Islom insonlarni mo‘tadillik va o‘rta yo‘lga da’vat etadigan dindir. Unda haddan oshishga ham, bee’tiborlikka ham o‘rin yo‘q. Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda: “Diningizda haddan oshmang va Allohga nisbatan haqdan boshqani aytmang” (Niso surasi, 171-oyat)
Bu oyat orqali musulmonlarga ulkan saboq berilgan. Dinda haddan oshib, chuqurlashish yoki g‘uluv ketish xatarli illatdir.
“G‘uluv” chuqurlashish, haddan oshish ma’nolarini anglatadi. Dinda g‘uluv insonning shariatda belgilangan chegaradan chiqib, bir masalaga haddan ortiq darajada berilib chuqur ketishini bildiradi.
Bunday holat ko‘pincha yaxshi niyat bilan boshlanadi. Dinga ko‘proq amal qilish, taqvodor bo‘lish niyatida o‘zi bilmagan holda chegaradan chiqish yuz beradi. Lekin vaqt o‘tishi bilan niyat bid’at va zalolatgacha olib borishi mumkin.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom g‘uluvdan qat’iy qaytarganlar. Bir hadisda shunday deyiladi:
“Ey Odamlar, dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar! Sizlardan oldingilarni dinda g‘uluvga ketish halok qildi” (Ibn Moja, Nasoiy va Ahmad rivoyati).
Boshqa hadisda esa: “Nasorolar Isoni maqtaganidek, meni maqtamanglar. Men haqimda faqat: “U Allohning bandasi va elchisidir,” deb aytinglar” (Buxoriy rivoyati).
Bu hadislar shunga dalilki, Rasululloh alayhissalom muhabbatda ham mo‘tadil bo‘lishni buyurganlar.
G‘uluvning ko‘rinishlari:
Islom dini mo‘tadillikdir. Alloh taolo ummati Muhammadni shunday vasflagan:
“Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun sizlarni o‘rta ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat).
Oyatda musulmonlar har bir ishda, xususan, dinda ham o‘rta yo‘lni tanlashiga chaqirilmoqda. Bu yo‘l – sunnat yo‘lidir.
G‘uluv – yaxshi niyat bilan boshlansa ham, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunday ekan islomning yo‘li ibodat va ilmda mo‘tadillikdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
jome masjidi imom-xatibi
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati