Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Noyob qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi tuzilmoqda

07.11.2025   9814   2 min.
Noyob qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi tuzilmoqda

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bilan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasi fondida saqlanayotgan asarlarning elektron katalogini tuzish bo‘yicha amaliy tadqiqot loyihasi amalga oshirilmoqda. 
 

Ushbu loyihaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent islom instituti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston milliy arxividagi yetuk ilmiy malaka va salohiyatga ega bo‘lgan 15 nafar mutaxassis jalb qilingan. 


2025 yilning 1 oktyabridan O‘zbekiston musulmonlar idorasida loyiha doirasidagi amaliy ishlar boshlandi. Grant loyiha doirasida ikki yil davomida O‘zbekiston musulmonlar idorasi kutubxonasi fondida saqlanayotgan 3 065 jild asarlar majmuasining uch tildagi (o‘zbek, ingliz va arab tillari) elektron katalogi yaratiladi. Shuningdek, fonddagi asarlarning elektron katalogi yaratilishi bilan bir qatorda bir qancha ilmiy ishlar ham bajarilishi ko‘zda tutilgan. 


Yuqorida zikr etilgan ishlarni samarali tashkil etish maqsadida 2025 yil 6 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlar idorasida loyiha ishtirokchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Kutubxona bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov va boshqalar ishtirok etdi. 


Majlisda loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar doirasida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.


10 oktyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida loyiha doirasida seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti bo‘lim boshlig‘i Hamidulla Lutfillayev asarlarning elektron katalogini tuzish jarayonida manbalar bilan ishlashda mutaxassis e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar borasida ishtirokchilarga  ma’ruza qilib berdi. Shuningdek, mutaxassislar o‘zaro fikr almashishdi.


Joriy yilning 14 oktyabridan e’tiboran loyihaga jalb etilgan mutaxassislar O‘zbekiston musulmonlari idorasi fondida saqlanayotgan manbalar katalogini tuzish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborishgan. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Noyob qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi tuzilmoqda Noyob qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi tuzilmoqda Noyob qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi tuzilmoqda Noyob qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi tuzilmoqda Noyob qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi tuzilmoqda
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   12551   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari