1. Dardga shifo izlash.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Davolaninglar! Alloh azza va jalla qaysi bir dardni bergan bo‘lsa, uning shifosini ham bergan”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
2. Gunohlar mag‘firat qilinishiga umid qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat – horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am – g‘ussami, hattoki tikan kirishimi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, deganlar.
3. Ushbu duoni o‘qish.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom barcha kasalliklarga va isitma chiqqanida:
“Bismillahil Kariym, a’uzu billahil aziym, min sharri kulli hirqin nahhar vamin sharri harrin nar”
“Buyuk Allohning ismi bilan boshlayman. Ulug‘ Allohning nomi ila tomirdan shovullab oquvchi qonning va do‘zax o‘tining yomonidan panoh tilayman”, deb aytishni o‘rgatganlar (Imom Ibn Sunniy rivoyati.)
Davron NURMUHAMMAD
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati