Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan imom-xatiblar va imom noiblari uchun navbatdagi maxsus "Tajvid darslari" boshlandi.
Bugun, 19 noyabr kuni Sirdaryo viloyatida "Tajvid darslari"ning ilk mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu dars oldidan "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i, o‘n qiroat sohibi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum tajvid ilmining fazilati va uning imomlik vazifasidagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov imom-xatiblar va imom noiblar uchun tashkil qilingan bunday "Tajvid darslari" yurtimizda ilm ahlining darajasini yanada oshirishini ta’kidladi.
Sirdaryo viloyatida Abdusamad qori Mamasoliyev amaliy mashg‘ulot olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati