2025 yil 23 noyabr kuni Polsha Respublikasi, Varshava shahridagi “Raszyn” masjidida yurtdoshlarimiz bilan samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdilar.
Suhbat davomida ustoz xususan hanafiy mazhabida mahkam turish, uzoq yurtda yashashlariga qaramay milliy an’ana va qadriyatlarimizni unutmaslik haqida ta’sirli fikrlar bildirdilar. Shuningdek, oila, qarindoshlar va vatan bilan bog‘liqlikni asrash har bir musulmon uchun muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, kelgusida ham har qanday shubha yoki diniy savollar paydo bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo‘limiga Telegram: @fatvo_call_1 / @fatvo_call_2
WhatsApp: +998 91 780 66 33 murojaat qilish tavsiya etildi.
Suhbat nihoyasida ustoz Zayniddin domla barcha yig‘ilgan yurtdoshlar uchun baraka, tinchlik, imon-e’tiqod mustahkamligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zA xabariga ko‘ra, tadbirda Samarqand viloyat hokimi Adiz Boboyev, Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov, Indoneziya Respublikasining Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf so‘zga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.
Majmua qayta qurilishi jarayonida uning atrofida yigirmadan ortiq mehmonxona, sayyohlar uchun zamonaviy infratuzilma tashkil etildi.
240 o‘rinli “Hadith Hotel” indoneziyalik investorlar bilan hamkorlikda barpo etilgan bo‘lib, Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi joylashtirish vositalarining eng yirigi, shu bilan birga, ilk besh yulduzli mehmonxona hisoblanadi. Mehmonxonada zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilib, xalqaro mehmonxona standartlari milliy mehmondo‘stlik an’analari va ziyoratgoh odobi bilan uyg‘unlashtirilgan.
Tadbir doirasida Samarqand viloyat hokimi Adiz Boboyev hamda Indoneziya Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda indoneziyalik ziyoratchilarni Samarqandga keng jalb qilish, “Umra+” dasturi asosida maxsus avia qatnovlarni yo‘lga qo‘yish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Bundan avval majmua hududida barpo etilgan mehmonxonalardan biri indoneziyalik tadbirkor tomonidan sotib olinib, ushbu davlatdan keladigan ziyoratchilarni qabul qilish uchun imkoniyatlar yaratilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati