Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Biz oyat-alomatlar (mo‘jizalar)ni baraka deb bilar edik, sizlar esa ularni qo‘rqinch bilan qabul qilasiz. Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safarda edik. Suvimiz tugab qoldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ozgina suv topib kelinglar”, dedilar. Bir idishda ozgina suv olib kelishdi. Rasululloh idishga qo‘llarini tiqdilar, so‘ngra: “Kelinglar, muborak suvga kelinglar, Alloh azza va jalladan baraka bo‘ldi”, dedilar.
Shunda men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barmoqlari orasidan suv qaynab chiqayotganini ko‘rdim. Darhaqiqiat, biz taom yeyilayotgan vaqtda tasbih aytganini eshitganmiz” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyat qilganlar).
Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy Abu Usayddan rivoyat qilganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhuning haqlariga duo qilganlarida eshikning kesakisi va uyning devorlari “omiyn”, “omiyn” deb turgan.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Buxoro tumanida “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Imom Buxoriy” jome masjidida boshlangan muloqotlarda viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, diniy soha xodimlari, otinoyilar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tuzilgan ishchi guruhlar hududdagi 6 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, xayrli amallar amalga oshirildi. Jumladan, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, bemorlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, nizoli va muammoli oilalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida bir nechta xonadonlarda yarashuvga erishildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida masjid hovlisiga manzarali va mevali ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa, “G‘uncha” bolalar bog‘chasiga uyushtirilgan tashrif jajji bolajonlarga haqiqiy bayram quvonchini ulashdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Naqshband.uz