Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

“Diningizda haddan oshmang”

27.10.2025   7387   2 min.
“Diningizda haddan oshmang”

Islom insonlarni mo‘tadillik va o‘rta yo‘lga da’vat etadigan dindir. Unda haddan oshishga ham, bee’tiborlikka ham o‘rin yo‘q. Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda: “Diningizda haddan oshmang va Allohga nisbatan haqdan boshqani aytmang” (Niso surasi, 171-oyat)

Bu oyat orqali musulmonlarga ulkan saboq berilgan. Dinda haddan oshib, chuqurlashish yoki g‘uluv ketish xatarli illatdir.

“G‘uluv” chuqurlashish, haddan oshish ma’nolarini anglatadi. Dinda g‘uluv insonning shariatda belgilangan chegaradan chiqib, bir masalaga haddan ortiq darajada berilib chuqur ketishini bildiradi.

Bunday holat ko‘pincha yaxshi niyat bilan boshlanadi. Dinga ko‘proq amal qilish, taqvodor bo‘lish niyatida o‘zi bilmagan holda chegaradan chiqish yuz beradi. Lekin vaqt o‘tishi bilan niyat bid’at va zalolatgacha olib borishi mumkin.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom g‘uluvdan qat’iy qaytarganlar. Bir hadisda shunday deyiladi:

“Ey Odamlar, dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar! Sizlardan oldingilarni dinda g‘uluvga ketish halok qildi” (Ibn Moja, Nasoiy va Ahmad rivoyati).

Boshqa hadisda esa: “Nasorolar Isoni maqtaganidek, meni maqtamanglar. Men haqimda faqat: “U Allohning bandasi va elchisidir,” deb aytinglar” (Buxoriy rivoyati).

Bu hadislar shunga dalilki, Rasululloh alayhissalom muhabbatda ham mo‘tadil bo‘lishni buyurganlar.

G‘uluvning ko‘rinishlari:

  1. Shaxslarga nisbatan haddan oshish – ba’zi insonlarni haddan ortiq maqtab, ularni xato qilmaydigan darajaga olib chiqadilar. Insonga ta’rif berganda, men bu insonni mana shunday, deb hisoblayman deyish, o‘rta yo‘ldir.
  2. Ibodatda chuqur ketish – jismga yomon ta’sir qilsa ham tun bo‘yi uxlamay ibodat qilishni taqvodorlik deb hisoblash. Rasululloh alayhissalom bu holatni ma’qullamaganlar.
  3. Boshqalarni kofirga chiqarish – o‘z fikriga qo‘shilmagan musulmonni “dindan chiqqan” deb aytish ham g‘uluvning eng xavfli ko‘rinishidir.

Islom dini mo‘tadillikdir. Alloh taolo ummati Muhammadni shunday vasflagan:

“Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun sizlarni o‘rta ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat).

Oyatda musulmonlar har bir ishda, xususan, dinda ham o‘rta yo‘lni tanlashiga chaqirilmoqda. Bu yo‘l – sunnat yo‘lidir.

G‘uluv – yaxshi niyat bilan boshlansa ham, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunday ekan islomning yo‘li ibodat va ilmda mo‘tadillikdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

20.08.2026   57308   6 min.
O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

Bugun aziz Vatanimizning har bir farzandining yuragi hapqirib turibdi. Negaki, biz Ona-yurtimizning eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini, O‘zbekiston Respublikasi istiqlolini qo‘lga kiritganining 35 yillik shodiyonalarini katta tantana qilayapmiz. 

Jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning diniy qadriyatlari, milliy an’analari nihoyatda bisyor, beqiyos va betakror bo‘lsa-da, qutlug‘ ayyom arafasida dorilomon kunlarga yetkazgani uchun yana va yana shukr qilish maqsadida bu yil Mustaqilligimizni 35 yilligini nishonlayotganimiz uchun faqat 35 tasinigina zikr qilmoqchimiz:

 

 

