Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ ثَوْبَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَالَ إِذَا أَصْبَحَ وَإِذَا أَمْسَى: رَضِيْنَا بِاللهِ رَبًّا وَبِالْإِسْلَامِ دِينًا وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولًا إِلَّا كَانَ حَقًّا عَلَى اللهِ أَنْ يُرْضِيَهُ.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim tong otganda va kech kirganda: “Roziynaa billahi Robban va bil Islami diynan va bi Muhammadin Rosulan” desa, albatta, Alloh uchun uni rozi qilish haq bo‘lur», dedilar.
Duoning ma’nosi: Allohni Robb deb, Islomni din deb va Muhammadni Rasul deb rozi bo‘ldik.
“Hadis va hayot” kitobining 35-juzidan
Bugun, 28 aprel kuni Surxondaryodagi Imom Termiziy madrasasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi Arab tili va balog‘ati fani o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Husanboy Qirg‘izov, viloyat hokimi o‘rinbosari Abdurasul Abdurahmonov, viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev, shuningdek, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rinni "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Karamatdin domla Najimatdinov egalladi. U 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin sohibi bo‘lgan Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Komilxon domla Boqiyev 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘ringa sazovor bo‘lgan "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi A’zam domla Saminovga esa 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Shuningdek, "Xadichai Kubro" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Mohira Nigmatova tanlovning faol ishtirokchisi deb topilib, diplom va smart televizor bilan taqdirlandi.
Qolgan ishtirokchilarga ham faxriy yorliq va qimmatbaho hadyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati