Qizim sen katta bo‘layotganingdan emas, balki tezda ulg‘ayib, boshqa bir xonadonga kelin bo‘lib ketishingdan, seni har kuni ko‘ra olmaslikdan ichimda bir xavotirmi, sog‘inchmi – nimadir bor. Axir kechagina go‘dak eding, bugun qizaloqqa aylanding. Ertaga...
Har kuni so‘zlaring ravonlashib, fikrlashing teran bo‘lmoqda. Qizim, sen ulg‘ayganing sayin mening ko‘nglim kichrayib bormoqda. Sen bilan ko‘proq vaqtimni o‘tkaza olmayapman...
Qizim, men o‘rgatolmaganimni hayotdan o‘rganasan. Shuni bilginki, ota qiziga tanbeh bersa, bu uning qizini yomon ko‘rishini anglatmaydi. Otalar qizlarini juda yaxshi ko‘rishadi. Jim turganida ham qizining kelajagi haqida o‘ylayotgan bo‘ladi.
Ota shodlansa, buning sababi ko‘proq farzandlarining yutug‘i bo‘ladi. Otaning sha’ni – borlig‘i qizi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Balog‘atga yetishing, munosib juftingni topib, ummatga, millatga xizmat qiladigan farzandlarga ona bo‘lishingni tilayman!
Bilginki, necha yoshga kirsang ham men seni xuddi hozirgiday yaxshi ko‘raman! Menga seni ne’mat qilib bergan Zotga omonat bo‘l, qizim.
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Baxtsizlik haddidan oshsa bilki, u tezda ketar,
Tun zulmati shiddatlansa unga nurli tong yetar.
Siz o‘z chiroyingiz bilan Quyoshdan ham go‘zalroq, xulq-atvoringiz bilan mushk-anbardan xushbo‘yroq, kamtarligingiz bilan to‘lin oydan balandroq va muloyimligingiz bilan mayin yomg‘irdan ham yoqimliroqsiz. Shunday ekan, iymon bilan go‘zalligingizda, qanoat bilan roziligingizda va satri avrat bilan iffatingizda bardavom bo‘ling.
Shuni bilingki, sizning bezaklaringiz tilla-kumush yoki olmoslar emas, balki, sahar vaqtidagi ikki rakat namozingiz, jaziramadagi Alloh uchun tutgan ro‘zangiz, faqatgina Alloh biladigan maxfiy sadaqangiz, xatolaringizni yuvadigan qaynoq ko‘z yoshlaringiz, joynamozdagi uzundan-uzoq sajdalaringiz hamda nafsingiz va shayton sizni yomonliklarga buyurgan vaqtdagi Allohdan qilgan hayoyingiz sizning haqiqiy zeb-ziynatingizdir.
Ustingizga taqvo libosini kiying, shunda kiyimlaringiz yamoqlangan bo‘lsada dunyodagi eng go‘zal ayol bo‘lasiz. Avratlaringizni berkiting, shunda oyoq kiyimsiz bo‘lsangizda dunyodagi eng chiroyli inson bo‘lasiz. O‘zingizni axloqsiz, fahsh ishlarga berilgan, behayo va jodugar ayollar hayotidan saqlang. Chunki ular haqiqiy baxtiqaro insonlardir.
Shu’la: Hayotingizdagi zulmat vaqtlarida o‘zingizgina ko‘nglingizda umid chiroqlarini yoqishingiz mumkin.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan