Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi vakilliklar, masjidlar va ularga yaqin hududlarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga befarq bo‘lmaslik, tabiatni asrab-avaylash maqsadida kuzgi daraxt ekish ishlari jadallik bilan amalga oshirildi. Mazkur xayrli ishlar soha xodimlari o‘rtasida "Tabiat – Alloh taoloning omonatidir" shiori ostida o‘tkazildi. Zotan, xalqimizda ming yillardan beri davom etib kelayotgan go‘zal an’analar, urf-odatlarimiz borki, ular dinimiz bizga ta’lim bergan go‘zal axloq, odamiylik, o‘zaro muhabbat, hamjihatlik, obodonlashtirish kabi oliyjanob ishlarni o‘z ichiga oladi.
Dinimiz Islomda ham daraxt ekish juda katta savobli, barakali va payg‘ambarlar sunnatlariga muvofiq amalligi ko‘p bora aytilgan. Qur’on va hadislarda bu amalning fazilatlari bayon qilingan. Jumladan: “Biror musulmon daraxt eksa yoki ekin eksa, undan odam, hayvon yoki qush yesa, bu uning uchun sadaqa bo‘ladi” deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur savobli amalning ijrosi uchun bel bog‘lagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, Toshkent shahri va viloyatlar vakilliklari o‘z hududlari hamda Respublikamizdagi 2147 ta masjid hududida bosh imom-xatiblar boshchiligida joylardagi mahalla faollari tomonidan jami 32 ming 670 tup daraxt ko‘chatlari ekildi. Shundan 22 ming 775 tasi manzarali, 9 ming 632 tasi mevali ko‘chat hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish mumkinki, ko‘chat ekish muddati navdan, iqlimdan va ko‘chatning turidan kelib chiqib farqlanadi. Biroq, odatda ko‘chat ekish uchun eng yaxshi vaqt kuzdan bahorgacha bo‘lgan oraliq hisoblanadi. Chunki bu davrda ko‘chatlar yaxshi tomirlagan holda tuproqqa obdon o‘rnashib, yozgi issiqlarga chidamli bo‘lib yetishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati