Allohning do‘stlaridan bizgacha g‘ibatning qanchalik qabihligi, xavfliligi va yomon oqibatlari haqida o‘ta qadrli va ibratli pandu nasihatlar yetib kelgan. Albatta, bu so‘zlar birodarlarga shu ishlarning o‘ta yomon ekanligini anglatib, undan uzoq yurishlarini ta’kidlash uchun aytilgandir. Mazkur hikmatli eslatmalardan ba’zilarini biz ham shoyadki kimlarnidir g‘aflatu jaholatdan uyg‘otar, degan ma’noda zikr qilishni o‘rinli deb bildik.
1. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
“...Gunoh bobida kishiga bir musulmon birodarini kamsitishining o‘zi kifoya qiladi. Musulmon uchun, birodarining qoni, mol-mulki va obro‘sini to‘kishi haromdir” (Imom Muslim rivoyati).
2. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
“G‘iybatdan saqlaning! G‘iybat zinodan ham yomondir. Zero, kishi zino qilib, oxiri tavba qilsa, Alloh afv etishi mumkin. G‘iybatchiga keladigan bo‘lsak, Alloh uni g‘iybat qilingan kishi kechirmagunicha afv etmaydi” (Jobir va Abu Sa’iddan rivoyat qilingan, Ibn Abu Dunyo rivoyati)
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
“Chaqimchilar jannatga kirmaydilar” (Imom Muslim rivoyati).
4. Hazrati Payg‘ambar Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
– Sizlarga Allohning yomon bandalari kimlar ekanliklari haqida xabar beraymi?
Sahobiylar javob berdilar:
– Ha, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam!
Janobimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar:
– Chaqimchilik qilib yuruvchilar, do‘stlarning orasini buzuvchilar hamda begunoh kimsalarga tuhmat qiluvchilar! (Imom Buxoriyda ham shu mazmunda kelgan).
5. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Hayo pardasini yirtgan kishini gapirishlik g‘iybatga kirmaydi” (Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan, Bayhaqiy rivoyati).
6. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
“Fosiqdan ogohlantirish — bu g‘iybat emas” (Imom Tabaroniy rivoyati).
7. Solihlardan birlari aytgan ekanlar:
“Odamlarni g‘iybat qilayotgan kishi go‘yo o‘ziga manjaniq tiklab barcha yaxshiliklarini mag‘ribu mashriqqa otayotgan kimsaga o‘xshaydi”.
8. Sufyon Savriy rahmahullohu alayhdan Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Go‘shtni qattiq yaxshi ko‘radigan xonadon sohiblariga Alloh g‘azab qiladi”, degan hadisi ma’nosini so‘radilar. U zot bu hadisda boshqalarni g‘iybat qilishni o‘zlariga ravo ko‘rib, ularning “go‘shtini yeydiganlar” ko‘zda tutilgan deya sharhladilar.
9. Hasani Basriy quddisa sirruhuga xabar berdilar:
– Falonchi siz haqingizda yomon so‘z aytdi.
U solih zot g‘iybat qilganga bir patnis shirinlik yuborib, shu so‘zlarni ham yetkazishlarini marhamat qildilar:
“Menga o‘z yaxshiliklaringizni armug‘on etganingiz ma’lum bo‘ldi, shuning uchun imkonim boricha minnatdorlik bilan sizni taqdirlashga qaror qildim”.
10. Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh quddisa sirruhu huzurlarida g‘iybat haqida so‘zlashganida u zot shunday dedilar:
“Agar kimnidir g‘iybat qilishni o‘zimga ravo ko‘rganimda, buning uchun ota-onamni tanlagan bo‘lardim, chunki yaxshiliklarimni olishga eng haqlisi ulardir”.
11. Imom ibn Atoulloh quddisa sirruhu dedilar:
“Birortasining aqlu farosatini sinamoqchi bo‘lsang, undan kimningdir shaxsini so‘rab, o‘zini qanday tutishiga e’tibor qil. Bordiyu eslangan odamning kamchiligini gapirib, u haqda taxminan: “Uni qo‘yaver, u unday, u bunday va falon xildagi yomon ishlarni qilgan...” – deydigan bo‘lsa, bilginki, bunday odamning aqlida noqislik bor, uning ichki dunyosi xarobdir. Negaki, mo‘min kishi o‘zining dindosh birodarining obro‘sini saqlashga harakat qilishi kerak edi”.
12. Bir arab shoiri shunday yozadi:
“Tig‘ yarasi tezroq bitar, so‘z yarasi uzoq ketar”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men bir hadis o‘qib qoldim. Unda otaga imomlik qilib bo‘lmaydi, deyilgan. Otaga imomlik qilib bo‘lmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan hadis emas, balki tobeinlarning ulug‘ olimlaridan bo‘lgan Ato ibn Abu Raboh rahimahullohga mansub gapdir. U zot o‘z so‘zlarini otaga ehtirom ko‘rsatish, uning oldida odob bilan turishga targ‘ib ma’nosida aytganlar. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra har bir masjidda unga tayinlangan doimiy imomi eng haqli bo‘ladi. Hatto otasi yoki undan ko‘ra faqih yoki taqvodorroq odam turganda ham u imomlikka o‘tishga haqli bo‘laveradi.
Shuningdek, namoz qoidalari va qiroatni namozni ado etadigan darajada biladigan inson o‘z uyida imomlikka o‘tishda boshqalardan ko‘ra haqli hisoblanadi. Bu holatda ota va boshqalar teng bo‘ladi. Faqatgina sulton yoki uning noibi uy egasi va masjid imomidan ko‘ra haqli sanaladi. Inson yoki doimiy imom o‘zi haqli bo‘lsa-da, o‘sha yerda undan afzalroq odam bo‘lsa, unga imomlikka o‘tishni taklif qilishi mustahab sanaladi.
Demak, farzand o‘z uyida yoki o‘zi imom bo‘lgan masjidda imomlikka o‘tishi otadan ko‘ra haqli bo‘lsa-da, unga taklif qilish yoki uning ruxsati bilan o‘zi o‘tishi afzal va odob hisoblanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi