Qizim sen katta bo‘layotganingdan emas, balki tezda ulg‘ayib, boshqa bir xonadonga kelin bo‘lib ketishingdan, seni har kuni ko‘ra olmaslikdan ichimda bir xavotirmi, sog‘inchmi – nimadir bor. Axir kechagina go‘dak eding, bugun qizaloqqa aylanding. Ertaga...
Har kuni so‘zlaring ravonlashib, fikrlashing teran bo‘lmoqda. Qizim, sen ulg‘ayganing sayin mening ko‘nglim kichrayib bormoqda. Sen bilan ko‘proq vaqtimni o‘tkaza olmayapman...
Qizim, men o‘rgatolmaganimni hayotdan o‘rganasan. Shuni bilginki, ota qiziga tanbeh bersa, bu uning qizini yomon ko‘rishini anglatmaydi. Otalar qizlarini juda yaxshi ko‘rishadi. Jim turganida ham qizining kelajagi haqida o‘ylayotgan bo‘ladi.
Ota shodlansa, buning sababi ko‘proq farzandlarining yutug‘i bo‘ladi. Otaning sha’ni – borlig‘i qizi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Balog‘atga yetishing, munosib juftingni topib, ummatga, millatga xizmat qiladigan farzandlarga ona bo‘lishingni tilayman!
Bilginki, necha yoshga kirsang ham men seni xuddi hozirgiday yaxshi ko‘raman! Menga seni ne’mat qilib bergan Zotga omonat bo‘l, qizim.
Akbarshoh Rasulov
Inson tanasidagi eng hayratli alomatlardan biri – uning barmoq izlaridir.
Agar ikki egizak bir tuxumdan yaralgan bo‘lsa – zero ba’zi egizaklar ikki tuxumdan, ba’zilari esa bir tuxumdan yaraladi – hatto shunday holatda ham ularning barmoq izlari bir-biridan mutlaqo farq qiladi.
Bu haqiqatga Alloh subhanahu va taolo O‘zining aziz Kitobida ishora qilib shunday marhamat qiladi:
“Inson Bizni, uning suyaklarini jamlay olmas, deb o‘ylarmi? Ha, Biz uning barmoq uchlarini ham asl holiga keltirishga qodirmiz” (Qiyomat surasi, 3–4-oyatlar).
Zamonaviy ilm-fan barmoq izlarida yuzga yaqin o‘ziga xos alomat borligini aniqladi. Agar ikki barmoq izida ana shu yuz alomatdan o‘n ikkitasi o‘zaro mos kelsa, u holda bu ikki iz bir insonga tegishli deb qabul qilinadi.
Tasodifan ikki barmoq izining bir xil chiqish ehtimoli esa oltmish to‘rt milliarddan bittadir. Ya’ni yer yuzida oltmish to‘rt milliard inson yashagan taqdirda ham, shundagina bir juft barmoq izining o‘xshab qolish ehtimoli paydo bo‘ladi. Holbuki, dunyo aholisi 8 milliardni tashkil etadi, xolos.
Barmoq izlarining shakli ham favqulodda murakkabdir. Unda yoylar, egri chiziqlar, burilishlar, burchaklar, tarqalishlar, mayda chiziqlar, chuqurchalar va tarmoqlanishlardan iborat noyob tuzilish mavjud.
Ayrim tibbiyot muassasalarida bir barmoq izi namoyish qilinib, uning ostiga o‘n besh mingta boshqa barmoq izi qo‘yilganida ham, ulardan ikkitasi hatto yetti nuqtada ham mutlaq o‘xshash chiqmagan.
Barmoq izi inson ona qornida bo‘lganidayoq, homilaning oltinchi oyida shakllana boshlaydi va inson o‘lguniga qadar o‘zgarmasdan saqlanadi.
Yana ham hayratlisi shuki, agar barmoq uchidagi teri butunlay olib tashlansa, uning o‘rnida qayta o‘sib chiqqan yangi terida avvalgi barmoq izining o‘zi yana paydo bo‘ladi.
Ayrim jinoyatchilar barmoq izlarini yo‘qotish uchun jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazganlar. Ular barmoq terisini kesib tashlab, boshqa joydan olingan terini ko‘chirib o‘tkazganlar. Ammo oradan bir necha oy o‘tgach, avvalgi barmoq izlari yana qayta namoyon bo‘lgan.
Chunki bu – Alloh taolo insonga bergan ilohiy muhrdir. Uni bashar quvvati yo‘q qilib tashlay olmaydi.
Qiyomat kuni Alloh taolo insonlarni qayta tiriltirganida ham ana shu chiziqlar, chuqurchalar, tarmoqlar va mayda belgilar yana avvalgi holiga qaytariladi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ha, Biz uning barmoq uchlarini ham asl holiga keltirishga qodirmiz” (Qiyomat surasi, 4-oyat).
Bu – Alloh taoloning buyuk oyatlaridan biridir. Inson hali ona qornida ekan, bu naqshlar qanday yaratiladi? Keyin inson o‘lganidan so‘ng Alloh taolo ularni qanday qilib yana avvalgi holiga qaytaradi?
Bu savollarning o‘zi inson qalbini tafakkurga, aqlni esa Yaratuvchining qudrati haqida mulohaza qilishga chorlaydi.
Zamonaviy ilm-fan yana bir hayratli haqiqatni kashf etdi: insonning ko‘z gavhari – ya’ni ko‘zning rangli qismi ham har bir insonda o‘ziga xos bo‘lib, u ham shaxsni aniqlashda barmoq izi kabi noyob belgi vazifasini bajaradi.
Demak, inson tanasidagi har bir a’zo, har bir chiziq, har bir hujayra va har bir biologik belgi – Alloh taoloning qudratiga dalolat qiluvchi tirik oyatdir.
Muhammad Rotib Nabulsiyning
Qur’on va sunnatdagi
ilmiy mo‘jizalar
ensiklopediyasidan
Mir Arab oliy madrasasi
o‘qitvchisi
Abdurahmonov
Abdulhodiy
tarjima qildi