2025 yil 23 noyabr kuni Polsha Respublikasi, Varshava shahridagi “Raszyn” masjidida yurtdoshlarimiz bilan samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdilar.
Suhbat davomida ustoz xususan hanafiy mazhabida mahkam turish, uzoq yurtda yashashlariga qaramay milliy an’ana va qadriyatlarimizni unutmaslik haqida ta’sirli fikrlar bildirdilar. Shuningdek, oila, qarindoshlar va vatan bilan bog‘liqlikni asrash har bir musulmon uchun muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, kelgusida ham har qanday shubha yoki diniy savollar paydo bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo‘limiga Telegram: @fatvo_call_1 / @fatvo_call_2
WhatsApp: +998 91 780 66 33 murojaat qilish tavsiya etildi.
Suhbat nihoyasida ustoz Zayniddin domla barcha yig‘ilgan yurtdoshlar uchun baraka, tinchlik, imon-e’tiqod mustahkamligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati