutishimiz, yaxshi amallarni ado etishda niyatni to‘g‘rilab, mo‘ljalni aniq olishimiz, ichki dunyoimizni poklashga qattiq intilishimiz, odob-axloqimizni yaxshilashga harakat qilishimiz, o‘z xato-kamchiliklarimizni payqashimiz, o‘zimizda gunohlar hukmron ekanligini sezishimiz, shuningdek, shuhrat, obro‘, nom va maqtovlaridan qat’iyan qochishimiz lozim. Zero, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
“Diniy yoki dunyoviy hayoti tufayli odamlarni barmog‘i bilan ko‘rsatishi o‘sha insonning yomonligiga kifoyadir. Magaram Alloh saqlagan kishi bundan mustasno” (Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan, Imom Termiziy rivoyati).
Janobimiz imom ibn Mashish quddisa sirruhu deydilar:
“Ko‘nglingni dunyoviy boylikka, ayollarga, izzattalablikka va kuchli nafsoniy his-tuyg‘ularga haddan tashqari muhabbat qo‘yishidan saqla. Allohning berganiga rozi bo‘l!”.
Nafsimizning “sening to‘playotgan molu dunyoing aslida dinning rivojiga, musulmonlarga yordam berish uchundir”, qabilidagi makru hiylasi ham bizni aldab qo‘ymasin. Chunonchi, din ishi – Allohning ishidir. Uning o‘zigina din va shariatga rivoj berib, e’tiborini oshiradi. Qolaversa, cheksiz qudrat egasi bo‘lgan Alloh mazkur dinni himoya qilish majburiyatini ham O‘z zimmasiga olgandir.
Alloh marhamat qiladi: “Ular Allohning nurini (ya’ni islomni) og‘izlari (ya’ni behuda gaplari) bilan o‘chirmoqchi bo‘ladilar. Alloh esa garchi (kofirlar) xohlamasalar-da, faqat O‘z Nurini to‘la (ya’ni har tarafga) yoyishni istaydi” (Tavba surasi, 32-oyat).
Bu “zolim va adolatsiz kimsalar o‘zlarining gap-so‘zlari bilan Alloh qudratining ifodasi bo‘lgan shariatni yo‘q qilmoqchilar”, deganidir. Biroq ular bunga har qancha urinmasinlar, Alloh taolo hikmatlar xazinasi bo‘lgan shariati nurini O‘zi himoya qiladi.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Yurtimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida xayrli ishlar qilinmoqda. Xususan, har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Zero, jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz-murabbiylarni har doim hurmatlashimiz zimmamizdagi burchlardan.
Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.
Bir kishi Rumiyning oldiga ta’ma bilan kelib: "Shahrimizda Shams Tabriziyni ko‘rdim", dedi. Mavlono ustozi haqidagi xabardan suyunib, egnidagi xirqasini haligi kishining yelkasiga yopdi. Buni ko‘rganlar xabar beruvchining yolg‘onchi ekaniga shahodat berishdi. Mavlono ularga dedi: "Men xirqamni uning yolg‘oniga berdim. Agar xabari chin bo‘lsa, jonimni berardim".
Bir ustoz bunday hikoya qiladi: Magistratura talabalaridan biri ma’ruza oxirida menga: «Doktor, darsdagi ma’ruzangizni eshitgan paytimizda uni tushunamiz va keyingi darsingizni intizorlik bilan kutamiz. Lekin uyga qaytib, darsliklarni o‘qisak, siz ma’ruza qilgan paytdagidek ruhiyatni topmaymiz» dedi. Men unga: «Asalari asalni nimadan oladi?» dedim. U: «Gullar shirasidan», dedi. Men: «Agar sen o‘sha gullarning birortasidan yesang, ta’mi qanday bo‘ladi?» dedim. U: «Achchiq bo‘ladi», dedi. Shunda men dedim: «Ustozning vazifasi ham shunga o‘xshaydi. Ustozlar “achchiq gullar”dan shirin va foydali “asal” chiqarib, talabalari oldiga qo‘yishadi», dedim.
Darhaqiqat, ustoz va murabbiylarning maqomlari ana shunday ulug‘ sanaladi. Ular ummatga, millatga asalari misoli xizmat qiladi. Shunday ekan, ularni haqqi ila ehtirom qilishda Parvardigori olam barchamizni sobit qilsin.
Barcha ustozlarga yaqilashib kelayotgan kasb bayramlari muborak bo‘lsin!
Xo‘jaobod tumanidagi “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.