Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Sentabr, 2026   |   13 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:12
Peshin
12:15
Asr
16:30
Shom
18:21
Xufton
19:36
Bismillah
24 Sentabr, 2026, 13 Rabi`us soni, 1448

Hadislarning sahobalardan keyingi davrda jamlanishi

27.10.2025   5644   3 min.
Hadislarning sahobalardan keyingi  davrda jamlanishi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sahobalardan keyin hadislarni to‘plash tarixi ham juda keng va ma’lumotlarga boy. Hadislarni rivoyat qilgan har bir sahobiy o‘zidan eshitganlarini to‘plagan ko‘plab talabalarga ega edi. Sahobalarning o‘quvchilari “tobein” deb atalardi.

Aksariyat tobeinlarning to‘plagan hadislari umumiy bir mavzuga bag‘ishlanmagan. Ammo ularning ba’zilari hadislarni mavzular ostida jamlagan. Bu tartibda yozilgan ilk hadis kitobi Imom Shab’ining “Al-Abvob” kitobidir. Bu kitob turli bo‘limlarga bo‘lingan. Har bir bo‘lim zakot, namoz kabi bir mavzuga oid hadislarni o‘z ichiga olgan.

Bundan tizimli ravishda yozilgan ilk hadis kitobi ilk hijriy asrdayoq mavjud bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Boshqa bir kitob Hasan Basriy (vaf. 110) tomonidan yozilgan bo‘lib, unda Qur’oni karim tafsir va sharhlariga oid hadislarni jamlangan. Bu bir mavzu asosida tizimli yozilgan ilk kitob edi.

Tobeinlar davrida hadislarni to‘plash rasmiy ravishda halifa Umar ibn Abdulaziz (99-101)ning buyrug‘i bilan amalga oshdi. U hukmdorligi ostidagi barcha voliylarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari va ularning shogirdlaridan hadis to‘plab, ularni alohida kitobga yozishga buyruq berdi[1].

Bu rasmiy amrning natijasida bir qancha hadis kitoblarining yozilishiga va butun mamlakat bo‘ylab tarqalishiga erishildi. Ibn Shihob Zuhriy bu davrda hadis to‘plash borasida yo‘lboshchilardan biri edi. U ko‘plab kitoblar yozdi.

Ushbu davrda yozilgan qo‘lyozmalar odatda, har qanday fanning rivojlanishida bo‘lgani kabi, keyinchalik yozilgan katta hadis kitoblariga kiritilgan.

Shunday qilib, hijriy 2-3 asrlarda yozilgan katta kitoblar o‘z o‘rnini egalladi va tobora keng qamrovli, batafsil va to‘liq bo‘lib bordi. Ular shu qadar keng tarqaldiki, tobeinlarning kitoblari sahnadan g‘oyib bo‘ldi, biroq ulardan ba’zilari saqlanib qolgan va keyingi kitoblarni solishtirish va tasdiqlash uchun foydalanildi.

Tobeinlar zamonida yozilgan kitoblardan biri, Abu Hurayra roziyallohu anhuning o‘zidan eshitgan hadislarni o‘z ichga olgan, uning shogirdlaridan biri Hammon ibn Munabbih (vaf. 101/719) sahifasidir. Bu kitob hozirda “As-Sahifa as-Sahiha” deb nom qozongan. Bu kitobning barcha hadislari, keyingi hadis to‘plamlaridan joy olgan. Buning to‘liq matni Ahmad ibn Hanbalning (vaf. 241/855) Musnad kitobida keltirilgan. Kitobning asl nusxasi mavjud emas va ancha oldin yo‘qolgan.

1954 yilda bu kitobning ikki yozma nusxasi Doktor Muhammad Hamidulloh tomonidan Berlin va Damashq kutubxonalaridan topildi va to‘liq shaklda, muqaddima bilan nashr qilindi. Doktor Muhammad Hamidulloh uzoq asrlar avval yozilgan bu yozuvlarni tadqiq qildi. Shu bilan birga bu matnlarni Imom Ahmadning Musnadidagi rivoyatlar bilan solishtirib chiqdi. Ikki matn orasida hech qanday bir farq topilmadi. Faqatgina bir xil kitobning ikkita qo‘lyozmasida uchraydigan bir nechta kichik tafovutlar bundan mustasno.

Bu tobeinlar to‘plagan kitoblar keyingi hadislar to‘plamlarida juda ehtiyotkorlik bilan kiritilganligini isbotlaydi.

"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi


[1] Fath al-boriy. J. 1. – B. 174.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

ULAR ASALARI MISOLIDIR

24.09.2026   1487   2 min.
ULAR ASALARI MISOLIDIR

Yurtimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida xayrli ishlar qilinmoqda. Xususan, har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Zero, jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz-murabbiylarni har doim hurmatlashimiz zimmamizdagi burchlardan.

Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.

Bir kishi Rumiyning oldiga ta’ma bilan kelib: "Shahrimizda Shams Tabriziyni ko‘rdim", dedi. Mavlono ustozi haqidagi xabardan suyunib, egnidagi xirqasini haligi kishining yelkasiga yopdi. Buni ko‘rganlar xabar beruvchining yolg‘onchi ekaniga shahodat berishdi. Mavlono ularga dedi: "Men xirqamni uning yolg‘oniga berdim. Agar xabari chin bo‘lsa, jonimni berardim".

Bir ustoz bunday hikoya qiladi: Magistratura talabalaridan biri ma’ruza oxirida menga: «Doktor, darsdagi ma’ruzangizni eshitgan paytimizda uni tushunamiz va keyingi darsingizni intizorlik bilan kutamiz. Lekin uyga qaytib, darsliklarni o‘qisak, siz ma’ruza qilgan paytdagidek ruhiyatni topmaymiz» dedi. Men unga: «Asalari asalni nimadan oladi?» dedim. U: «Gullar shirasidan», dedi. Men: «Agar sen o‘sha gullarning birortasidan yesang, ta’mi qanday bo‘ladi?» dedim. U: «Achchiq bo‘ladi», dedi. Shunda men dedim: «Ustozning vazifasi ham shunga o‘xshaydi. Ustozlar “achchiq gullar”dan shirin va foydali “asal” chiqarib, talabalari oldiga qo‘yishadi», dedim.

Darhaqiqat, ustoz va murabbiylarning maqomlari ana shunday ulug‘ sanaladi. Ular ummatga, millatga asalari misoli xizmat qiladi. Shunday ekan, ularni haqqi ila ehtirom qilishda Parvardigori olam barchamizni sobit qilsin.

Barcha ustozlarga yaqilashib kelayotgan kasb bayramlari muborak bo‘lsin!

 

Xo‘jaobod tumanidagi “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.

Maqolalar