  1. Oila muqaddasligi – jamiyatning mustahkam asosi.
  2. Ota-onaga hurmat – ota-onani e’zozlash va ularning xizmatlarini qadrlash.
  3. Mehmondo‘stlik – mehmonni ochiq chehra va ochiq ko‘ngil bilan kutib olish.
  4. Mehnatsevarlik – halol mehnat va kasb-hunarni qadrlash.
  5. Kattalarga hurmat – oqsoqollar va nuroniylarni e’zozlash.
  6. Tinchliksevarlik – tinch-totuv hayotga intilish.
  7. An’analarni asrash – milliy urf-odat va udumlarni saqlash hamda davom ettirish.
  8. Ma’naviyat – yuksak axloq va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat.
  9. Poklik – uyda, kiyimda, tanada va ko‘ngilda ozodalikka rioya qilish.
  10. Dasturxon saxovati – mehmonni saxovat va mehr bilan kutib olish.
  11. Qo‘shnichilik qadriyatlari – mahallada ahillik va o‘zaro yordam.
  12. Yordamga tayyorlik – yaqinlar va muhtojlarga muruvvat ko‘rsatish.
  13. Kamtarinlik – odobli va kamtarona hayot kechirish.
  14. Yosh avlodga g‘amxo‘rlik – farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor berish.
  15. Ayollarga hurmat – ona, rafiqa, opa-singillarni qadrlash.
  16. Ta’limga intilish – ilm olish va bilimni qadrlash.
  17. Or-nomus – halollik va vijdon bilan yashash.
  18. Marosimlarga rioya – milliy marosim va oilaviy udumlarni e’zozlash.
  19. So‘zga sodiqlik – va’daga vafo qilish.
  20. Matonat va sabr – qiyinchiliklarga bardosh bilan yondashish.
  21. Hunarmandchilikni qadrlash – milliy hunar va ustachilik an’analarini asrash.
  22. Tabiatga mehr – yer, suv va atrof-muhitni avaylash.
  23. Bag‘rikenglik – turli millat, din va madaniyat vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.
  24. Odob-axloq – yuksak muomala madaniyatiga amal qilish.
  25. Milliy bayramlarni e’zozlash – Navro‘z, hayitlar va Mustaqillik bayramini qadrlash.
  26. Adolat – halollik, tenglik va qonun ustuvorligini qadrlash.
  27. Milliy musiqa va raqslar – ajdodlardan meros bo‘lgan san’atni asrash.
  28. Til va madaniyatni asrash – o‘zbek tili va milliy merosni e’zozlash.
  29. Vatanparvarlik – Vatanni sevish va uning ravnaqiga hissa qo‘shish.
  30. Millatlararo totuvlik – turli millat va elat vakillari o‘rtasida ahillikni mustahkamlash.
  31. Jamoaviylik – hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik.
  32. Minnatdorchilik – qilingan yaxshilikni qadrlash.
  33. Ustozga hurmat – ustozlarni e’zozlash va ularning mehnatini qadrlash.
  34. Milliy kiyimlar – milliy madaniyat va odob timsoli sifatida qadrlash.
  35. Ajdodlarga hurmat – tarixiy meros va milliy ildizlarni e’zozlash.

* SIZ yana qo‘shishingiz mumkin...

*** ENG  muhimi:  yo‘qotib qo‘yishdan oldin  ularning  QADRIGA  yetish !!!

 

  1. Qur’oni karim oyati karimalari;
  2. Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadisi shariflari;
  3. dinimiz asoslari;
  4. shariatimiz ahkomlari;
  5. sharqona odoblarimiz;
  6. mazhabimiz me’yorlari;
  7. jamiyatshunoslik aloqalari;
  8. odamgarchilik munosabatlari;
  9. insoniy tuyg‘ular;
  10. ruhshunoslik sir-asrorlari;
  11. yurtimiz urf-odatlari;
  12. o‘zbekchilik qoidalari;
  13. madaniyatimiz axloqlari;
  14. insoniy aql va axloqiy normalar;
  15. dono maqollarimiz;
  16. milliy an’analarimiz;
  17. diniy qadriyatlarimiz;
  18. xalqimiz ong-tafakkuri;
  19. millatimiz mentaliteti,
  20. an’anaviy falsafasi;
  21. o‘zbek xalqining ilg‘or qadriyatlari;
  22. ulug‘larimiz hikmatlari;
  23. dono xalqimiz dunyoqarashi;
  24. musulmonchiligimiz ko‘rsatmalari

 

a s o s    v a    n ye g i z l a r i d a

 

  • ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari  va  noyob  hikmatlari,
  • buyuk  ota-bobolarimizdan  eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari  va betakror hikoyalari,
  • mehribon  ota-onalarimizdan  o‘rganib  kelayotgan gavhar o‘gitlari va  mislsiz  so‘zlari,
  • elimiz  tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
  • jannatmakon  yurtimiz – muqaddas  Vatanimiz  ta’lim  maskanlarida  taralayotgan  durdan  a’lo fanlar va beqiyos bilimlar,
  • zamonaviy olimlarning bilimlari, turli soha mutaxassislarining  ajoyib  kashfiyotlari,
  • bugungi  kunda  va doim  kerak bo‘ladigan  hayotiy  masalalar, dolzarb  mavzular,  qiziqarli  ma’lumotlar  hamda xalqimiz orasida  e’tirof etilgan mezonlar
  •  
  •  

 

Bu ro‘yxatni yana ko‘plab davom ettirish mumkin... Biroq fikrimizni muxtasar qilgan holda Allohdan O‘zbekiston xalqining bunday fazilatlari yanada ko‘payishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimizga sihat-salomatlik, oilalarimizga baxt-saodat so‘rab qolamiz. 

 

Alloh taboraka va taolo har bir xonadonga sog‘lik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, ilohiy fayz-baraka, ko‘pdan-ko‘p yaxshiliklar ato etsin!

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti hamda masjidu-madrasalarimizni obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizning dono rahbarliklari ostida, hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni doimo turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Mehribon Parvardigorimiz O‘zi – eshitib turuvchi, ko‘rib turuvchi va bilib turuvchi Zot! Hammalarimizning dillarimizdagi niyatlarimizni, qalbimizdagi orzularimizni va barcha hojatlarimizni o‘ylaganimizdan ham afzali-ziyodasi bilan ravo qilsin!

Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar, muvaffaqiyatlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!

 

         Ibrohimjon domla INOMOV