O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1989 yildagi qaroriga binoan “Usmon Mus'hafi” O‘zbekiston musulmonlari idorasiga berilgan. Shundan buyon “Usmon Mus'hafi” Diniy idora kutubxona muzeyi – “Muyi Muborak” madrasasida saqlanib kelinmoqda. 2007 yilda hukumatimiz tomonidan "Mo‘yi Muborak" madrasasi qaytadan zamonaviy qilib to‘liq ta’mirlandi.
Varaqlar o‘lchami: 53x68 sm.
Varaqlar soni: 338 varaq.
Matnlar o‘lchami turlicha: 33x39; 36x46; 38x46.
Ma’lumot o‘rnida “Usmon Mushafi” (dunyoda “Toshkent Qur’oni” nomi bilan tanilgan) dunyo sivilizatsiyasi tarixidagi eng nodir manba. Muborak Qur’oni karim uchinchi halifa hazrati Usmon ibn Affon (tax. 575-656 y.) (r.a.) buyruqlariga asosan VII asrda (644-648 yy.) kiyik terisiga Hijoz xatida yozilgan va muqovalangan.
“Toshkent Qur’oni” – “Hazrati Imom” majmuasi tarkibiga kiruvchi “Mo‘yi Muborak” madrasasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi muzeyida saqlanadi.
Islom tarixidan ma’lumki, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning vahiy ko‘chiruvchi kotiblari Zayd ibn Sobit (615-665 y.) boshchiliklaridagi sahobalar tomonidan 6 dona Qur’on nusxasi ko‘chirilgan.
Ushbu Mus'haf 338 varaqdan iborat. Har bir sahifa hajmi 53x68 sm.ni tashkil etadi. Halifa Usmon (r.a.) aynan shu Qur’onni o‘qib o‘tirganlarida shahid bo‘lganlar. U kishining muborak qon izlari Baqara surasining 137 - ( فسيكفيكهم الله و هو السميع العليم...) oyatida saqlanib qolgan.
Hijoz xati bitilgan matn harakat va nuqtalardan holi, kiyik terisiga yozilgan, harflar qirrali emas, “alif”larning uchi o‘ngga sezilarli darajada burilgan.
“Usmon Mus'hafi” 1997 yil Xalqaro YUNЕSKO tashkilotining “Memory of the World” (Dunyo Xotirasi) ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqda 28.08.2000 yilda maxsus sertifikat berilgan.
“Usmon Mus'hafi” buyuk bobomiz Amir Temur hazratlari tomonidan XIV asrda Iroqdan Samarqandga olib kelingan. Mus'haf uzoq yillar Samarqanddagi "Nodir Devonbegi" madrasasida saqlangan. Chor Rossiyasi tomonidan O‘rta Osiyo bosib olingandan so‘ng, Turkiston General-gubernatori Fon-Kaufman 1869 yilda Mus'hafni Sankt-Peterburgga berib yuborgan. 1905 yilda Sankt-Peterburgda 50 dona nusxa ko‘chirilgan. 1917 yilda Rossiyadagi o‘zgarishlardan so‘ng Usmon Mus'hafi Toshkent va Sirdaryo ulamolari talabiga muvofiq dastlab 1923 yilda Ufaga, so‘ng "Mus'hafi Usmon"ni O‘zbekistonga qaytarib berish to‘g‘risidagi maxsus dekretga asosan 1924 yilda Toshkentga qaytarib olib kelingan va O‘zbekiston davlat tarixi muzeyida saqlangan. 1989 yili Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etilgan.
Kamoliddin Mahkamov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Kutubxona bo‘limi boshlig‘i
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati