Samarqand viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Ey bandalarim” nomli yangi kitobiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur ma’rifiy anjumanda viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, shuningdek Urgut tumanida xizmat qilayotgan imom-xatiblar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Xayrullo domla Sattarov Muftiy hazratlarining ushbu asari haqida batafsil ma’lumot berdi. U kishining ta’kidlashicha, “Ey bandalarim” kitobi qalb tarbiyasi, ma’naviy yuksalish va insonning islamiy axloq-odobini yuksaltirishga qaratilgan muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, asarning o‘ziga xos mazmun-mohiyati, tarbiyaviy ahamiyati va o‘quvchiga beradigan ruhiy ta’siri haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Taqdimot ma’rifiy muloqotlar va kitob atrofidagi fikr almashinuvlar bilan davom etdi.
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati