Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ ثَوْبَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَالَ إِذَا أَصْبَحَ وَإِذَا أَمْسَى: رَضِيْنَا بِاللهِ رَبًّا وَبِالْإِسْلَامِ دِينًا وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولًا إِلَّا كَانَ حَقًّا عَلَى اللهِ أَنْ يُرْضِيَهُ.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim tong otganda va kech kirganda: “Roziynaa billahi Robban va bil Islami diynan va bi Muhammadin Rosulan” desa, albatta, Alloh uchun uni rozi qilish haq bo‘lur», dedilar.
Duoning ma’nosi: Allohni Robb deb, Islomni din deb va Muhammadni Rasul deb rozi bo‘ldik.
“Hadis va hayot” kitobining 35-juzidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Hozirgi kunda yangi qurilayotgan uylarga to‘lov qilib sotib olayotgan xaridor uyni qabul qilmasdan turib, uni sotishi mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Xaridor to‘lov qilgan uyini quruvchidan to‘liq qabul qilib olmasdan turib, sotishi mumkin emas. Chunki unga berilishi kerak bo‘lgan uy hali qurilmagan bo‘lsa, yo‘q narsani sotgan bo‘ladi. Qurilgan, lekin xaridorga topshirilmagan bo‘lsa, mulkida bo‘lmagan narsani sotgan bo‘ladi. Islom shariatiga ko‘ra yo‘q narsani ham, mulkida bo‘lmagan narsani ham sotish taqiqlanadi. Shu bois xaridor uyni quruvchidan to‘liq qo‘lga kiritgandan keyingina sotishi mumkin bo‘ladi.
Shunday bo‘lsada, hozirgi kunda islom moliyasi sohasida parallel istisno’ deb atalayotgan amaliyot orqali ushbu savdoni joiz qilish mumkin. Lekin bu biroz murakkab amaliyot hisoblanadi. Shuning uchun bu yo‘l bilan oldi-sotdi qilmoqchi bo‘lganlar mazkur savdo turini yaxshi biladigan mutaxassisga bevosita uchrashib, masalani to‘liq bilib olgandan keyin qilishlari lozimdir. Aks holda yuqorida aytilgan taqiqlangan ishni qilib qo‘yadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.