Bir taksichi yurtidagi bir boy odamni manziliga yetkazdi. Boy odam tabloda ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘ladi. U taksidan tushayotganida taksichi unga: “Bilasizmi, kecha o‘g‘lingizni bir manzilga olib borib qo‘ygandim. U menga tabloda ko‘rsatilganidan ancha ko‘proq pul berdi. Nega siz undan ham boy bo‘laturib bunday qilmadingiz?”
Boy odam taksichiga kulimsirab qaradi: “Siz nimani kutgan edingiz? O‘g‘lim otasi boy bo‘lgani uchun shunday qilgandir, men esa yetim o‘sganman”, deb tushib ketdi.
Ha, kimki o‘z mehnati bilan daromad topsa, uni qadrlaydi. Kimgaki katta mablag‘ qiyinchiliksiz kelsa, uni keraksiz o‘rinlarga ham sarflaydi. Shunday ekan, bolalarimizga mehnat bilan erishishni o‘rgatsak, ular to‘g‘ri tasarrufni o‘zlari o‘rganib oladi.
Akbarshoh Rasulov
7–8 sentabr kunlari Indoneziya Haj va Umra vaziri Muhammad Irfon Yusuf boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni temir yo‘l vokzalida viloyat hokimi o‘rinbosari B.Shahriyorov, A.Qalandarovlar boshchiligidagi mutasaddilar kutib oldi.
Hokim o‘rinbosari B.Shahriyorov, A.Qalandarov , turizm boshqarmasi boshlig‘i A.Rajabov va bosh imom-xatib J.Elov ishtirokidagi uchrashuvda Buxoroning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, muqaddas qadamjolar va allomalar merosini targ‘ib qilish, ziyoratchilar oqimini oshirish hamda yangi ziyorat turizmi yo‘nalishlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Jakarta–Buxoro yo‘nalishida charter va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Imom al-Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband merosini Indoneziyada targ‘ib qilish maqsadida Jakartadagi oliy ta’lim muassasalari va turistik kompaniyalarda ma’ruza hamda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish taklif qilindi.
Delegatsiya Bahouddin Naqshband majmuasi va Buxoroning tarixiy markazlari bilan tanishib, shaharning ziyorat turizmi salohiyati haqida ma’lumot oldi.
Tashrif — Buxoro va Indoneziya o‘rtasidagi ziyorat turizmi, diniy-ma’rifiy hamda madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati