Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, Haj va umra bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy kabi soha mas’ullari “Haj–2026” mavsumida hamyurtlarimiz istiqomat qilishi ko‘zda tutilgan mehmonxonalarni atroflicha o‘rganmoqdalar.
Sharoit va qulayliklar tahlil qilinmoqda
Mehmonxonalarni ko‘zdan kechirish jarayonida binolarning umumiy imkoniyatlari va ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar sinchiklab o‘rganildi. Jumladan:
– Foyelarning kengligi va harakatlanish qulayligi;
– Liftlar soni va kengligi;
– Xonalardagi sharoit, o‘rinlar soni va jihozlar holati;
– Oshxona sig‘imi, tibbiyot va ishchi guruhlari uchun ajratilgan xonalar — barchasiga alohida e’tibor qaratildi.
Har bir xona — ziyoratchi qulayligi uchun
O‘rganish chog‘ida har bir xonada yuklar joylashtirish va harakatlanish uchun yetarli joy mavjudligi, yuvinish xonalari, kiyim javonlari, yozuv stoli, televizor, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz va Qur’oni karim bilan ta’minlangani, shuningdek, sanitariya va gigiyena talablariga to‘liq rioya etilganiga e’tibor berildi.
Joylashuv qulayligi ham baholandi
Mehmonxonalarning Harami sharif, Mino, Arafot kabi haj arkonlari ado etiladigan muqaddas hududlarga yaqinligi hamda transport qatnovining qulayligi delegatsiya diqqat markazida bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida mutasaddilar tomonidan Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining hamkorlik talablarini inobatga olgan holda, ushbu tartib-qoidalarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlab o‘tildi.
“Haj – 2026” mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning huzurlanib, xotirjam ibodat etishlari uchun amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari — Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri — oliy qadriyat” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotganining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi