Islom insonlarni mo‘tadillik va o‘rta yo‘lga da’vat etadigan dindir. Unda haddan oshishga ham, bee’tiborlikka ham o‘rin yo‘q. Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda: “Diningizda haddan oshmang va Allohga nisbatan haqdan boshqani aytmang” (Niso surasi, 171-oyat)
Bu oyat orqali musulmonlarga ulkan saboq berilgan. Dinda haddan oshib, chuqurlashish yoki g‘uluv ketish xatarli illatdir.
“G‘uluv” chuqurlashish, haddan oshish ma’nolarini anglatadi. Dinda g‘uluv insonning shariatda belgilangan chegaradan chiqib, bir masalaga haddan ortiq darajada berilib chuqur ketishini bildiradi.
Bunday holat ko‘pincha yaxshi niyat bilan boshlanadi. Dinga ko‘proq amal qilish, taqvodor bo‘lish niyatida o‘zi bilmagan holda chegaradan chiqish yuz beradi. Lekin vaqt o‘tishi bilan niyat bid’at va zalolatgacha olib borishi mumkin.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom g‘uluvdan qat’iy qaytarganlar. Bir hadisda shunday deyiladi:
“Ey Odamlar, dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar! Sizlardan oldingilarni dinda g‘uluvga ketish halok qildi” (Ibn Moja, Nasoiy va Ahmad rivoyati).
Boshqa hadisda esa: “Nasorolar Isoni maqtaganidek, meni maqtamanglar. Men haqimda faqat: “U Allohning bandasi va elchisidir,” deb aytinglar” (Buxoriy rivoyati).
Bu hadislar shunga dalilki, Rasululloh alayhissalom muhabbatda ham mo‘tadil bo‘lishni buyurganlar.
G‘uluvning ko‘rinishlari:
Islom dini mo‘tadillikdir. Alloh taolo ummati Muhammadni shunday vasflagan:
“Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun sizlarni o‘rta ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat).
Oyatda musulmonlar har bir ishda, xususan, dinda ham o‘rta yo‘lni tanlashiga chaqirilmoqda. Bu yo‘l – sunnat yo‘lidir.
G‘uluv – yaxshi niyat bilan boshlansa ham, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunday ekan islomning yo‘li ibodat va ilmda mo‘tadillikdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
jome masjidi imom-xatibi
Alloh taolo odamzodga aql, es-hushga qo‘shib did, farosat degan ulug‘ ne’matlarni berganki, ularni ishlatgan, ishlata olgan kishi har doim hamma joyda e’zoz va qadr topgan. Illo, ishlata olmagan kishining o‘zidan boshqalarni ayblashi ayni ahmoqlik, johillik va nodonlikdir.
Qur’oni karimni oyoqlari ostiga olib tepkilayotganini tasvirga tushirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan kimsaning xatti-harakatlari yurtimiz mo‘min-musulmonlarining nafratini uyg‘otdi, g‘azabini keltirdi. Rost-da, aqlli, sog‘lom kishi shunday ishni qilishi u yoqda tursin, hatto xayoliga ham keltirishining o‘zi dahshatli-ku.
Islom shiorlari ulug‘lanadi, diniy masalalarga nafaqat har bir musulmon, ayni paytda barcha kishilar hurmat bilan munosabatda bo‘lishi ham odamiylik nuqtayi nazaridan, ham huquqiy jihatdan zarurdir.
Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxaralash, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining dindan chiqishiga sabab bo‘ladi (Alloh asrasin!).
Islom ta’limotiga ko‘ra, “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkati alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi. Mus'hafi sharif, oyati karimalar ko‘chirilgan varaqlar shularning eng old safida turadi.
Alloh taolo Islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib etgan va ularni toptash, masxaralashdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32 oyat), – deb xitob qilgan.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: «“Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi”. Shunda Cavbon roziyallohu anhu: “Yo Racululloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Qur’oni karimning darajasi shu qadar ulug‘ki, hatto Mus'hafni tahoratsiz ushlab bo‘lmaydi. Qur’onni ushlamoqchi bo‘lgan odam tahoratli bo‘lishi vojibdir. Alloh taolo: «Uni faqat poklanganlargina ushlaydir», degan (Voqea surasi, 79-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni pok odamgina ushlaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Shuningdek, Alloh taoloning Kitobini uning mavqeiga munosib, chiroyli g‘ilofda saqlash vojibligi, tozaligiga etibor qaratish, munosib joyga qo‘yish ham vojibdir.
Ulamolar: “Qur’oni karimni axlatga tashlagan odam kofir bo‘ladi”, deyishgan. Kalomullohning hurmatini joyiga qo‘ymaydigan odamga Mus'hafni sotish harom.
“Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim”da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mus'haf dushmanning qo‘liga tushib qolish xavfi bo‘lsa, Mus'haf bilan dushman yerlariga safar qilishdan qaytarganlari keltirilgan.
Ulamolarning fatvolarida bunday deyiladi: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoqosti qilsa, shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Biz Qur’oni karimni ulug‘lashni solih salaflardan o‘rganishimiz kerak. Imom Qatoda rahimahulloh: “Qur’oni karim o‘qiganimdan buyon piyoz yemadim”, degan bo‘lsa, Imom Mujohid rahimahulloh: “Qur’on o‘qiyotib sizni esnoq tutib qolsa, esnog‘ingiz ketgunicha o‘qimay turing”, degan.
Allohninrg oyatlarini oyoqosti qilayotgan kimsalar nahotki Imom Navaviy rahimahullohning: “Kimdir sizga Mus'haf bersa, uni tik turgan holda oling. Chunki ulamo va aziz kishilar kelganda turish mustahab sanaladi. Mus'haf (uchun turish) avloroqdir”, deganini anglamasa...
Qur’oni karimni xorlash, masxaralash, qadrini yerga urish kofir va munofiq kimsalarning ishidir. Bu haqda oyati karimada bunday deyiladi: “Kofir bo‘lganlarga bu dunyo ziynatli qilib qo‘yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo‘lganlar ulardan balanddirlar” (Baqara surasi, 212-oyat).
Islom shiorlarini, xususan, Qur’oni karimni masxara qilish mo‘minga ham, sog‘lom aql egasiga ham mutlaqo yarashmaydi. Ayniqsa, mamlakatimiz aholisining asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qilar ekan, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarini hurmat qilish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchidir.
Tolibjon NIZOM